03.02.2023
586

XOJA MUHAMMAD BOBO SAMOSIY

Xoja Muhammad Bobo Samosiy taxminan VII/XIII asr o‘rtalarida Buxoro yaqinidagi Samos qishlog‘ida dunyoga kelgan.

U o‘rta bo‘yli, bug‘doyrang, nazari o‘tkir, qat’iy fikrli, yuzidan nur yog‘ilib turadigan zot edi. U umrining oxirigacha Xoja Ali Romitaniy xizmatida bo‘lib, ustozining bog‘idagi daraxtlarga qaragan. Xojagon silsilasining boshqa pirlari kabi Xoja Muhammad Bobo Samosiyning ham kasb-kori bog‘bon bo‘lib, o‘z halol mehnati orqali kun o‘tkazgan. U Samos qishlog‘idagi bog‘ida o‘zi mehnat qilib, turli mevalar, jumladan, uzum yetishtirgan. 

Xoja Muhammad Bobo Samosiyning otasi Sayyid Abdulloh asli  Xurosonga qarashli Durun qishlog‘idan bo‘lib, Payg‘ambar (s.a.v.) avlodlaridan, imom Muso Kozim (r.a.) naslidan edi. “Matlabut-tolibin” asarida Samosiyning dastlab o‘z qishlog‘ida tahsil olgani, keyin esa otasi ko‘rsatmasiga binoan Buxoroga kelgani qayd etilgan. 

Mazkur manbada aytilishicha, u Buxoroga kelishi hamonoq o‘ziga murshid izlab xojagon silsilasining uchinchi piri Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy huzuriga oshiqadi, Xoja Mahmud esa uning tarbiyasini Xoja Ali Romitaniyga topshiradi. Samosiy doimo o‘z piri yonida yurib, turli joylarga, jumladan, Xorazmga ham boradi. Natijada Romitaniyning ulug‘ xalifalaridan biriga aylanadi. Xoja Ali Romitaniy o‘limi oldidan Xoja Muhammad Bobo Samosiyni o‘z o‘rniga qoldirib, barcha murid va xalifalar tarbiyasini unga topshiradi. Xoja Muhammad Bobo Samosiy o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samos qishlog‘ida muridlar tarbiyalashga kirishadi.

U zot aksar talabalarini o‘zi izlab topar, shogirdlariga mehri baland edi. Bir kuni kurash maydoni oldidan o‘tayotib, Amir Kulol ismli pahlavonni ko‘rib qoladi. Nariroq yurib, polvonga nazar soladi va uni ma’naviy maydonga tortadi... Shundan so‘ng Amir Kulol kurashni tashlab, hazratning xizmatiga kiradi.

Bobo Samosiyning Amir Kuloldan boshqa yana ko‘plab murid va izdoshlari bo‘lib, ularning eng mashhurlari Xoja Muhammad So‘fiy Suxoriy, Xoja Mahmud Samosiy (Bobo Samosiyning o‘g‘li), Hazrat Mavlono Ali Donishmandlardir. 

Manbalarda hikoya qilinishicha, Xoja Muhammad Bobo Samosiy hali Bahouddin Naqshband tug‘ilmasidan uning dunyoga kelishi va “zamona peshvosi” bo‘lishini aytadi. U tug‘ilgach, uni ma’naviy farzandlikka qabul qilib, Sayyid Amir Kulol tarbiyasiga topshiradi. Voqea manbalarda quyidagicha zikr etiladi: “Hazrat Muhammad Bobo Samosiy huzuriga yangi tug‘ilgan Bahouddin Naqshbandni olib kelganlarida, chaqaloqni ko‘rsatib, Amir Kulolga deydi: “Bu biznikidir. Uni ma’naviy farzandlikka qabul ayladik. Avval aytganimiz, tariqatimiz kelajagi bo‘ladigan shaxs, inshaalloh, shudir. Qishloq bundan so‘ng Qasri Orifon bo‘lajak. Ey Amir Kulol! Bu yo‘rgakdagi o‘g‘lim Bahouddinni senga havola etaman. Uning zohir va botin tarbiyasida hech kamchilikka yo‘l qo‘ymagin!”

Jomiyning “Nafaxotul-uns” kitobida ta’kidlanishicha, Bobo Samosiy o‘z kulohini Bahouddin Naqshbandga in’om etgan. Bahouddin Naqshband uylanish uchun sovchilikka yo‘llash maqsadida Samosiy bilan uchrashadi. Bobo Samosiy o‘shanda Naqshbandning valiylik darajasiga erishganiga guvoh bo‘ladi.

Bahouddin Naqshband yoshligini eslab, shunday degan: “Yoshim o‘n sakkizga yetgach, men faqirni uylantirmoqchi bo‘ldilar va Boboning muborak qadamlari manzilimizga yetishi hamda marosimda qatnashishlari uchun bobom meni Samosga – Xoja Bobo Samosiy huzuriga yubordilar. Hazratning nuroniy diydorlari menga nasib etdi. Birinchi karomat o‘sha kechasi niyozmandlik va tamom tazarru’ bilan hazratning suhbati shariflaridan paydo bo‘lgan edi. O‘rnimdan turib, Hazratning masjidiga bordim, unda ikki rakat namoz o‘qidim va boshimni sajdaga qo‘yib: “Iloho, balo yukingni ko‘tarmoqqa menga quvvat ber va muhabbating mehnatini chekmoqqa o‘zing tahammul ato aylagaysen!” dedim.

Bomdod vaqti Hazrati Bobo hujralariga borganimda ul zot mening ko‘nglimdan kechgan duoni karomat ila payqab, dedilarki: “Ey farzand, duoni bundoq qilmaydurlar, balki: “Iloho, sening rizoing nedur – anda meni tut”, derlar. Chunki Alloh taolo o‘z hikmati bilan do‘stlaridan biriga balo yubormoqchi bo‘lsa, o‘z inoyati bilan ul baloni ko‘tarish quvvatini ham ato etgay va buning hikmatini uning o‘ziga zohir aylagay. Ixtiyor ila balo so‘ramoq joiz emas, bu gustohlikdur!”      

Andin so‘ng taom hozir qilindi. Hazrat tanovuldan so‘ng qo‘limga non tutqazib: “Buni ehtiyotlab tut!”, dedilar. Shunda mening xayolimda: “Hozir-ku, to‘yib ovqatlandik, bu nonga ne zarurat bor ekan?”, degan fikr kechdi. Hazrat Xoja Bobo Samosiyga ko‘nglimda kechgan fikr ayon bo‘ldi va menga dedilar: “Bu nonni ehtiyot qil. Behuda fikrlarni ko‘nglingdan chiqarib tashla, xayolingni parishon etma, uni jilovlab tur!”, dedilar.

Shundan so‘ng bir darvesh kulbasiga yetdik. U darvesh Hazrat Boboni benihoya xursand qarshiladi. Kulbaga kirgach, darvesh chehrasida iztirob paydo bo‘ldi. Hazrat: “Rost aytgil, iztirobing boisi nedur?”, deya so‘radi. U xijolat tortib: “Uyda sut bisyor, lekin non yo‘q”, dedi. Xoja Samosiy menga: “Nonni dasturxonga qo‘ygin”, dedilar. Shundan so‘ng mening Hazratga muhabbatim chandon ortdi. Hazrat Xoja Bobo Samosiy Qasri Orifonga kelib, o‘zi sovchilikka bordilar. Quda taraf Hazratning ray’larini qaytarmadi va men uylandim”. Hazrat Bahouddinni uylantirishda Bobo Samosiyning bosh-qosh bo‘lgani ibratli.

Xoja Muhammad Bobodan ikki o‘g‘il qolgan. Manbalar katta o‘g‘li ismini ma’lum qilmay, uning majzub (jazba holatiga tushgan so‘fiy) bo‘lganini, ikkinchi o‘g‘li Xoja Mahmud esa o‘z otasi xalifalaridan biriga aylanganini eslatishadi. 

Xoja Muhammad Bobo Samosiy taxminan 1335-yili o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samos qishlog‘ida olamdan o‘tadi va ana shu yerning o‘zida dafn etiladi.

Bobo Samosiy qabri ustidagi maqbara, atrofidagi masjid va toshquduq mustaqillik yillari obodonlashtirildi. Hozirgi kunda ziyoratgoh Buxoro viloyati Romitan tumani, “Bobo Samosiy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. 2018–2019 yillar davomida yetti pir ziyoratgohlari qatorida Xoja Bobo Samosiy ziyoratgohi ham yangidan ta’mirlanib, Sharq me’morchiligi an’analariga mos, barcha qulayliklarga ega maskanga aylantirildi.

 

 

Qo‘shimcha malumot

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.Najmiddin...
XOJA MUHAMMAD PORSO
Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib,...
ALOUDDIN ATTOR
Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry