03.02.2023
601

XOJA MAHMUD ANJIR FAG‘NAVIY

Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy taxminan VII/XIII asr boshlarida Buxoro yaqinidagi hozirgi Vobkent tumani hududida joylashgan Anjir Fag‘na qishlog‘ida dunyoga kelgan. Vobkentda yashagan va o‘sha yerda vafot etgan.   

Mahmud Anjir Fag‘naviy o‘rta bo‘ylidan balandroq, qomati kelishgan, oq tanli, burni xushbichim, ko‘zlari qora, keng og‘izli, ko‘rkam soqolli, ochiq, nuroniy yuzli edi. Ko‘pincha boshiga oq salla o‘rab yurar, karomatlari ko‘p inson bo‘lgan.

Mahmud Anjir Fag‘naviy sokin tabiatli, haqiqatgo‘y va taqvodor bo‘lib, ko‘pincha masjidda e’tikof o‘tirgan. Ya’ni bir yoki bir necha kun davomida masjiddan chiqmay faqat zikr va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Xoja Mahmud me’morchilik, imorat qurish bilan shug‘ullanib, shu kasb orqali tirikchilik qilgan. Ayrim rivoyatlarga ko‘ra, u bog‘dorchilik bilan ham shug‘ullangan. 

Mahmud Anjir Fag‘naviy Muhammad (s.a.v.) avlodidan bo‘lib, sayyidlar tabaqasiga mansubdir. 

Mahmud Anjir Fag‘naviyning Sayyid Umar va Mavlono Najmiddin Hojib nomli ikki o‘g‘li bo‘lgan.

Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy buxorolik yetti pirning ikkinchisi – Xoja Orif Revgariyning xalifasi edi. Xoja Mahmud qol (eshitish, o‘rganish, dars olish orqali hosil bo‘ladigan bilim) va hol (Xudo tomonidan berilgan bilim) ilmlarini jamlagan oliy maqomot sohibi edi. U Revgariydan zohir va botin ilmlarini o‘rgangan. Ustozi huzurida tariqatning sayru suluk bosqichlaridan o‘tib, yetuk izdoshlardan biriga aylangan. 

Mahmud Anjir Fag‘naviy ustozi ta’limotini targ‘ib etish bilan birgalikda xojagon-naqshbandiya tariqati qoidalaridan biri – zikri xafiy (yashirin zikr) o‘rniga zikri jahriy (oshkora zikr)ni joriy etgan. Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy tomonidan joriy etilgan zikri xafiy Xoja Orif Revgariy zamonida ham rioya etilgan. Xoja Orif Revgariy vafoti yaqinlashgach, Revgariy tepaligida muridi Xoja Mahmudga: “Bu zamonda toliblarning maslahati joni uchun “zikri jahr” aytmoq kerak”, deydi. Mahmud Anjir Fag‘naviy ustozidan irshodga ijozat olgach, bir necha yil Vobkentdagi masjidda shogirdlar tarbiyalash hamda jahriy zikr ta’limi bilan shug‘ullangan. Jahriy zikrning tom ma’noda keng qo‘llanishi va xojagon-naqshbandiya tariqatining asosiy qoidalaridan biriga aylantirilishi aynan Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy davrida boshlangan.

Xoja Orif Revgariy vafoti oldidan Mahmud Anjir Fag‘naviyga jahriy zikrga ruxsat berganini ma’lum qilgan.

“Silsilatul-orifin” asarida keltirilishicha, Xoja Mahmudning vafoti yaqinlashganda muridi Xoja Ali Romitaniyga jahriy zikrga ijozat beradi. Romitaniy ham umrining so‘ngida Bobo Samosiyga jahriy zikrdan ta’lim berishga ijozat beradi. U ham oxirat safari yaqinlashganda bu vazifani Sayyid Amir Kulolga topshiradi. Xoja Mahmuddan to Sayyid Amir Kulolgacha bo‘lgan pirlar xafiy zikr va jahriy zikrga baravar amal qilishgan. Xoja Bahouddin esa jahriy zikrni tark etib, xafiy zikrni davom ettirgan. Chunki Bahouddin Naqshband bu masalani atroflicha o‘rganib chiqib, o‘z ustozlaridan olgan ta’limotlari asosida xafiy zikrni ustun ko‘radi va xilvatda bo‘lsa ham, jamoatda bo‘lsa ham maxfiy zikrni afzal deydi. 

Mahmud ibn Sulaymon Kafaviyning rivoyatiga ko‘ra, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviyning “xafiy zikr” va “jahriy zikr” ta’limi borasidagi ustozlari silsilasi quyidagi tartibda berilgan.

Xafiy zikr silsilasi Abu Bakr Siddiq (r.a.)ga yetadi

  1. Abul Hasan Xaraqoniy
  2. Abu Yazid Bistomiy
  3. Imom Ja’far Sodiq
  4. Qosim ibn Muhammad ibn Abu Bakr Siddiq
  5. Salmon Forsiy
  6. Abu Bakr Siddiq (r.a.)

Jahriy zikr silsilasi Ali ibn Abu Tolibga yetadi

  1. Abul Qosim Gurgoniy
  2. Abu Usmon Mag‘ribiy
  3. Abu Ali Kotib
  4. Abu Ali Rudboriy
  5. Junayd Bag‘dodiy
  6. Sirri Saqatiy
  7. Ma’ruf Karxiy
  8. Dovud Toiy
  9. Habib Ajmiy
  10. Hasan Basriy
  11. Ali ibn Abu Tolib (r.a.)

Mahmud Anjir Fag‘naviy muridlari tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratib, ularning komil inson bo‘lib yetishishiga intilgan. Muridlarini ezgulikka, poklikka chorlab aytgan o‘gitlari hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Uning quyida keltiriladigan hikmatlari bugun ham muammolli masalalardan bo‘lgan g‘iybat, uydirma, yolg‘onchilik singari illatlardan qaytarish bilan birga, islom dinining asl mohiyatini anglash, dunyoda sodir bo‘layotgan aqidaviy ixtiloflar, soxta tariqatlardan ogohlikka chorlaydi.

“Barcha xayrli ishlar kaliti – ogohlik, poklik, ko‘ngil bedorlik, Haqdan xabardorlikdadir”.

“Allohning roziligiga erishish yo‘li – tilni g‘iybat, yolg‘on va bo‘htonlardan saqlamoqdadir”.

“Bizning ilm faqat dunyoni o‘rganuvchi emas, balki butun borliq (koinot)ni o‘rganuvchi ilmdir”.   

Manoqib (yodnoma) kitoblarida Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy hayoti va karomatlari haqida turli rivoyatlar bayon etilgan. Naql qilinishicha, kunlarning birida Xoja Muhammad Porsoning katta bobolari Mavlono Hofiziddin Shamsulaimma Halvoiyning ko‘rsatmasi bilan Buxoroda ko‘plab ulamolar ishtirok etayotgan majlisda Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviyga quyidagi savolni beradi: “Siz jahriy zikrda qanday niyat qilasiz?” Xoja Mahmud: “Uyqudagilar uyg‘onsin, g‘ofillar ogoh bo‘lib, to‘g‘ri yo‘lga kirsinlar. Chin dildan qilingan tavba barcha yaxshiliklarning kaliti va barcha saodatlarning aslidir”, deya javob qaytaradi. Mavlono Hofiziddin: “Sizga bu ish haloldir”, deya, undan: “Jahriy zikrga biror chegara qo‘ying, u bilan haqiqat majozdan, begona tanishdan farqlansin”, deb iltimos qiladi. 

Xoja Mahmud: “Jahriy zikrni tili yolg‘on va g‘iybatdan, luqmasi harom va shubhadan, qalbi riyo va soxtakorlikdan, siri esa Hazrat Rububiyatdan boshqaga qarashdan pok bo‘lgan kishigina bajarishi kerak”, deydi. 

Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy taxminan 1286-yili Vobkentning Anjir Fag‘na qishlog‘ida dunyodan o‘tadi va shu qishloqda tuproqqa qo‘yiladi. 

Mustaqillik yillari Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ziyoratgohi obod etilib, bir necha marotaba ta’mirlandi. Bu yerda yangi jome masjid,  maqbara, hovuz, minora, darvozaxona, bog‘, mehmonxona kabilar barpo qilindi. 

 

Qo‘shimcha malumot

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.Najmiddin...
XOJA MUHAMMAD PORSO
Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib,...
ALOUDDIN ATTOR
Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry