03.02.2023
652

XOJA MUHAMMAD ORIF REVGARIY

Xojagon silsilasining ikkinchi piri, “Mohitobon” laqabi bilan shuhrat qozongan Xoja Muhammad Orif Revgariy taxminan 1165-yili hozirgi Shofirkon tumani hududiga to‘g‘ri keluvchi Revgar qishlog‘ida dunyoga kelgan. 

Xoja Muhammad Orifning nisbasi turli manbalarda turlicha keltirilgan. Tadqiqotchilar Xoja Muhammad Orifning tavallud topgan qishlog‘i nomi Revgar bo‘lgani, uning o‘zi “Orifnoma” asarida nisbasini “Revgariy” ko‘rinishida keltirganidan kelib chiqib, uni Revgariy shaklida zikr etishadi. 

Aytishlaricha, Xoja Orif o‘rta bo‘yli, oy yuzli, katta ko‘zli, qoshlari kamon, butun vujudidan mushku anbar hidi taralib turardi. U butun umr bog‘bonlik kasbi bilan shug‘ullangan. 

Xoja Orif Abdulxoliq G‘ijduvoniyning to‘rtinchi xalifasi bo‘lib, uzoq yillar davomida Abdulxoliq G‘ijduvoniydan tasavvuf ta’limotini o‘rgangan. Ular G‘ijduvon va Shofirkon o‘rtasidagi Ro‘yibinon qishlog‘ida uchrashib, suhbatlashib turgan. G‘ijduvoniyning to‘rtinchi xalifasi (o‘rinbosari) sifatida ustozi vafotidan so‘ng xojagon silsilasini boshqargan. U “Silsilai sharif”da o‘n birinchi halqaning piri sifatida zikr etiladi. Mohitobon Abdulxoliq G‘ijduvoniyning toat-ibodati, ma’rifati va riyozatlari mohiyatini teran anglab, ularni puxta o‘zlashtirgan va ustozining ta’limotini yanada takomillashtirib, insonni qutqaradigan, go‘zal fazilatlar haqida o‘z qarashlarini bildirgan. Shuningdek, Xoja Orif Revgariy o‘z qarashlarini “Orifnoma” asarida bayon etib, tasavvuf asoslarini belgilab bergan. Uning “Tadbirga bog‘liq, taqdirga munkir kishi do‘zaxiy, ilohiy taqdirga taslim bo‘lgan kishi esa jannatiydir”, degan hikmati mashhur.

Xoja Orif Revgariy Abdulxoliq G‘ijduvoniydan irshod (muridlarga ustozlik qilish) uchun ijozat olgach, G‘ijduvoniydan keyingi tariqat rahbari – Xoja Ahmad Siddiq vafotidan so‘ng Xoja Avliyoyi Kabir bilan bir davrda o‘z muridlarini tarbiyalagan.

“Risolai Sig‘noqiy” asarida bayon etilishicha, kunlarning birida Xoja Ahmad Yassaviy taom pishirayotib, muridi Xoja Dug‘iyga G‘ijduvonga borib, Xoja Abdulxoliqdan qatiq olib kelishni buyuradi. Xoja Dug‘iy G‘ijduvonga yetib bormasidanoq,  G‘ijduvoniyning xalifasi Xoja Orif Revgariy Ahmad Yassaviy huzuriga qatiq olib keladi. Bundan xabar topgan Xoja Dug‘iy: “Orifning holi mendan ustun keldi”, deb Xoja Orifning kamolotini e’tirof etadi. 

Xoja Orif Revgariydan “Orifnoma” asari qolgan. 1225-yili Revgariyning muridlaridan biri Xoja Naim iltimosiga binoan Nur qasabasi (hozirgi Navoiy viloyati, Nurota tumani)da yozilgan. Asar tariqat a’zolariga murojaat va nasihat tarzida yozilgan. Unda muallifning sayru suluk bosqichlari, ma’rifat, oriflik va valiylik odoblari xususidagi qarashlari aks etgan. Bundan tashqari asarda Xoja Orif Revgariyning ustozi Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, tasavvuf tarixining ilk davrlarida yashagan mashhur so‘fiylar hayoti va qarashlari to‘g‘risida rivoyatlar keltirilgan. 

Xoja Muhammad Orif Revgariy taxminan 1262-yili Revgar qishlog‘ida olamdan o‘tadi va shu yerga dafn etiladi. 

Istiqloldan so‘ng Mohitobon ziyoratgohida mahalliy namozxonlar tashabbusi bilan masjid qurilish ishlari boshlandi. 1997-yil ziyoratgoh bitkazilib, namozxon va ziyoratchilar ixtiyoriga topshirildi. “Xoja Orif Revgariy Mohitobon” jome’ masjidi 1998-yilning 10-avgustida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, diniy tashkilot maqomini oldi. So‘nggi yillar, ya’ni 2018–2019 yillar davomida Xoja Orif Revgariy ziyoratgohi yangidan ta’mirlanib, “Mohitobon bog‘i” barpo etildi. Sharq me’morchiligi an’analariga monand qurilgan ushbu maskan bugun har qachongidan ham gavjum.
       “Orifnoma” asaridan namunalar

Ey orif! Pok va pok e’tiqodli bo‘l! Zero, chirkin ko‘ngil butun a’zoi badanni harom qilgay! Axir, Allohning bizni qabul etishi yo etmasligi aynan shu ko‘ngil tufaylidir!

***

Ul qushki, bo‘ynida og‘ir yuk osiqlik ekan, qandoq ko‘kka parvoz aylasun? Solikkim, bu dunyoda dilbandligi bisyordur, ilohiy parvoz qila olmas va talab vodiysiga qadam qo‘yolmagay!

***

Ey orif! Ulug‘ shayxlar demishlar: kimki Alloh taolodan boshqa zotni aziz etib, izzat qilgay, batahqiq shu izzati uni xor etgay!

***

Bu dunyoda vujuding bilan va oxiratda qalbing bilan bo‘l!

***

Avliyolik alomati uchtadir: birinchisi – baland darajani egallaganda ham kamtar bo‘lmoq, ikkinchisi – qudrati, sabru toqati yetguncha parhezkorlik qilmoq. Uchinchisi – to kuchi yetguncha insof qilmoq.

***

Ochlik zohidlar, zikr oriflar taomidir.

***

Zohid va komil shaxs uldurki, fatvolarga amal etgay, aks holda u vasvos yoxud jinnidir.

***

Albatta, qo‘rquv – faqat Alloh taolodan bo‘lmog‘i lozim.

***

Ey orif! Kalomi majid va hadisi nabaviydan keyin mashoyixlarni tinglagilki, ular qalbda tavfiq va (Alloh g‘azabidan) qo‘rquv sababchisidir. Va Alloh taolo dushmanlaridan nafrat etmoqqa, Alloh buyurgan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmoqqa bois bo‘lgay.

***

Takabbur – gunohga itoat etuvchi kishi va uning toati gunohdan ko‘ra battarroqdir. Va o‘ziga gunohdan ko‘ra zararliroqdir.

 

 

Qo‘shimcha malumot

SHAYX NAJMIDDIN KUBRO
Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi. Uning to‘liq ismi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy Xorazmiydir.Najmiddin...
XOJA MUHAMMAD PORSO
Xoja Muhammad Porso mutasavvif, ulug‘ alloma, valiyulloh bo‘lgan. Uning to‘liq ismi – Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin Buxoriy bo‘lib,...
ALOUDDIN ATTOR
Alouddin Attor naqshbandiya tariqatining “Oltin silsila”sida o‘n yettinchi o‘rindan joy olgan bo‘lib, u Xoja Bahouddin Naqshbandning xalifasi edi. To‘liq ismi...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry