03.02.2023
269

Imom Abu Hanifaning hadis ilmi rivojidagi o‘rni va ahamiyati

Xalqimiz qadimdan amal qilib kelayotgan hanafiy mazhabi va bu yo‘nalishda yozilgan asarlar ona tilimizga tarjima qilinib, keng ommaga yetkazilmoqda.

Yaqin o‘tmishda Hindiston o‘lkasidan hadis va fiqh ilmlari sohasida ko‘plab olimlar yetishib chiqdi. Ular ilmiy ishlarida hanafiylikka e’tibor qaratib, mazhabimiz asoschisi Imom Abu Hanifa (vaf. 150/767) va uning shogirdlarining hadis ilmidagi faoliyatini yoritib, bu borada ularga yetkazilgan ta’nalarga raddiyalar berib, qator asarlar yozdilar.

Ana shunday olimlardan biri muhaddis, faqih Zafar Ahmad Tahonaviy Usmoniy 
(1892–1974/1310–1394) bo‘lib, uning “E’lo as-sunan” (Sunnatni oliy qilish) nomli asari hanafiylarning dalili hisoblangan deyarli barcha hadislarni o‘zida jamlagan. Shu bilan birga, muallif asar muqaddimasida Abu Hanifa va ko‘plab hanafiy muhaddislarining hadis ilmidagi mavqei, uning rivoji yo‘lidagi ilmiy izlanishlari, ustoz va shogirdlari hamda yozib qoldirgan asarlariga oid ma’lumotlar bergan.

Tahonaviyning xabar berishicha, tadqiqotchi olimlar Imom Abu Hanifaning hayoti va ilmiy faoliyatini ko‘zdan kechirib, uni nafaqat fiqhiy masalalar, ijdihod borasida peshvo bo‘lgan, balki hadis ilmida ham ko‘plab muhaddislarga ustozlik maqomida bo‘lib, ularning maqto­viga sazovor bo‘lgan, degan xulosaga kelganlar.

Tahonaviy “E’lo as-sunan” asarining muqaddimasida Imom Abu Hanifa haqida uni ishonchli roviy ekanini tasdiqlaydigan yetuk muhaddis ulamolarning so‘zlaridan iqtibos keltirgan. Jumladan, muhaddis Yahyo ibn Main (vaf. 233/848) aytadi: “Shayximiz Yahyo ibn Said Qattondan Imom Abu Hanifa haqida so‘rashganida, uning ra’yidan[1] ko‘ra yaxshirog‘ini topmadik, u siqa (ishonchli roviy) edi, deb javob bergan”[2]. Tadqiqotchi olim Anvarshoh Kashmiriy (vaf. 1352/1933) “Fayz al-Boriy” asarida keltirishicha, mazkur muhaddis (Yahyo ibn Main): “Abu Hanifaga ta’na toshini otgan biron kimsani bilmayman”, degan. Demak, Yahyo ibn Ma’in zamoniga qadar u (Abu Hanifa) ayblanmagan. Shuningdek, muhaddis Vake’ ibn Jarroh (vaf. 195/810) ham barcha masalalarda uning mazhabida bo‘lgan[3].

Tahonaviy mazkur asarida Imom Abu Hanifaning muhaddislik jihatini, hadis ilmida­gi mavqeini yoritishda boshqa kitoblarda uchramaydigan o‘zgacha uslub bilan yondashadi. U ayrim hollarda faqat naqliy dalillar bilan cheklanmasdan, aqliy yo‘l orqali ham isbotlashga urinadi. Tahonaviyning aytishicha, yuqorida muhaddislar Imom Abu Hanifaning ijtihodini e’tirof etib, uning mazhabiga ergashganini bayon qildilar. Ma’lumki, ko‘plab hadislar, sahoba va tobeinlarning so‘zlari, ularning har bir masaladagi ixtiloflari, Qur’on va sunnatdagi nosix va mansuxlaridan xabardor bo‘lmay turib, ijtihod qilish imkonsiz ishdir.

Shuning uchun, Tahonaviy “al-Hadis val muhaddisun” asari muallifi Muhammad Abu Zahvning quyidagi so‘zini o‘z qarashlarining xulosasi o‘rnida keltiradi: “Afsuski, ba’zilar Imom Abu Hanifani “hadisni kam bilgan”, deb hisoblaydilar. Holbuki, butun musul­mon­lar uning mujtahidlik martabasida bo‘lganini e’tirof etgan. Mujtahidlikning shartlaridan biri esa, Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz sallolloxu alayxi vasallam hadislarining ma’nola­rini to‘la-to‘kis va chuqur anglab yetishdir”[4].

Qolaversa, Imom Abu Hanifa Anas ibn Molik[5], Abdulloh ibn Abu Avfa, Sahl ibn Sa’d, Abu Tufayl kabi to‘rt sahobalarni ko‘rgan[6]. Bu esa uning qolgan uch mazhab imomlaridan ustunlik jihati hisoblanadi. Biroq tadqiqotchi olimlarning xulosalariga ko‘ra, Imom Abu Hanifa biron sahobadan hadis eshitmagan[7]. Bundan tashqari, u Ato ibn Abi Raboh, Ikrima, Nofe’[8], Abdurahmon ibn Hurmuz, Qatoda, Alqama ibn Marsad, Tovus ibn Kayson, Omir Sha’biy[9], Hammod ibn Abu Sulaymon, Salama ibn Kuhayl, Abu Ja’far Muhammad ibn Ali, Yahyo ibn Said Ansoriy, Hishom ibn Urva kabi muhaddislardan hadis rivoyat qilgan. Farzandi Hammod, Ibrohim ibn Tahmon, Hamza ibn Habib, Zufar ibn Huzayl, Abu Yusuf, Iso ibn Yunus, Vake’ ibn Jarroh, Abdulloh ibn Muborak[10], Ali ibn Mushir, Abdurazzoq, Muhammad ibn Hasan Shayboniy va boshqalar u zotdan hadis eshitganlar.

Shunday bo‘lsa-da, ba’zi muhaddislar, jumladan, Imom Nasoiy (vaf. 303/915), Ibn Adiy (vaf. 453/976), Doraqutniy (vaf. 385/910), Xatib Bag‘dodiy (vaf. 463/1071) kabilar u (Abu Hanifa)ga nisbatan “zaif”, “hadis ilmida mohir bo‘lmagan” kabi noo‘rin so‘zlarni aytganlar. Hadis ilmi borasida ko‘zga ko‘ringan ulamolar kitoblarida ularga raddiya o‘rniga o‘tuvchi yetarlicha ma’lumotlar berganlar. Tahonaviy ham o‘z asarida ulardan bir qanchasini keltirib o‘tadi. Unga ko‘ra, Abu Hanifaning shogirdi Abdulloh ibn Muborak (vaf. 181/797) aytadi: “Kufaga kirdim. U yerliklardan eng ilmi ko‘p kishi haqida so‘radim. Ular Abu Hanifa, deb javob berdilar. Keyin ulardan eng ibodatlirog‘i va ilmga chuqur sho‘ng‘igan kishi haqida so‘raganimda, ular yana Abu Hanifa, deb javob berishdi”[11].

Ma’lumki, Imom Buxoriy (vaf. 256/870), Imom Muslim (vaf. 261/875), Abu Dovud (vaf. 275/888), Imom Termiziy (vaf. 279/892) kabi yirik muhaddislarning eng ishonchli hisoblangan hadis to‘plamlari Abdulloh ibn Muborakning rivoyati bilan to‘lib toshgan. Shunday bo‘lsa-da, u (Abdulloh ibn Muborak) Abu Hanifaning shogirdi hisoblanadi, undan bevosita hadis eshitgani­ga shubha yo‘q. Shuningdek, Imom Buxoriyning ustozlaridan yana biri Makkiy ibn Ibrohim 
(vaf. 214/829) (Buxoriyning aksari sulosiyoti[12] u orqali rivoyat qilingan) shunday degan: “Abu Hanifa o‘z zamonidagi kishilarning eng olimi bo‘lgan”[13].

Muhaddis Yazid ibn Horun (vaf. 206/821) shunday deydi: “Minglab olim kishilarni uchrat­dim. Ulardan hadis yozib oldim. Ammo ular orasidan besh nafaridan ko‘ra faqihi, taqvosi hamda ilmi ziyoda kishini ko‘rmadim. Ularning avvalida Abu Hanifa turadi”. Tahonaviy xabar beri­shicha, dastlab sahobalar va tobeinlar davrida “ilm” deganda Qur’on va hadis ilmi tushunilgan. Shuning uchun ham o‘sha vaqtda odamlarning ilmlirog‘i Qur’on va hadisning bilimdoni hisob­langan. Shu e’tibordan xam Imom Abu Hanifa hadis borasida ham keng qamrovli ilm egasi bo‘lgani o‘z isbotini topadi.

Tahonaviy “al-Xoyrot al-xisan” asarida naql qilishicha, asar muallifi Ibn Hajar Haytamiy Makkiy (vaf. 973/1565) shunday deydi: “Muhaddislar Abu Hanifadan rivoyat qilin­gan hadislardan foydalanib, o‘z to‘plamlarida undan bir qanchasini keltirganlar”. Imom Sha’roniy­dan naql qilib: “Abu Hanifaning barcha masalalarda tayangan umumiy hadislari boshqa uch mazhab imomlari tayanadigan xadislarga qaraganda ko‘proqdir”[14], degan.

Shu nuqtai nazaridan Sufyon Savriyning Abu Hanifaga nisbatan[15], Ibn Abi Zi’bning Imom Molikka nisbatan[16], Imom Molikning Muhammad ibn Ishoqqa nisbatan[17], Yahyo ibn Mainning Imom Shofe’iyga nisbatan[18], Imom Nasoiyning Ahmad ibn Solihga nisbatan[19], Imom Ahmadning Horis Muhosibiyga nisbatan[20], Ibn Mandaning Abu Nu’aym Asbahoniyga nisbatan[21] ayblovi hisobga olinmaydi. Shuning uchun Imom Buxoriy “Juz al-qiro’a xalf al-imam” asarida: “Ko‘pchilik muhaddislar (ishonchli roviy bo‘lishlariga qaramasdan) ayblovdan salomat qolmagan. Shunday bo‘lsa-da, hech bir muhaddis ishochlilik martabasidan tushib qolmagan, ulamolar bunday ta’na­larga e’tibor qaratishmagan”[22], deb ishora qilgan.

Tahonaviy “E’lo as-sunan”ning muqaddimasida ulamolarning bu boradagi qarashlarini kelti­rib, so‘ngra hanafiy muhaddis Muhammad Hasan Sanbuhliy (vaf. 1305/1888)ning “Tansiq an-nizom” asaridan naql qilib, shunday deydi: “Abu Hanifaga yetkazilgan ta’nalarning biron­tasi qabul qilinmaydi”[23]. Demak, Imom Abu Hanifa ham boshqa ulamolar singari ta’nadan benasib bo‘lmagan. Ammo masalaga chuqur kirib, uni zaifga chiqarish tadqiqotchi olimlarning mazkur qarashlaridan kelib chiqib aytganda, imkoni yo‘q ishdir.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, Imom Abu Hanifa fikrlash qobiliyati, adolati (ishonchli roviylik jihati) hamda chuqur ilmi tufayli ijtihod qilishga, o‘zining ra’yiga qarab hukm chiqarishga, musulmonlar unga suyanib, uning fikrlarini hayotga tatbiq etishlariga munosib bo‘lgan yirik mujtaxid olim hisoblanadi.

Zafar Ahmad Tahonaviyning “E’lo as-sunan” asari Imom Abu Hanifaning hadis ilmidagi mavqeini, muhaddislik jihatini yoritishda hamda hanafiy fiqhini hadislar asosida talqin etishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Tahonaviy mazkur asarida Imom Abu Hanifaga bag‘ishlab yozilgan hanafiy olimlarning kitoblari bilan bir qatorda, Imom Zahabiyning “Manoqib Abi Hanifa”, Ibn Hajar Haytamiy­ning “al-Xoyrot al-hisan”, Imom Suyutiyning “Tabyiz as-sahifa” kabi qator muhaddislar­ning asarlardan ham keng foydalangan.

Asarni sinchkovlik bilan kuzatgan kishi, Tahonaviy ko‘pincha mavzuning muhim jihati­ni yoritish asnosida butun muhaddislar e’tirof etgan (hanafiy bo‘lmagan) olimlarning asarlari­dan iqtibos keltirishganiga guvoh bo‘ladi. Demak, Tahonaviy hadis ilmi nuqtai nazaridan 
Abu Hanifaning o‘rnini ko‘rsatib berishda xolislik bilan yondashgan. Uning mazkur asari hozir­gi kunda xam bu borada yozilgan muhim manba hisoblanadi.

Qobil Yusupov,

O‘zXIA huzuridagi Malaka oshirish markazi 

Namangan mintaqaviy filiali Ijtimoiy va mutaxassislik 

fanlari kafedrasi o‘qituvchisi

 

 

 


 

[1] ижтиҳод

 

[2] Ҳофиз Заҳабий. Таҳзиб Таҳзиб ал-камол фи асмаи ар-рижол. Мусъад Комил, Айман Салома, Мажди Саййид Аминлар таҳқиқи остида. –Қоҳира: ал-Форуқ ал-ҳадиса, 2004. –Ж.9. –Б. 225.; Асқалоний, Ибн Ҳажар. Ҳадю ас-сарий муқаддимату Фатҳ ал-Борий. –Байрут: Мактаба Асрия, 2018. –Ж.10. –Б. 450.; 

 

[3] Кашмирий, Анваршоҳ. Файз ал-Борий ала Саҳиҳ ал-Бухорий. –Байрут: Дор ал-кутуб ал-илмия, 2005. –Ж.1. –Б. 251.

 

[4] Нўъмоний, Муҳаммад Абдурашид. Маканату ал-Имом Аби Ҳанифа фи ал-ҳадис. Абдулфаттоҳ Абу Абу Ғудда таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 2018. –Б. 132.

 

[5] Муҳаммад Хоразмий. Жомеъ масанид ал-Имом. –Ҳайдаробод: Мажлис доира ал-маъориф ал-усмония, 1911. –Б. 4.

 

[6] Ҳофиз Миззий. Таҳзиб ал-камол. Башшар Аввод таҳқиқи остида. –Байрут: Рисала, 1987. –Ж. 29. –Б. 418.; Асқалоний, Ибн Ҳажар. Таҳзиб ат-таҳзиб. –Қоҳира: Дор ал-китаб ал-исламий, 1993. –Ж.10. –Б. 449.; Ҳофиз Заҳабий. Таҳзиб Таҳзиб ал-камол фи асмаи ар-рижол. Мусъад Комил, Айман Салома, Мажди Саййид Аминлар таҳқиқи остида. –Қоҳира: 
ал-Форуқ ал-ҳадиса, 2004. –Ж. 9. –Б. 218.

 

[7] Нўъмоний, Муҳаммад Абдурашид. Маканату ал-Имом Аби Ҳанифа фи ал-ҳадис. Абдулфаттоҳ Абу Абу Ғудда таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 2018. –Б. 101.

 

[8] Ҳайтамий, Ибн Ҳажар. ал-Хойрот ал-ҳисан фи манақиби ал-Имом Аби Ҳанифа ал-Нуъман. –Байрут: Дор ал-ҳуда ва ал-рошад, 2008. –Б. 67.

 

[9] Ҳофиз Заҳабий. Таҳзиб Таҳзиб ал-камол фи асмаи ар-рижол. Мусъад Комил, Айман Салома, Мажди Саййид Аминлар таҳқиқи остида. –Қоҳира: ал-Форуқ ал-ҳадиса, 2004. Ж.9. –Б. 218.

 

[10] Ҳофиз Миззий. Таҳзиб ал-камол. Башшар Аввод таҳқиқи остида. –Байрут: Рисала, 1987. Ж.29. –Б. 419.

 

[11] Асқалоний, Ибн Ҳажар. Таҳзиб ат-таҳзиб. –Қоҳира: Дор ал-китаб ал-исламий, 1993. Ж.10. –Б. 449.

 

[12] Нўъмоний, Муҳаммад Абдурашид. Маканату ал-Имом Аби Ҳанифа фи ал-ҳадис. Абдулфаттоҳ Абу Абу Ғудда таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 2018. –Б. 102.; Ҳофиз Миззий. Таҳзиб ал-камол. Башшар Аввод таҳқиқи остида. –Байрут: Рисала, 1987. Ж.29. –Б. 420.

 

[13] Асқалоний, Ибн Ҳажар. Таҳзиб ат-таҳзиб. –Қоҳира: Дор ал-китаб ал-исламий, 1993. Ж.10. –Б. 449.; Ҳофиз Заҳабий. Таҳзиб Таҳзиб ал-камол фи асмаи ар-рижол. Мусъад Комил, Айман Салома, Мажди Саййид Аминлар таҳқиқи остида. –Қоҳира: ал-Форуқ ал-ҳадиса, 2004. Ж.9. –Б. 218.; Нўъмоний, Муҳаммад Абдурашид. Маканату ал-Имом Аби Ҳанифа фи ал-ҳадис. Абдулфаттоҳ Абу Абу Ғудда таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 2018. –Б. 102.

 

[14] Ҳофиз Заҳабий. Таҳзиб Таҳзиб ал-камол фи асмаи ар-рижол. Мусъад Комил, Айман Салома, Мажди Саййид Аминлар таҳқиқи остида. –Қоҳира: ал-Форуқ ал-ҳадиса, 2004. Ж.9. –Б. 223.

 

[15] Муҳаддисдан Пайғамбар (с.а.в.)гача уч ровий орқали етиб борган санад.

 

[16] Таҳонавий, Зафар Аҳмад. Эъло ас-сунан. Муҳаммад Азазий таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-кутуб ал-илмия, 2018. Ж.21. –Б. 12.; Асқалоний, Ибн Ҳажар. Таҳзиб ат-таҳзиб. –Қоҳира: Дор ал-китаб ал-исламий, 1993. Ж.10. –Б. 451.; Ҳофиз Заҳабий. Таҳзиб Таҳзиб ал-камол фи асмаи ар-рижол. Мусъад Комил, Айман Салома, Мажди Саййид Аминлар таҳқиқи остида. –Қоҳира: ал-Форуқ ал-ҳадиса, 2004. Ж.9. –Б. 221.

 

[17] Таҳонавий, Зафар Аҳмад. Эъло ас-сунан. Муҳаммад Азазий таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-кутуб ал-илмия, 2018. Ж.21. –Б. 12.

 

[18] Ҳайтамий, Ибн Ҳажар. ал-Хойрот ал-ҳисан фи манақиби ал-Имом Аби Ҳанифа ал-Нуъман. –Байрут: Дор ал-ҳуда ва ал-рошад, 2008. –Б. 69.

 

[19] Али Қори. Шарҳ муснади Аби Ҳанифа. Халил Муҳйиддин таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-кутуб ал-илмийя, 
2014. –Б. 9.

 

[20] Лакнавий, Абдулҳай. ар-Рафъу ва ат-такмил фи ал-жарҳи ва ат-таъдил. Абдулфаттоҳ Абу Ғудда таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 2018. –Б. 413.; Абдулфаттоҳ Абу Ғудда. Арбаъу расоил фи улум ал-ҳадис. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 1990. –Б. 60.

 

[21] Абдулфаттоҳ Абу Ғудда. Арбаъу расоил фи улум ал-ҳадис. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 1990. –Б. 30.

 

[22] Лакнавий, Абдулҳай. ар-Рафъу ва ат-такмил фи ал-жарҳи ва ат-таъдил. Абдулфаттоҳ Абу Ғудда таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 2018. –Б. 411.

 

[23] Абдулфаттоҳ Абу Ғудда. Арбаъу расоил фи улум ал-ҳадис. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 1990. –Б. 33.; Лакнавий, Абдулҳай. ар-Рафъу ва ат-такмил фи ал-жарҳи ва ат-таъдил. Абдулфаттоҳ Абу Ғудда таҳқиқи остида. –Байрут: Дор ал-башаир ал-исламия, 2018. –Б. 414.

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry