12.01.2023
214

Farahbaxsh kunlar qadri

SHUKRONALIK

Alloh taolo tomonidan berilgan eng buyuk ne’matlar, shubhasiz, hurriyat, ofiyat, sog‘liq va tinchlikdir. Zero, ular e’tibor topgan jamiyatda milliy va umuminsoniy qadriyatlar, urf-odatlar kamol topadi. Vijdon erkinligi, e’tiqod hamda fikr erkinligi hayotda muhim o‘rin tutadi. Chunki har bir inson e’tiqod borasida erkin, hurfikr bo‘lsagina, amali to‘g‘ri, rushdi hidoyatda hisoblanadi.

Bugun odamlar tobora haq-huquqi, erkinligini anglab bormoqda va tabiiyki, ulardan hayoti mobaynida unumli foydalanishni istaydi. Shu ma’noda, umuminsoniy qadriyatlar, milliy, diniy va ijtimoiy bayram hamda urf-odatlarga bo‘lgan e’tibor-u ehtirom ham yuksalmoqda.

Ko‘p millat va e’tiqodda bo‘lgan xalqimiz o‘zaro hamjihatlik hamda inoqlikda uzoq muddatdan buyon alloma Hakim Termiziy “insonning asosiy boyligi”, deya ta’rif bergan ma’rifat asosida yashab kelmoqda.

2022-yil 16-20-may kunlari mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik tamoyilining yorqin namunasi hisoblangan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumining tashkil etilishi hamda uning natijalari asosida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinishi yurtimizdagi diniy bag‘rikenglikning uzoq tarixi borligini isbotlab berdi. Buyuk sarkarda Amir Temur davrida Samarqandda turli din vakillarini jamlab, ularning o‘z urf-odat va qadriyatlariga mos ehtirom ko‘rsatilgani tarixiy manbalarda ta’kidlanadi.

Mamlakatimizda nafaqat milliy, diniy bayramlarni keng nishonlashga shart-sharoit yaratib berilmoqda, balki boshqa diniy konfessiyalar vakillarining o‘z bayramlarini erkin nishonlashi uchun ham barcha imkoniyatlar mavjud. Diniy-ma’rifiy sohaga e’tibor kuchaygan yurtimizda vijdon erkinligi, millatlararo va dinlararo totuvlikni ta’minlash masalasi doimo dolzarb ahamiyat kasb etib, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan munosib e’tirof etilmoqda. 

Har yili muborak Qurbon va Ramazon hayitlarini nishonlash bo‘yicha qabul qilinadigan Prezident qarorlari ham xalqimizning betakror bayramlaridan hisoblangan ushbu ayyomlarni nishonlash va uning mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgulik, ahil qo‘shnichilik, bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, shukronalik va mehr-oqibat kabi qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda. Bu ulug‘ ayyomlarda yurtdoshlarimiz do‘st-birodarlar holidan xabar oladi, xasta va nochor insonlarni ziyorat qiladi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, yurtimizda bayramlar munosabati bilan dam olish kunlarining uzaytirilishi, fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida mazmunli dam olishi, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” loyihasi doirasida esa ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Qur’oni karimda insonga ato etilgan ne’matlarga shukronalik keltirish borasida Alloh taolo “Ibrohim” surasi 7-oyatida shunday marhamat qiladi: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta sizga (ne’matlarimni) ziyoda qilurman. Agar kufr (noshukurlik) keltirsangiz, albatta azobim shiddatlidir”. Zero, ne’matlarni qadrlamaslik, ularni isrof etish dinimizda qattiq qoralangan. 

VIII asr islom ilm-fanining iste’dodli olimi, adab ilmining bilimdoni Abdulloh ibn Muqaffa “Adabul vajiz” risolasida shukrning fazilatiga, uning insonga keltiradigan foydalariga to‘xtalar ekan, shunday deydi: “Alloh taoloning bergan ne’mat va in’omlariga shukr qilmasang, Yaratganning marhamatiga sazovor bo‘la olmaysan. Shunday ekan, har doim Alloh taoloning hadsiz marhamatidan senga nasib qilgan rizqqa shukr qil, Yaratgan senga ato etgan ne’matlari, tuhfalariga hamisha shukr va hamdlar keltirishda ijtihodli bo‘l”.

Bayramlar turfa bo‘lib, diniy mazmundagilari kam sonli. Ular insonlarning e’tiqodi bilan bog‘liq. Yana bir toifasi ijtimoiy xarakterga ega. Ulardan ba’zilari jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. 

Aslida, ishning mohiyatini to‘liq tushunib yetish orqali bu mavzuga munosabat yanada ravshan bo‘ladi. Oqil inson farosatli, masalaning mohiyatini chuqur tahlil qiladigan, har bir ishdan ezgulik va savobni ko‘zlaydigan kishidir. Bunday odamlar boshqalarga muruvvat ko‘rsatish, yaxshilik ulashish uchun sabab izlaydi. Imkon bo‘lishi zahoti shunga intiladi. 

Shunday ekan, yil poyonida bir yillik faoliyatni sarhisob qilish, kamchiliklardan xulosa chiqarib, muvaffaqiyatlarga shukrona keltirish, yangi rejalar tuzish, yaqinlar holidan xabar olish va dam olish kunlarida ziyorat, ibodat hamda savobli ishlarni qilishga hech qanday monelik yo‘q. Zero, hadisi shariflarda “Amallar niyatlarga qarab baholanadi”, deya alohida ta’kidlangan. 

Demak, niyatni to‘g‘ri qilish, ushbu bayramlar munosabati bilan mamlakatimizda yaratib berilayotgan imkoniyatlar, qo‘shimcha ta’tillardan unumli foydalanish, qo‘ni-qo‘shnichilik, qon-qarindoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, umuminsoniy qadriyatlarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kunlardagi monelik, aslida, nojoiz ishlarni amalga oshirish, haddan oshish, zulm qilish, xiyonatga o‘xshash insonning dunyosi-yu oxirati uchun zarar bo‘lgan amallarni bajarishda bo‘ladi. 

Bunday ishlarni nafaqat bayram kunlari, balki umr davomida qilish taqiqlangan. Agar inson e’tiqodga zarar yetkazadigan ishlarni qiladigan bo‘lsa, bu islom dinidagi eng ulug‘ bayram kuni bo‘lsa ham, taqiqlanadi. Musulmon kishi kunlik amali va solih ishlari uchun maxsus kun tanlamaydi va u doim ezgu ish va amalda bardavom bo‘ladi. Hayotini ezgu amal va solih ishlarni qilish bilan o‘tkazadi. Har bir berilgan ne’mat va yaxshilik uchun shukrona keltiradi. Berilgan ne’matlarning qadriga yetish, ularni asrab-avaylash muqaddas dinimizda targ‘ib qilinuvchi amallardandir.

Mavjud jamiyatda ijtimoiy bayramlarni nishonlash va ushbu bayramlar bilan insonlar o‘zaro birbirlarini tabriklashi, turli din vakillari tomonidan qilingan ehsonga o‘xshash narsalarni olish yoki olmaslik borasida turfa qarashlar bor. Kimdir ularga dunyoviy bayramlar sifatida qaralishi va dinimiz bundan man etmasligini ta’kidlasa, yana kimdir bu bayramlarni nishonlash dinimizda joiz emasligini aytadi.

Aslida, o‘z nomi bilan ijtimoiy deb yuritilayotgan bayramlarni dinga nisbat berish, bu borada bilimsizlik bilan mo‘min-musulmonlar o‘rtasida ixtilof keltirib chiqarishning o‘zi noto‘g‘ri. Zero, bu bayramlarni dinga ham, e’tiqodga ham aloqasi yo‘q. 

Ushbu ixtiloflarning oldini olish maqsadida Misrning dunyoga mashhur “Al-Azhar” universiteti ulamolar kengashining fatvosi taqdim etilgan. Unda keltirilishicha, “Jamiyatdagi yakka shaxs yoki bir jamoaning biror foyda ko‘zlab yoki o‘zlaridan yomonlikni daf qilish maqsadida biror ishga e’tibor qaratishlari tabiiy hol. Dunyoviy bayramlarni nishonlash joiz yoki nojoizligi borasida islom ulamolari turli fikr bildirgan. Bu kabi nishonlanadigan bayramlar ikki turga bo‘linadi – dunyoviy yoki diniy bayramlar. Agar dunyoviy bayramlardan ko‘zlangan maqsad to‘g‘ri bo‘lsa, turli ishlar aralashuvi sababli shariat ko‘rsatmalaridan tashqariga chiqilmasa, islom bunday dunyoviy bayramlarni man qilmaydi”.

Misrdagi fatvo hay’atining mazkur qarori musulmon olamidagi turli ixtilof va qarashlarga munosib yechim bo‘lishi kerak. Shuningdek, bu borada islom dinidagi ikki hayit bayramidan tashqari ham bir nechta bayramlar mavjud. Ulardan farzand dunyoga kelganda, xatna va nikoh to‘yida, muhim ishlar sodir bo‘lganda, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganda, dehqonchilikdan mo‘l-ko‘l hosil olganda, yaqinlarini safardan kelishini kutib olganda xursand bo‘lib, shukrona keltiradi va bayram qiladi. Erishilgan yutuq va xursandchilik bilan o‘zaro muborakbod etishlarida islom shariatining moneligi yo‘q.

Aksincha, bu kabi amallarga jamiyat farovonligi, insonlarning inoqligi, silai rahmning yoyilishiga sabab bo‘ladigan ishlar sifatida qaraladi. Islom dini dunyoviy bayramni nishonlashni qoralamaydi, agar undan ko‘zlangan maqsad to‘g‘ri bo‘lsa va shariat ko‘rsatmalaridan tashqariga chiqilmasa, albatta. Bu bayramlarni nishonlashda insonlarning qalbida bir-biriga mehr-oqibatni paydo qilish va yaxshiliklar ulashish bor bo‘lsa, unga monelik yo‘q. Shuningdek, islom dini boshqa din vakillari tomonidan berilgan hadyalarni olish va ulardan foydalanishni ham man qilmagan. 

Islomda qo‘shnichilik aloqalariga katta ahamiyat beriladi. Ushbu aloqalarni go‘zal tarzda olib borish haqidagi ta’limotlar taqdim etiladi. Bu ta’limotlar esa islomning ijtimoiy aloqalarni imon va go‘zal axloq asosida olib borishga bergan ahamiyatidan kelib chiqadi. Qur’oni karimning “Niso” surasi 36-oyatida: “Ota-onaga, yaqin qarindoshga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shniga, yon qo‘shniga, yondagi sohibga, yo‘qsil yo‘lchiga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilikqilinglar”.

Bu oyati karimada Alloh taolo bir necha toifa odamlarga, jumladan, otaona, qarindoshlar, yaqin qo‘shnilar va yon qo‘shnilarga yaxshilik qilishni amr qilgan. E’tiborlisi, oyati karimada “qo‘shni” ikki xil zikr etilgan bo‘lib, “yaqin qo‘shni”ni qarindosh qo‘shni, ya’ni yaqinligi bor qo‘shni, “yon qo‘shni”ni esa oddiy, yaqinligi yo‘q qo‘shni, deb ta’kidlangan. Payg‘ambarimiz alayhissalom qo‘shnichilik haqida shunday deganlar: “Kimki Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin”

Boshqa bir hadisda qo‘shnilar uch toifaga – musulmon, g‘ayridin va qarindosh qo‘shnilarga bo‘linishi aytiladi. Shundan musulmon qo‘shnining – qo‘shnichilik va musulmonlik haqlari, g‘ayridin qo‘shnining – qo‘shnichilik haqi va qarindosh qo‘shnining qarindoshlik, qo‘shnichilik va agar musulmon bo‘lsa, musulmonlik haqlari borligi ta’kidlangan. 

Demak, jonajon yurtimizda inson qadri uchun amalga oshirilayotgan islohotlar, ma’naviy barkamollik yo‘lida qilinayotgan ushbu sa’y-harakatlarga munosib hissa qo‘shish, tinch-osuda hayotga shukrona keltirish har bir insonning birlamchi burchidir. Jamiyatimizda inson qadri ulug‘lanar ekan, unga bo‘lgan hurmat va ehtirom ham yuksalib boraveradi.

Insonga bo‘lgan e’tibor uning qarashlari, urf-odat va qadriyatlarini ulug‘lash orqali amalga oshadi. Jamiyatning har bir a’zosi qadriyatlarini teran anglashi, tinchlik, xotirjamlik, ofiyat va sog‘liq ne’matlarining qadriga yetishi lozim bo‘ladi. O‘tayotgan har bir fursat va vaqtni g‘animat bilish, undan to‘g‘ri foydalanish, eng asosiysi, shunday farahbaxsh, dorilamon kunlarning qadriga yetish asosiy maqsad bo‘lishi kerak.

Shukurillo UMAROV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, 

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 12-yanvar, 7-son

 

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry