11.01.2023
208

ABU HAFS UMAR IBN MUHAMMAD BUJAYRIY VA UNING ILMIY MEROSI

Milodiy IX–XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri deb e’tirof etilgan. Ko‘plab manbalarda ayni o‘sha davrda Bujayriy nisbasi bilan tanilib, samarali ijod qilgan allomalar hayoti va ilmiy merosi haqidagi ma’lumotlarni uchratish mumkin. Ulardan biri Abu Hafs Bujayriy bo‘lib, u zotning to‘liq ismi Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy Samarqandiy Bujayriydir.

Manbalarda Abu Hafs Umar ibn Muhammad “So‘g‘diy”, “Xushufag‘niy”, “Samarqandiy”, “Bujayriy” nisbalari bilan keltirilgan. Ayrim manbalarda esa “Buhayriy”[1] nisbasi bilan ham kelgan. Biroq aksar olimlar o‘z asarlarida Abu Hafs Bujayriy nisbasi bilan qayd etgan. Xalq orasida ham u aynan shu nom bilan mashhur bo‘lgan.

Muhaddis Abu Hafs Bujayriy 223/838 yili Samarqandning So‘g‘d muzofotidagi Xushufag‘n qishlog‘ida ziyolilar oilasida tug‘ilib[2] 311/923 yili vafot etgan[3] Abu Hafs Bujayriyning bolalik va yoshlik davri tug‘ilib o‘sgan ona qishlog‘i Xushufag‘nda o‘tgan. U dastlabki ta’limni otasi Muhammad ibn Bujayrdan olgan. Muhammad ibn Bujayr ham zamonasining taniqli hadis roviylaridan bo‘lib, 268/882 yil Sha’bon oyida vafot etgan[4].

Keyinchalik Abu Hafs Bujayriy ilm o‘rganish shijoati va Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadislarni eshitish, o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi sababli o‘sha davr­da ilm-fan o‘chog‘i bo‘lgan Xuroson, Basra, Kufa, Iroq, Shom, Misr, Hijoz kabi bir qancha shahar va mamlakatlarga ilmiy safarlar qilgan.

Abu Hafs Bujayriyning safari chog‘ida Damashq shahriga borganini tarixchi olim Abul­qosim Ali ibn Hasan ibn Hibatulloh ibn Abdulloh – Ibn Asokir “Tarixul madinati Dimashq va zikri fazliha va tasmiyati min hilliha minal amasil” (“Damashq shahrining tarixi, uning fazilati va undagi joylarning nomlanishiga misollar”) kitobida bunday keltiradi: “Hofiz Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Hozim ibn Roshid Hamadoniy Samarqandiy Bujayriy ta’lim olish va hadis jamlash niyatida Damashq shahriga borib, u yerda Ahmad ibn Abdulvohid ibn U’bud, Abu Omir Muso ibn Omir Mariy, Hishom ibn Xolid, Muhammad ibn Hoshim Ba’labak­kiy, Sulaymon Hamsiy, Ayub ibn Ali ibn Haysam Kanoniy kabi ko‘plab taniqli olimlardan ta’lim olgan va hadislar tinglagan”[5]. Demak, Alloma Damashqqa borganida, u yerning ko‘plab taniqli olimlari bilan uchrashgan, ular bilan ilmiy muloqotda bo‘lgan.

Abu Ya’lo Xaliliy o‘zining “Irshod” nomli asarida bunday keltiradi: Abu Hafs Bujay­riy Iroq va Shomga borganida Nazr ibn Tohirdan, Kufada Abu Kurayb, Usmon ibn Abu Shaybadan, Basrada Bundor va Abu Musodan, Shomda Sulaymon ibn Salama Xaboiriy, Ahmad ibn Abdulvohid Damashqiy va Hishom ibn Ammordan. Makka shahrida Muhammad ibn Zunbur va Husayn ibn Hasan Marvaziydan hadis tinglagan.

Abu Hafs Bujayriy hadis bo‘yicha asosiy ta’limni Abu Mahmud Muhammad ibn Muoviya (Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiyning tog‘asi), Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy Samar­qandiy, Iso ibn Hammod Zug‘ba Misriy, Ishoq ibn Shohin Vositiy, Abu Soib Silm ibn Jannoda Kufiy, Abd ibn Humayd Keshiy va Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy kabi ko‘plab mashhur muhaddis olimlardan tahsil olgan.

Imom Buxoriyning “Sahih” to‘plamiga yozilgan eng mo‘‘tabar sharhlardan biri bo‘lgan Ibn Hajar Asqaloniyning “Fathul boriy” (“Ijodkorning ochib bergan sharhi”) kitobining muqaddimasida bunday keltiriladi: “Umar ibn Muhammad Bujayriy “Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning: Men “Jome’us sahih” kitobimni Masjidul Haramda tasnif qildim. Bu kitobda­gi har bir hadisni Alloh taolodan yaxshilik so‘rab, ikki rakat namoz o‘qib, uning sahihligiga ishonch hosil qilganimdan keyin kiritdim” deb aytayotganini eshitdim”, deydi.

Ushbu rivoyat orqali Abu Hafs Bujayriy hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazrat­lari bilan bir davrda yashaganini, ikkalasi bir-biri bilan uchrashganini va mazkur so‘zini Imom Buxoriyning aynan o‘zidan eshitganini anglab olish mumkin.

Damashqlik olim Xayriddin ibn Mahmud ibn Muhammad Zirikliy “A’lom” asarida taniqli olim Zahabiyning: “Abu Hafs Bujayriy zamonasining tengi yo‘q allomasi edi. Men u zotdan oltmish mingdan ortiq hadis tinglaganman”, deb aytgan e’tirofini keltirib o‘tgan. Alloma ko‘p hadis yod bilgani, ularni jamlashga shijoati va taqvosi sababli “Hofiz” (Qur’oni karim va ko‘p hadislarni yoddan bilgan kishi), “Taqvodor muhaddis”, “Imomul kabir” (Katta imom), “Shayx” kabi sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan.

Abu Hafs Bujayriy hadis o‘rganish va to‘plash bilan birga, ko‘plab shogirdlar ham yetish­tirgan. Abu Bakr Muhammad ibn Abdulg‘aniy Bag‘dodiyning “Takmilatul ikmol” kitobida Muhammad ibn Sobir Buxoriy, Abu Nazr Muhammad ibn Bakr Dehqon Samarqandiy, Muhammad ibn Ahmad ibn Imron Shoshiy, Mu’tamar ibn Jibril Karminiy, A’yun ibn Ja’far Samarqandiy, Abu Ja’far Muhammad ibn Ali Muaddab Shoshiy va Iso ibn Muso Koshoniy kabi o‘z zamona­sining mashhur muhaddis va roviylari Abu Hafs Bujayriydan hadis tinglagani va undan rivoyat qilgani qayd etilgan. Bundan tashqari, Abu Hafs Bujayriydan uning o‘g‘li Abulhasan Muhammad ibn Umar, Imom Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiy, Abu Yahyo Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Ishoq ibn Hozim Samarqandiy, Muhammad ibn Hotam Koshoniy, Abulfazl Ahmad ibn Ismoil ibn Yahyo ibn Hozim Azdiy Samarqandiy va Ali ibn Bindor Say­ra­fiy kabi olimlar ham tahsil olgan va hadis rivoyat qilgan.

Shoshlik allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirgan tadqiqotchi Ne’matullo Muhammedov o‘zining “Shosh vohasi olimlarining ilmiy-ma’naviy merosi” kitobida: “Abu Bakr Qaffol Shoshiy Xurosonga borib, Muhammad ibn Ishoq ibn Xuzayma, Muhammad ibn Ishoq Sarroj, Umar ibn Muhammad ibn Buxayr (manbalarda turlicha “Bujayr”, “Buhayr” va “Buxayr” ko‘rinishida kelgan) Samarqandiy kabi yetuk olimlardan dars olgan va boshqa tabaqalardan hadislar tinglagan”, deb keltirib o‘tgan[6].

Yuqoridagi manbalardan ko‘rinib turibdiki, Abu Hafs Bujayriy, fiqh, hadis, usul va tilshunoslik ilmlari bo‘yicha tengi yo‘q olim deb e’tirof etilgan. Imom Abu Bakr Qaffol Shoshiy kabi bir qancha ulug‘ allomalarga ustozlik qilgan.

Abu Hafs Bujayriy ilm-fan hamjamiyatiga yetuk allomalarni yetkazib berish bilan kifoyalanib qolmasdan, o‘zining boy ilmiy ijodi bilan ham ulkan hissa qo‘shgan. Hadis va tafsir ilmi sohasida bir qancha asarlar yaratgan. Manbalarda keltirilishicha, u “Sahih” hadislar to‘plami va “Tafsir” kabi asarlarning muallifi hisoblanadi. “Sahih” to‘plamining qo‘lyozma nusxalari xorijiy mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanmoqda.

Allomaning “Kitobus safina” (“Kema kitobi”) nomli yana bir asari ham bo‘lgan. Bu borada Abdulloh Abdulhamid Sa’d o‘zining “O‘rta Osiyo olimlari qomusi” kitobida bunday keltiradi: “Abu Hafs Bujayriydan uning Ahmad ismli nabirasi “Jome’us sahih” (“Ishonchli to‘plam”) va “Kitobus safina” (“Kema kitobi”) kitoblarini o‘qib o‘rgangan. Ushbu kitoblarni Abu Hafsning o‘zi yozgan. Afsuski “Kitobus safina” bizning davrimizgacha yetib kelmagan.

Xayriddin Zirikliy o‘zining “A’lom” kitobida Abu Hafs Bujayriy va “Sahih” to‘plami–ning qo‘lyozma nusxasi haqida bunday ma’lumot keltiradi: “Movarounnahrlik muhaddis, hofiz Abu Hafs Bujayriy “Sahih” va “Tafsir” asarlari muallifidir. U Samarqand yaqinidagi qishloqlardan birida yashab o‘tgan. Hozir bu joy “Ra’sul qontara” (To‘g‘onboshi) deb ataladi. Alloma ilm olish va hadis tinglash maqsadida Xuroson, Basra, Kufa, Shom, Misr va Hijoz kabi bir qancha shahar va mamlakatlarda bo‘lgan. U kishining qalamiga mansub “Jome’ul musnad” va “Tafsir” asarlarining qo‘lyozma nusxasi hozirgi kunda Damashq shahridagi Zohiriya kutub­xo­na­si­da 1067-raqam ostida saqlanmoqda”. Mazkur asarning elektron nusxasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi elektron bazasida ham mavjud. U 124 varaqdan iborat bo‘lib, “Jome’ul musnad”ning o‘ttizinchi – “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning betoblik­la­ri va vafotlari” bobini va “Tafsir” kitobining avvalgi qismini o‘z ichiga olgan.

Bu o‘rinda “Jome’ul musnad”dagi birinchi hadisni keltirib o‘tishni lozim topdik:

Ummi Fazldan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eng oxirgi eshitgan narsam u zotning shom nomozida “Mursalat” surasini o‘qiganlari bo‘ldi”.

Abu Hafs Bujayriy o‘zining ulkan ilmiy faoliyati bilan ilm-fanning hadis va tafsir kabi sohalari rivojiga katta hissa qo‘shgan. Lekin shu choqqacha uning hayoti va ilmiy merosi bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazilmagan. Markazda ushbu “Jome’ul musnad” kitobini o‘rganish va tarjima qilish bo‘yicha muayyan ishlar boshlab yuborilgan. Tadqiqotlar davomida allomaning hayoti va ilmiy merosiga oid yangi ma’lumotlar yuzaga chiqadi degan umiddamiz.

 

Yo‘ldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi

 


 

[1] Али ибн Ҳисомиддин Ҳиндий. Канзул аъмол (Vol. 2). –Байрут. 1989.

 

[2] Хайриддин Зириклий. Аълом (Vol. 5). Дорул илм. 2002.

 

[3] Абдулкарим Самъоний. Ансоб (Vol. 2). –Байрут. 1998.

 

[4] Абу Умар Муҳаммад Азҳарий. Мустахриж аъла Саҳиҳил Бухорий ва мусаммо бил Жамиъил муснад. Қоҳира. 2020.

 

[5] Абулқосим Али ибн Ҳасан. Тарихул мадинати Димашқ ва зикри фазлиҳа ва тасмияти мин ҳиллиҳа минал амасил. –Байрут. 1995.

 

[6] Неъматулло Муҳаммедов. Шош воҳаси олимларининг илмий-маънавий мероси. –Тошкент. 2007.

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry