10.01.2023
176

MOTURIDIYLIK TA’LIMOTINING BUXORO MAKTABI VAKILLARI

Qadimdan ilm-ma’rifat markazlaridan biri bo‘lgan Buxoro hozir ham diniy va dunyoviy bilimlar sohasida bebaho asarlar qoldirgan buyuk allomalari va betakror tarixiy obidalari bilan jahon ilm ahlining diqqatini tortadi. Bu diyor qadimdan nafaqat Buyuk Ipak yo‘lidagi tijorat va madaniyatlar tutashgan chorraha, balki ilm-ma’rifat integratsiyasining muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qilgan. Madrasa, masjid va maktablar kabi o‘zining mashhur ilm maskanlari dunyoning turli burchaklaridan kelgan tolibi ilm, mutakallim, faqih, muhaddis va mutasavvif olimlarning dastlabki tayanch nuqtasi bo‘lgan. O‘rta asrlarda Buxoroda 350 ta masjid va 80 ta madrasa bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi hozirgacha saqlanib qolgan.

Tarixda “Qubbatul islom” deya nomlangan bu tabarruk zaminda islom bilimlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Abu Hafs Kabir Buxoriy, Imom Buxoriy, Ibrohim Saffor Buxoriy, Nurid­din Sobuniy Buxoriy, Muhammad ibn Abu Bakr Buxoriy va boshqa ko‘plab allomalar tug‘ilib voyaga yetgan. Bunday buyuk zotlarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida bugun yurtimiz olimlari tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga allomalarimiz­ning hanuzgacha ilm ahliga,  xalqimizga nomlari tanish bo‘lmagan, dunyo fondlarida o‘z tadqiqotchisini kutib yotgan tarixiy, ilmiy merosini topish va tadqiq qilish ishlarini yanada faollashti­rish bugungi avlod oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Yaxshi ma’lumki, o‘rta asrlarda hanafiy mazhabi va moturidiya kalom maktabining rivoj­lanishiga buxorolik allomalar munosib hissa qo‘shgan. Quyida Buxoro zaminidan yetishib chi­qib, fiqh va kalom ilmlari sohasida ulkan ilmiy meros qoldirgan zabardast allomalar haqi­da to‘xtalamiz.

Ma’lumki, moturidiya ta’limoti va uning g‘oyalari alloma vafotidan so‘ng shogirdlari va izdoshlari tomonidan keng yoyilgan. Bu o‘rinda buyuk mutakallim Abu Muin Nasafiyning xizmatlari beqiyos. U Samarqand va Buxoroda bir muddat yashab, o‘zining shogirdlariga kalom ilmidan dars bergan. Alloma Buxoroda yashagan kezlari u kishidan Saffor Buxoriy va Nuriddin Sobuniy Buxoriy kabi olimlar kalom ilmidan ta’lim olgan. Manbalarda Muhammad ibn Abu Bakr Imomzoda Buxoriy nomli alloma ham Buxoroda hanafiy fiqhi va moturidiya ta’limoti tarqalishiga hissa qo‘shgan olimlar qatorida zikr qilingan. Saffor Buxoriy o‘z davrida zamondoshlari orasida “Faqih”, “Zohid”, “Ruknul islom” va “Ruknud din” unvonlariga sazovor bo‘lgan. Mutakallimning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi, xususan, kalom ilmiga oid ta’limoti moturidiylik madrasasi asosida tatbiq etilgan. Mutakallimning hayoti va uning ilmiy-ma’naviy merosi, xususan, kalom ilmiga oid ta’limotini o‘rganish katta ahamiyatga ega. Saffor Buxoriy X asrning ikkinchi yarmida va XI asrning birinchi choragida Movarounnahrda ahli sunna val jamoa mazhabining qaror topishi va uni hayotga tatbiq etilishiga katta hissa qo‘shgan allomalardan hisoblanadi. Saffor Buxoriy o‘z davrining taniqli allomalaridan biri bo‘lib, Buxoroning yetakchi imomlaridan biri sifati­da ham shuhrat qozongan. U yashab, ijod qilgan davrda Buxoro Samarqand kabi ilm-fan rivoj­lan­gan shaharlardan hisoblangan. Alloma ma’lum sabablarga ko‘ra ona shahri Buxorodan Marvga surgun qilingan va bir muddat Samarqandda bosh imom bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Shu fursatdan foydalanib, o‘zining asarlarini mukammallashtirgan va juma kunlari xalqdan kelib tushgan turli aqidaviy va fiqhiy masalalarga fatvo bergan. Saffor Buxoriy ilmu irfonda yetuk, hanafiy mazhabini mahkam tutgan ziyoli oilada ulg‘aygan. Muhammad ibn Abdulhay Laknaviyning yozishicha, Saffor Buxoriyning otasi, bobosi va katta bobolari ham hanafiy fiqh ilmi sohasidagi ulkan salohiyatlari bilan el-yurt orasida tanilgan edilar.

Alloma tavallud topgan sana haqida yozgan tarixchilardan Xayriddin Zirikliy o‘zining “al-A’lom” va Umar Rizo Kahhola “Mu’jam al-muallifin” nomli asarlarida uning 460/1065 yilda Buxoroda tug‘ilganligi haqida yozganlar. Uning vafoti haqida esa aksar manbalarda 534/1139 sana zikr qilinadi. Binobarin, alloma 74 yil umr ko‘rib, rabiul avval  oyining 26-kunida Buxoroda vafot etgan.

Saffor Buxoriyning mashhur hanafiy-moturidiy olimi bo‘lib tanilishida o‘sha davrdagi Buxorodagi ilmiy-ma’naviy hayot u uchun ilm o‘chog‘i vazifasini o‘tagani manbalarda aytib o‘tilgan. Lekin Saffor Buxoriyning ta’lim-tarbiyasiga eng katta hissa qo‘shgan shaxs, uning otasi hisoblanadi.

Saffor Buxoriy otasi Ismoil ibn Abu Nasr (vaf.461/1069) shuningdek, Abu Hafs Umar ibn Mansur ibn Bazzoz (vaf.466/1074), Abu Muhammad Abdulaziz Kirmoniy, Abu Muhammad Fazl Karudiy va Abu Ya’qub Sayyoriy kabi olimlardan ta’lim olgan.

Manbalarda Saffor Buxoriydan bir qancha kishilarni ta’lim olganligi qayd etilgan. Kardariy va Ali Marg‘inoniyning ustozi Abu Abdulloh Nosiriddin Muhammad ibn Sulaymon O‘shiy (vaf. 592/1195), Abul Fath Muhammad ibn Muhammad Nasafiy va shayxulislom Ahmad ibn Usmon Osimiy Balxiy,  Abdulkarim Sam’oniy (vaf. 562/1166), Abu Muhomid Qavomiddin Hammod ibn Ibrohim Saffor (vaf. 576/1180) va Abulmafoxir Hasan ibn Mansur O‘zgandiy Farg‘oniylar (vaf. 592/1196) Saffor Buxoriyning shogirdlari hisoblanadi.

Saffor Buxoriy kalom ilmiga oid “Talxisul adilla li qavoidi tavhid” (Tavhid ilmi qoidalari haqidagi dalillarning qisqacha mazmuni) va “Risola fil kalom” (Kalom ilmi haqida risola) nomli asarlar yozib qoldirgan. Bular ilm ahli tomonidan yuksak baholanib, hatto hozir­gi kunda  ham Sharq va G‘arb sharqshunoslari, islomshunoslari va kalom ilmiga qiziquvchilar ora­sida katta obro‘-e’tiborga ega. Xususan, “Talxisul adilla li qavoidi tavhid” asari bir necha bor Sharq va G‘arb tadqiqotchilari tomonidan tadqiq etilgan.

Hozirgi kunda allomaning “Talxisul adilla” asarining 8 ta qo‘lyozma nusxasi Istanbul, Bag‘dod, Misr, Buyuk Britaniya va Ispaniya kitob fondlarida “Risola fil kalom” asarining Turkiya, Misr va Fransiya kutubxonalarida saqlanayotgan 6 ta qo‘lyozma nusxasi aniqlangan.

Nuriddin Sobuniy Buxoroning mashhur kalom ilmi olimi va moturidiylik ta’limotini Buxoroda tarqalishiga katta hissa qo‘shgan ulamolaridan biridir. Allomaning to‘liq ismi Ah­mad ibn Mahmud ibn Abu Bakr, kunyasi Abu Muhammad. Tabaqot kitoblarida ko‘pincha uning nomiga “Imom” va “Nuriddin” unvonlari qo‘shib aytiladi. Kalomga oid manbalarda esa, uni ko‘p hollarda “Nuriddin Sobuniy” deb zikr qilishgan.

Allomaning hayoti haqida ma’lumotlar ko‘p bo‘lmasada, boy oilaga mansub bo‘lib, sovun ishlab chiqarish bilan shug‘ullangani sababli bu oilaga “Sobuniy” nisbasi berilgani yozilgan. Sobuniy Abu Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1099), Alouddin Samarqandiy (vaf. 539/1144), Alouddin Usmandiy (vaf. 552/1157) va Ibrohim Saffor Buxoriy Hanafiy (vaf. 534/1139) kabi allomalar bilan zamondosh bo‘lgan.

Nuriddin Sobuniyning asarlari ko‘pchilik olimlar ixtilofda bo‘lgan, kalomga tegishli masalalarni tushunarli, sodda tilda va yengil uslubda yozilgani bilan ajralib turadi. Ba’zi olimlar asar yozishda Sobuniyning kitoblaridan naqllar, iboralar va dalillar keltirgan. Man­balarda Nuriddin Sobuniy va shayx Rashididdin o‘rtasida ilmiy munozaralar bo‘lib o‘tgani ha­qida ma’lumotlar mavjud. Bu shundan dalolat beradiki, Sobuniy fors tilini ham yaxshi bilgan.

Nuriddin Sobuniy kalom ilmini ustozi Abu Muin Nasafiydan uning “Tabsiratul adilla” asari asosida o‘rgangan. Shamsulaimma Kardariy fiqh ilmini Nuriddin Sobuniydan o‘rgangani haqida ham ma’lumotlar bor. Sobuniyning ijodida moturidiylik yo‘nalishiga doir asarlarning ta’siri seziladi. U turli chalkash va tortishuvli masalalarni ajoyib tushunarli tarzda bayon qilgan. Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiyning qarashlarini umumiy ma’noda qabul qilib, shularga asos­lanishi ko‘zga tashlanadi. Alloma shu tariqa moturidiylik yo‘nalishining tizimli mazhab holiga kelishi uchun katta xizmat qilgan. Kalom ilmidan boshqa yo‘nalishda asar yozmagan bo‘lsada, kitoblarining ma’lum bir qismi ko‘p bor ko‘chirilganini hisobga olsak, Sobuniyning olimlar orasida e’tirof va e’tibor qozongani ma’lum bo‘ladi.

Nuriddin Sobuniy 1184 yil 30 may kuni (hijriy 580 yil safar oyining o‘n oltinchi) asr namozidan so‘ng vafot etgan va Buxorodagi “Yetti qozi” qabristoniga dafn etilgan.

Sobuniyning quyidagi asarlari bizgacha yetib kelgan: “al-Bidoya fi usulid din” (Boshlang‘ich diniy ta’lim asoslari). Kitobning nomi ba’zan “Mulahhasul kifoya fil hidoya yoki talhisul kifoya” nomi bilan ham zikr etiladi “al-Kifoya fil hidoya” (Hidoyat haqida muxtasar kitob). “Al-Bidoya” asarining aslini tashkil etgan ushbu kitobning qo‘lyozma nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasi “Laleli” bo‘limida 2271 raqam bilan saqlanadi.

“al-Muntaqo min ismatil anbiyo” (Gunohlardan holi bo‘lish faqat payg‘ambarlarga xos). Ushbu asarining ham qo‘lyozma nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasi “Laleli” bo‘limida 2426 raqam bilan saqlanadi.

Allomaning asarlari bugungi kunda ham kalom darslarida o‘qitilishi diqqatga sazovordir. Ular kalom ilmining barcha masalalaridan xabardor bo‘lishni istaganlar uchun eng qulay manba bo‘lib xizmat qiladi.

Tarixda “Imomzoda” nomi bilan tanilgan Muhammad ibn Abu Bakr Buxoriy hanafiylik va moturidiylik ta’limotini Buxoroda keng yoyishda katta xizmat ko‘rsatgan allomalardan hisoblanadi. Alloma Buxoro markazidan 4 farsax (23 km) uzoqlikda joylashgan Sharg‘ qishlog‘ida hijriy 491, milodiy 1098 yilda tavallud topgan.

Muhammad ibn Abu Bakr “Imomzoda”, “Sharg‘iy”, “Jug‘iy”, “Jarg‘iy”, “Ruknul islom”, “Voiz”, “Muftiy ahli Buxoro”, “Majdud din” va “Sadud din” kabi faxrli unvonlar bilan tanilgan. Bir muddat Buxoroda muftiylik vazifasida ham faoliyat olib borgan. Fiqh, kalom, tasavvuf va adabiyot ilmlarini mukammallashtirgan.

Imomzoda Abul Fazl Zaranjariy (vaf. 512/ 1118), Abu Bakr Surxakatiy (vaf. 518/1124), Roziyiddin Nishopuriy (vaf. 585/1189) va Xoja Yusuf Hamadoniy (vaf. 535/1140)dan fiqh va kalom ilmlarini o‘rgangan.

Abul Muin Nasafiy (vaf. 508/1114), Ibrohim Saffor Buxoriy (vaf. 534/1139), Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy (vaf. 537/1142), Abu Bakr Alouddin Samarqandiy (vaf. 539/1144), Abu Sano Mahmud Lomishiy (vaf. 539/1144) va Abul Fath Alouddin Usmandiy (vaf. 552/1157) kabi faqih va mutakallim allomalarni o‘zining shayxlari deb e’tirof etgan.

Burhonul islom Zarnujiy (vaf. 610/1213), Shamsulaimma Kardariy (v.642/1244), Jamoliddin Mahbubiy Buxoriy (vaf. 630/1232), Ahmad ibn Abdulmalik ibn Umar ibn Abdulaziz va Sa’duddin Muhammad ibn Muhammad Avfiy va boshqalar Imomzodaning shogirdlari bo‘lgan.

Imomzoda Buxoriy Mavarounnahrda Imom Moturidiydan keyin uning ta’limotini tarqatgan va rivojlanishiga hissa qo‘shgan Abul Hasan Sirojiddin Ali Farg‘oniy O’shiy (v.575/1179) va Nuriddin Sobuniy Buxoriy (vaf. 580/1184) bilan zamondosh bo‘lgan.

Olim Buxoro mo‘g‘ullar tomonidan bosib olingan dastlabki davrda, (573/1177) yilda vafot etgan. Uning qayegda dafn etilgani to‘g‘risida aniq ma’lumot mavjud emas.

Allomaning ilmiy merosiga oid uchta asar aniqlandi. Ular – “Shir’atul islom”, “Uqudul aqoid” va “G’aroibul Qur’on”. Turkiyalik olim Rajab Jiji “Shurutus solat” nomli kitobni Imomzoda qalamiga mansubligini qayd etgan.“Uqudul aqoid” nazmiy uslubda yozilgan bo‘lib, uning qo‘lyozma nusxalari hozirda Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni, Suriya va Buyuk Britaniya kitob fondlarida saqlanib kelmoqda. Ushbu manzumaga Hamiduddin Homid ibn Ayyub Qurashiy “Mirqotul mubtadin” nomli sharh yozgan. U Buyuk Britaniya muzeyida saqlanadi.

Kitobning to‘liq nomi “Uqudul aqoid fi fununil favoid” (Foydali ilmlardagi e’tiqod mar­jon­lari) bo‘lib, ushbu asar hanafiy moturidiy aqidasi bo‘yicha yozilgan manzumalar orasida eng uzuni hisoblanadi va yozilish tarixiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda turadi. 770 baytdan iborat. Mual­lif yashagan davrda Buxorodagi diniy vaziyatdan kelib chiqib, 560/1164–1165 yillarda Sirojid­din O’shiyning “Bad’ul omoliy” manzumasidan 7–8 yil oldin bitilgan.

Imomzodaning ushbu asari e’tiqodiy masalalarga bag‘ishlangan bo‘lib, sodda va tushunar­li tarzda nazmiy uslubda yozilgan. Unda aqidada adashgan ba’zi mazhablar, falsafiy mushohada qiluvchilar, dahriylar, munajjimlar, bid’atchi firqalar: jahmiylar, botiniylar, jabariylar, mushabbihachilar, rofiziylar, qadariylar va mo‘‘taziliylarga raddiyalar berilgan. Ushbu asar sofdil, ixlosmand xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz turli yot oqimlar ta’siriga tushib qolishining olidin olishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, moturidiylik ta’limoti Imom Moturidiy vafo­tidan so‘ng, shogirdlari va Abul Muin Nasafiy boshchiligidagi ta’limot davomchilari yozgan asarlari va ularning sa’y-harakatlari bilan bu diyorlarda tarqalib, rivojlandi.

Ushbu sof aqidaviy ta’limot islom tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shdi va bu o‘rinda Buxorodan yetishib chiqqan allomalarning xizmatlari beqiyos bo‘ldi.

Tohir Evadullayev, 
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry