17.11.2022
218

Mamlakat barqarorligi kafolati

Markaziy Osiyoda, xususan, mamlakatimiz hududida azaldan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega bo‘lgan, xilma-xil dinlarga e’tiqod qilgan xalqlar yashab kelgan. 

O‘zbekistonning jug‘rofiy-siyosiy jihatdan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani, ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘ygani diniy va madaniy hayotga katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘z navbatida, bu yerda yashagan tub aholining madaniyati ham ularga ta’sir o‘tkazgan va o‘ziga xos turmush tarzini shakllantirishda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilgan. 

“Tolerantlik” iborasi o‘zbek tilida “bag‘rikenglik”, “chidamoq”, “sabr qilmoq” degan ma’nolarni anglatib, insonning shaxsiy tushunchalaridan qat’i nazar, muayyan fikr yoki qarashlarni imkon qadar toqatlilik bilan qabul qilishini anglatadi. Bu tushuncha deyarli barcha tillarda bir xil yoki bir-birini to‘ldiruvchi ma’no kasb etadi, ya’ni muruvvatlilik, himmatlilik, kechirimlilik, mehribonlik, hamdardlik kabi ma’nolarda ham qo‘llanadi.

Xalqaro tashkilotlar orasida eng nufuzlisi hisoblangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1945-yil qabul qilingan Ustavida davlatlarning o‘zaro bag‘rikenglik ruhida, yaxshi qo‘shnichilik kayfiyatida yashashi, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda hamjihat bo‘lib harakat qilishi asosiy maqsadlardan biri ekani alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Bugungi globallashuv jarayonida jamiyatda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Ushbu vazifani amalga oshirish yuzasidan BMTning Fan, ta’lim va madaniyat ishlari bo‘yicha tashkiloti — YUNESKO tomonidan 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar, jumladan, 1995-yil 16-noyabrda Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasining qabul qilingani ham ushbu masalaning naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi. 

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 130 dan ziyod millatlar va elatlar, 16 ta diniy konfessiya, 150 ga yaqin milliy-madaniy markaz mavjud bo‘lib, ular o‘rtasida bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylash, barcha fuqarolarga e’tiqod qilish hamda ibodatlarni emin-erkin ado etish uchun zarur sharoitlar yaratib berish, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada rivojlantirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 12-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat loyihasi asosida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirildi. Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ham turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni asrab-avaylash, yanada sayqallashtirish ustuvor masala sifatida belgilangan.

Ma’lumki, har bir din o‘z izdoshlarini millati, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, birdamlikka, o‘zaro yaxshilik qilishga undaydi. Islom dinidagi “jamoatdan ajralmaslik”, “odamlar teng huquqliligi” g‘oyalari buning yorqin misolidir. Barcha insonlar jinsi, irqi, rangi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barobar hisoblanadi. Bu haqda hadislarda: “Insonlar taroq tishlari kabi tengdirlar. Arabning boshqa xalqlardan, oqning qoradan, erkakning ayoldan ustunligi yo‘q. Faqat, taqvoda xolos”, deyilgan.

Qur’onda “Rum” surasining 22-oyatida odamlarning tili va rangidagi farqlar Yaratganning mo‘‘jizasi ekani ta’kidlangan. Milliy va diniy rang-baranglik hamda e’tiqod erkinligini qaror toptirish masalalarida Qur’on butunlay bag‘rikenglik ruhi bilan sug‘orilgan, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Alloh dastlab odamzodni bir ummat qilib yaratgandi, so‘ngra ularni turli qabila, xalq va dinlarga ajratdi. Bunday rang-baranglikdan maqsad — insonlarni umumiy farovonlik yo‘lida o‘zaro musobaqalashishga targ‘ib qilishdan iboratdir. 

“Agar Rabbingiz xohlasa edi, Yer (yuzi)dagi barcha kishilar yoppasiga imon keltirgan bo‘lur edilar. Bas, Siz odamlarni mo‘min bo‘lishlariga majbur qilasizmi?!” (Yunus surasi, 99-oyat) oyatidan dinlarning turli-tumanligi Yaratgan tomonidan o‘rnatilgani, uni bekor qilish yoki hammani bir din bayrog‘i ostida zo‘rlab birlashtirish mumkin emasligi ma’lum bo‘ladi.

Bag‘rikenglik masalasida payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom islom ummatigagina emas, butun insoniyatga namuna bo‘ldilar. Najrondan Madinaga tashrif buyurgan nasroniylar jamoasi o‘z ibodatlarini bajarib olishlari uchun Rasululloh alayhissalom Masjidi nabaviyni ajratib berganlari tarixdan ma’lum. Shuningdek, u zot ahli kitobdan bo‘lgan qo‘shnilari bilan yaxshi munosabatda bo‘lar, hadya berib, ulardan ham turli hadyalar qabul qilardilar. Qo‘shnichilik odoblari, ularga yaxshilik qilish borasida Rasululloh alayhissalomdan ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin”. Ulamolar mazkur hadislarni o‘rganib chiqib, yaxshilik faqat musulmon qo‘shniga emas, balki boshqa din vakiliga ham birdek qilinadi, deydilar. Bu borada quyidagi rivoyat naql qilinadi: Bir kuni sahobiylardan Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu xizmatkoriga bir qo‘y so‘yishni buyuradi. Xizmatkor ishga kirishgach, unga: “Qo‘yni so‘yib bo‘lgandan keyin, uni tarqatishni yahudiy qo‘shnimizdan boshlagin”, deb takror-takror ta’kidlab, so‘ng “Rasululloh alayhissalomning: “Jabroil menga qo‘shnichilik haqqi borasida shu darajada ko‘p ko‘rsatma berdiki, men qo‘shni ham meros olsa kerak, deb o‘ylab qoldim”, deganlarini eshitganman, dedilar.

Qur’onda olam barcha xalq va din vakillari tinch-totuv yashaydigan zamindir, deb e’lon qilingan. Umuman olganda, Qur’oni karimning ellikdan ortiq suralaridagi yuzlab oyatlarda musulmonlar mo‘min-qobillik, tinchlikparvarlik va boshqa e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikenglikka da’vat etilgan. Demak, islom dini azaldan insoniyatga asl muruvvatni, hatto o‘zga din vakillariga ehtirom hamda bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatib, ular bilan tinch-totuv yashashga, fitna va turli adovatlarga barham berishga chaqirgan.

Taassufki, bugungi kunda dindan o‘zaro adovat uyg‘otish hamda ayirmachilik maqsadida foydalanishga urinayotgan kuchlar mavjud. Bunda ular asrlar osha bir o‘lkada yashab kelgan turli xalqlar hamda din vakillari o‘rtasida nizo urug‘ini sochish orqali jamiyatda ijtimoiy vaziyatni izdan chiqarish, shu yo‘l orqali davlat hokimiyatini qo‘lga kiritishdek manfur maqsadni ko‘zlab ish olib bormoqda. 

Islom olami ligasining “Islomda tinch-totuv yashash” mavzuidagi konferensiyasining yakunlovchi bayonotida keltiriladi: “Islom dini barcha millat, xalq va davlatlar o‘rtasida tinch-totuv yashashga buyuradi va quyidagilarni muhim deb hisoblaydi:

– islomning eng yuksak g‘oyasi bo‘lgan tinchlikni targ‘ib qilish va insonlar xavfsizligini ta’minlash;

– inson sha’nini ulug‘lash va uning huquqlarini hurmat qilish;

– o‘zgalarni dinga majburlamaslik va ularga nisbatan adolatsiz bo‘lmaslik. 

Asrlar mobaynida o‘lkamizning shaharu qishloqlarida masjid, cherkov va sinagogalar emin-erkin faoliyat ko‘rsatib, turli millat hamda dinga mansub qavmlar hamjihatlikda o‘z diniy marosimlarini ado etib kelishgan. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy mojarolar kuzatilmagan. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi. Bu esa millati va dinidan qat’i nazar, insonni ardoqlash, o‘zgalarni qadrlash, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish kabi tuyg‘ular o‘lka aholisining qon-qoniga singib ketganidan dalolat beradi. Aynan shu sifatlar xalqimizga xos bo‘lgan bag‘rikenglikning ma’naviy asosini tashkil qiladi. 

Boy tarixiy tajribaning davomi sifatida bugungi kunda ham yurtimizda turli millat va elat vakillari hamda o‘ndan ortiq diniy konfessiyaga e’tiqod qiluvchi shaxslar bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab kelmoqda. Ularning urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarining rivojlanishi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, jamiyat hayotining barcha jabhasida faoliyat ko‘rsatishida mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik, ayniqsa, tinchliksevar xalqimizning bag‘rikengligi muhim omil bo‘lmoqda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida mavjud ikki yuzga yaqin davlatda 7000 til va lahjada so‘zlashuvchi 7,7 milliard aholi istiqomat qiladi. Jahonning etnik xaritasiga nazar tashlasak, bugungi kunda dunyoda bir necha yuztadan tortib bir necha yuz milliongacha izdoshlarga ega bo‘lgan turli dinlarga e’tiqod qiluvchi 2000 ga yaqin millat va elatlar yashayotganining guvohi bo‘lamiz. Shunday ekan, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va do‘stona aloqalarni o‘rnatish dunyoda barqarorlik hamda osoyishtalikni ta’minlashning asosiy omili bo‘lib qolaveradi.

Jamoliddin KARIMOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori.

Qo‘shimcha malumot

Imom Moturidiy hayoti va faoliyatiga chizgilar
Muallif: Ahmad Sa’d DamanhuriyTarjimonlar: S.Abdullayev, O.Ikrombekov🗓 Sana: 2023📝 Hajmi: 264 bet📖 Ushbu kitob misrlik moturidiyshunos olim Ahmad Sa’d Damanhuriyning Imom...
ZAMONAVIY TARIQATCHILIKNING IJTIMOIY ZARARLARI
Tasavvuf ta’limoti uzoq davrlar mobaynida jamiyatning turli tabaqalari o‘rtasida do‘stlik, birodarlik rishtalarini ildiz otishiga zamin yaratgan. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p...
ULAMOLAR SOXTA SUFIYLIK HAQIDA
Tarixan, inson qalbini poklash, uni ruhiy-ma’naviy jihatdan yuksaltirishni maqsad qilgan tasavvuf ta’limoti yurtimizda keng taraqqiy etib kelgan. Tasavvuf yo‘lida riyozat...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry