15.11.2022
300

MO‘TAZILIYLIK OQIMI AQIDAVIY QARASHLARINING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI (3-qism)

Abul Muin Nasafiy ularning bu fikriga qarshi fikr yuritib, maqtul (o‘ldiriluvchi) o‘zining ajali bilan o‘lganini ta’kidlaydi. Chunki Alloh azaliy ilmi – xabardorligidan uning ajalini shu tarzda belgiladi. Hadisda kelgan “uzaytirish” banda ibodatlaridan ma’lum narsani qo‘lga kiritishini Alloh oldindan bilgani tufayli sodir bo‘ladi. Shu sababga ko‘ra, uning umrini 40 yil o‘rniga 70 yilga ziyoda qiladi. Uning ajali ham, tabiiyki, 40 yoshida emas, 70 yoshida keladi. Qatl kasb va mubosharat ma’nosida bandaning, o‘lim esa, Allohning fe’lidir. Alloh uni bandaning fe’li natijasida yo‘qdan bor qildi.

Demak, o‘limni vujudga keltiruvchi Allohdir: “Qachonki, ularning muhlati kelar ekan, (uni) biror soat kechga ham, ilgariga ham sura olmaydilar” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:154). Har bir ajalning o‘z vaqti bor. Undan qochib, qutulib bo‘lmaydi. Shunday ekan, har qanday holatda maqtul o‘z ajali bilan o‘lgan hisoblanadi (Abul Muin Nasafiy, 1993:2/276; Abu Bakr Boqilloniy, 1369/1950:332). Mo‘taziliylar ahli sunna e’tiqodiga xilof tarzda, jannat va do‘zax yaratilmagan deb hisoblaydilar. Ahli sunna, shuningdek, Abu Ali Muhammad ibn Abdul Vahhob Jubboiy (850–915), Bishr ibn Mu’tamid va Abu Said ibn Abu Hasan Yasor Basriy (642–728) jannat va do‘zaxning hozir ham mavjud ekanini ta’kidlaganlar. Ammo Ibod Saymariy, Ziror ibn Amr, Abu Hoshim va Qozi Abdul Jabbor (vaf. 1025) singari aksar mo‘taziliylar ilgari surgan g‘oyaga ko‘ra, ular maxluq emas, balki yavmul jazo (mukofot kuni, qiyomat)da yaratiladi (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:290). Mo‘taziliy Ibod Saymariy jannat bilan do‘zaxning maxluq bo‘lganiga aql bovar qilmaydi degan fikrga yopishib oladi.

Xuddi shuningdek, Abu Hoshim ham eshitish dalili bilan ayni shu yo‘ldan boradi. Ibodning daliliga ko‘ra, “agar ular ikkalasi mavjud bo‘lsa, yo osmonda, yo elementlarda, yo boshqa bir olamda bo‘lar edi”. Bularning barchasi botil. Abu Hoshim o‘z fikrining isboti tariqasida ikki sabab ko‘rsatadi: 1. Alloh jannatni vasf qilgan: “Jannatning yemishi, ya’ni u doim iste’mol qiladigan narsalar”. “Hamma narsa”. Ya’ni, mavjud. Agar jannat maxluq bo‘lsa, undagi yemishlar ham maxluq sifatida o‘limga mahkum bo‘ladi. Birinchi oyat bilan uning doimiy bo‘lmasligi botil bo‘ladi. 

Demak, jannat hozir maxluq emas – yaratilmagan. Do‘zax ham shu kabidir. 2. Jannat ta’riflangan boshqa oyat ham bor: “Uning maydoni yeru osmonlar bilan barobardir” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:67). Bu holatni osmon va yer yo‘q bo‘lib ketganidan keyin jismlarning bir-biriga kirishishidan saqlangan holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Demak, yo “eru osmonlar” mavjud bo‘ladi yoki jannat. Ular birgalikda bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lishi mumkin emas, bunga aql bovar qilmaydi. Mo‘taziliylar savob va jazo kunidan oldin ularni yaratishdan foyda yo‘qligini ta’kidlab, jannat va do‘zaxning maxluq emasligini dalillaydilar (Abdulmalik Abu Maoliy Juvayniy, 1950). Chunki Alloh bandalarini faqat qiyomatda savob va gunohlar tortilib, yakuniy xulosa chiqarilgachgina, jannat yoki do‘zaxga kiritadi. Shunday ekan, o‘sha kun kelgunga qadar ularga ehtiyoj yo‘q. Ibod Saymariyga qarshi sunnat ahlining dalili: – jannat va do‘zax ikkisi bir jismda o‘zaro kelishishi mumkin; – ular boshqa bir olamda mavjud bo‘lishi mumkin; – Abu Hoshim keltirgan dalil – “uning ostida anhorlar (doimo)” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:254) oyatidagi “doimo”dan almashib turishning davomiyligi nazarda tutiladi. Ya’ni, har safar undan bir narsa yo‘q bo‘lganda, uning o‘rnini bosadigan boshqa bir narsa paydo bo‘ladi; – “Maydoni osmonlaru yerga teng” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:67) oyatidan jannat va do‘zax yo‘q degan xulosa chiqarilmaydi.

Ushbu oyatdan maqsad jannatning maydoni boqiy hayotda ham, foniy hayotda ham aynan yeru osmonlar hududidan farq qilishidir. Shunday ekan, bir kenglik bir vaqtning o‘zida ikki joyda mavjud bo‘la olmaydi. Bu mumkin emas. Shuning uchun ushbu oyat jannat va do‘zaxning hozirda yaratilmaganini isbotlamaydi; – rohat baxsh etish va azoblashdan oldin jannat va do‘zaxdan, uning yaratilishidan foyda yo‘qligi xususidagi qarash ham botil va asossiz. Chunki “Alloh taoloning ishlari, haq ahlining usuliga ko‘ra, manfaat (maqsad) asosiga qurilmaydi. Alloh taolo xohlagan narsasini amalga oshiradi. Istaganicha hukm chiqaradi” (Abdulmalik Abu Maoliy Juvayniy, 1950). 

Ahli sunna jannat va do‘zaxni maxluq – yaratilgan deyishda quyidagi oyatga tayanadi: “Rabbingizdan (bo‘luvchi) mag‘firatga va kengligi osmonlaru Yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari (solih amallar qilish bilan) shoshilingiz!” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:67). “Yonilg‘isi odamlar va tosh (but va sanam)lardan iborat, kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqingiz!” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:4) oyatlardagi “tayyorlangan” so‘zi ularning hozirda yaratilgan ekaniga dalolat qiladi. Shuningdek, Odam alayhissalom qissasida avval uning jannatga kiritilishi, keyin esa, shayton vasvasasi bilan undan sodir bo‘lgan zalolat sababli u yerdan chiqarilishi bayon qilingan. Abul Muin Nasafiyning yozishicha, “Alloh taolo jannat va do‘zaxni yaratdi. Hech qachon ularni yo‘q qilmaydi. Chunki ular savob va azobning makonidir. Savob va iqob makoni esa, hech qachon yo‘q bo‘lmaydi. Chunki Alloh taolo o‘zining quyidagi so‘zlari bilan ularni istisno qiladi: “Sur chalinishi bilan osmonlar va Yerdagi bor jonzot o‘ladi, illo Alloh xohlagan zotlargina (tirik qolurlar)” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:466). 

Ya’ni, jannat va do‘zaxdagi azob farishtalaridan boshqa barcha o‘ladi” (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:291). Abul Muin Nasafiy osmon va yerning mavjudligiga qaramasdan, jannat va do‘zaxning borligiga shu tariqa dalil keltirib, “ular yeru osmon yo‘qotilganidan keyin yaratiladi”, deguvchilarga qarshi fikr bildirgan: “Alloh taolo jannatni osmonlar hududida emas, yetti osmon ustida yaratdi. Binobarin, ular ikkalasi osmonlarning yo‘q bo‘lishi bilan yo‘q bo‘lmaydi. U ming-ming osmonlarga barobar bo‘lgach, qanday qilib osmonlar ichida bo‘lishi mumkin?!

Alloh aytadi: “Sidratul muntaho” daraxtning oldida. “Ma’vo bog‘i” ham o‘sha (daraxt)ning oldidadir” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:526). O’sha joy – Sidra osmonlar ustida. Do‘zax – yer ostida. Kofirlarning ruhi u yerda hibsda turadi”. Demak, jannat ham, do‘zax ham hozirda yaratilgandir. Mo‘taziliylar sirot, mezon, hisob va havz mavjud emas deb hisoblaydilar (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:388). Ahli sunna nazdida esa, sirot uzun ko‘prik bo‘lib, jahannam ustida o‘rnatilgan (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:289) Bu borada hadis bor: “Jahannam ustiga sirot o‘rnatiladi. Makonni to‘sib turadi. Payg‘ambarlar ularga: “Salomat qil, salomat qil!” – deydilar. Keyin odamlar uning ustidan o‘tadilar. Ulardan ba’zilari yashindek tez, ba’zilari yilqi uyuridagi chopqir ot singari o‘tadilar. Oxirigacha shunday bo‘ladi” (Abu Bakr Boqilloniy, 1369/1950:45–48; Abu Homid G‘azzoliy, 1992:114).

Abul Muin Nasafiyning fikricha, sirot ustidagi tarozi va hisob shunday bo‘ladi: Har bir kishining yaxshiliklari va yomonliklari taroziga tortilib, o‘lchanadi. Yaxshiliklar tomoni og‘ir kelsa, u to‘g‘ri jannatga o‘tadi. Kimki birovlarga ozor yetkazganlar toifasidan bo‘lsa, yomg‘ir misoli do‘zaxga tushadi. Har bir banda sirot ko‘prigi ustida yetti maqom – bosqichdan o‘tadi, ya’ni yetti bosqichda yetti narsa – imon, tahorat va g‘usl, namoz, ro‘za, haj, zakot, ota-onaga mehribonlik ko‘rsatish haqida so‘raladi (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:291). Abul Muin Nasafiy bu bilan sirotning borligini ta’kidlab qolmasdan, uning jannat va do‘zaxga olib boruvchi yo‘l ekanini ham aytadi. Undan jannat ahli kabi, do‘zaxga hukm etilganlar ham o‘tadi. Binobarin, do‘zax ahli sirot ustidan jannatga tomon o‘z yo‘lini davom ettira olmaydi va jannatga yetib kelishdan oldin jahannamga qulaydi.

Ayrim mo‘taziliy olimlarning fikricha, sirot ko‘prigi faqat jannatga eltuvchi yo‘l bo‘lib, yuqorida aytilganidek, soch tolasidan ham ingichka yoki qilichdan ham o‘tkir emas. Aql va mantiq nuqtai nazaridan bu kabi yo‘ldan o‘tib bo‘lmaydi – unga oyoq qo‘ygan har qanday inson halokatga giriftor bo‘ladi. Ahli sunna bunday fikrlovchilarga e’tiroz bildirib, bunday deydi: “Ular o‘z aqllarining kaltaligi sababidan tasavvurlarida xatoga yo‘l qo‘yganlar. Chunki qudratli Alloh xohlasa, havoda ham, suvda ham yura oladigan insonni yaratishga yoki inson jismini tig‘ kesmaydigan, o‘t kuydirmaydigan qilib qo‘yishga ham qodir. U o‘zining ilohiy qudrati va hikmati bilan sirotning ustida yurishni nasib qiladi. Shunga ko‘ra, ularning so‘zlari o‘z-o‘zidan asossiz bo‘ladi. Bunga yana bir dalil, yuqoridagi hadisi sharifda aytilganidek, sirot ustidan o‘tish qudratining turlicha yaratilishidir. Ya’ni, ba’zi odamlarga yashin tezligida o‘tish nasib etsa, ba’zilarning o‘tish holati esib turgan shamol tezligida bo‘ladi. Ba’zilari chopqir ot tezligida o‘tadilar. Ulardan ba’zilarining oyoqlari holdan toygan, qo‘llari osilib qolgan bo‘ladi. Ba’zilar yuzlariga urib, xirillaydilar. Hamma o‘z amaliga yarasha, Alloh taolo nazarda tutgan mavqeiga ko‘ra quvvatga ega bo‘ladi. Shu bilan mo‘taziliylar va ularning tarafdorlariga tegishli sirotni inkor qilish, uni o‘zlarining yengil-elpi qarashlariga ko‘ra ta’vil qilish bo‘yicha ko‘rsatgan dalillarining puch, asossiz ekani ayon bo‘ladi”.

Ziror ibn Umar va Bishr Marisiyga o‘xshash ba’zi mo‘taziliylar hamda keyingi davr mo‘taziliylarining aksariyati qabr azobini inkor qiladi (Abul Muin Nasafiy, 1993:326). Ularning bu masaladagi dalillari qabr azobini hayotsiz tasavvur qilish mumkin emas, degan fikr asosiga qurilgan (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:299). Mayyitda esa, hayot yo‘q. Shunday ekan, unga nisbatan azob, savol-javob ham mumkin emas (Abul Muin Nasafiy, 1993:326). Bundan tashqari, bu “bir tug‘ilish, bir o‘lish va bir tirilish” g‘oyasiga ham ziddir. Mo‘taziliy Jubboiy va uning o‘g‘li Balxiy Munkar va Nakirni shu tariqa inkor qiladi: “So‘roq vaqtida kofirning g‘uldirab gapirishidan sodir bo‘ladigan gaplar Munkar, Nakir esa ikki farishtaning unga nisbatan haqorat qilishidir”. Ayrim mo‘taziliylar, karromiylardan bo‘lgan Abu Hasan Solihiy va Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy (839–923) fikricha, hayot alomati bo‘lmagan mayyit azoblanadi. Bunda mayyitga hayot qaytarilishi shart bo‘lmaydi. Ya’ni, Alloh jon, tiriklik alomatlari bo‘lmagan mayyitni ham azoblayveradi. U bunga qodir. Abul Muin Nasafiy ularga raddiya berar ekan, jumladan, shunday yozadi: “Hayot ilm uchun shart. Hayotda ilmsiz og‘riq ham, quvonch ham bo‘lmaydi. Shunday bo‘lgach, qabrda azob bor. Bu holatda, albatta, hayotdan bir ko‘rinish hodis bo‘lishi shart. Bu hol Alloh taoloning inoyatidan uzoqda sodir bo‘lmaydi. 

Inson a’zolarida hayotning alomatlari paydo bo‘ladiki, o‘shanga nisbatan azob amalga oshiriladi”. Nasafiy fikricha, o‘lgan kishiga og‘riqni yoki rohatni sezadigan miqdordagi hayotni qaytarish Alloh taologagina xos. So‘ngra uni azobga soladi. Bu xususda shunday oyat bor: “Rabbimiz, bizni juft qilib o‘ldirding va juft qilib tiriltirding”. Hayot ruhi mayyitga qaytarilganida u tiriladi. Bundan tashqari, ruhni mayitga qaytarmasdan turib, hayotning bir ko‘rinishini sobit qilishi ham mumkin (Abul Muin Nasafiy, Tabsiratul adilla fi usulid din, 1993:326). Ahli sunna nazdida qabr azobi, Munkar va Nakir haq (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:300). Dalil esa “Kim Mening eslatmamdan yuz o‘girsa (kofir bo‘lsa), bas, uning uchun tang (baxtsiz) turmush (qabr azobi) bo‘lishi muqarrar” oyatidir (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:320). Abu Huzayl Allof va Bishr ibn Mu’tamid aytadiki, kofir ham ikki nafas o‘rtasida azobga tortiladi. Azobga solish haq ekan, tiriltirish ham aniq. Shuning uchun qabr azobi haqida gapirgan har bir kishi ularning ikkisi haqida ham gapirgan bo‘ladi. Demak, qabr azobi ham, tiriltirish ham bor. Qabr azobi haqida shunday hadis keltirilgan: “Qabr jannatning bog‘laridan bir bog‘ yoki do‘zaxning chuqurlaridan bir chuqurdir”. Mazkur hadis jannat va do‘zax masalasiga ham daxldor bo‘lib, u ikkisining ham yaratilganiga ishora qiladi. Binobarin, qiyomat qoim bo‘lguniga qadar qabrdagi mo‘min rohatda va aksincha, kofir va osiy azobda bo‘ladi.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz doimo “Auzu billahi min azobil qabr”, ya’ni, “Allohdan qabr azobidan (saqlasin deb) panoh so‘rayman” duosini takrorlab yurar edilar. Abul Muin Nasafiy kalom ilmi haqidagi asarlarida qabr azobini, Munkar va Nakirni isbot qilish uchun Qur’on oyatlari va hadislarda zikr etilgan barcha dalillardan keng ko‘lamda foydalanibgina qolmay, balki bu masala xususida xatolari bois g‘arq bo‘lgan va do‘zaxga kirgan Nuh qavmi haqidagi Qur’on oyatini ham dalil qiladi. Demak, qabr azobi haq bo‘lib, u musulmonlar uchun joiz, kofirlar uchun esa vojibdir (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:304). 

Mo‘taziliylikning aksar qarashlari “Banda – o‘z amallarining yaratuvchisi” g‘oyasi asosiga qurilgani, masalalar yechimida aqlni mutlaq sanagani sababli ahli sunna bilan ixtilof qilgan. Ularning nazdida, “Aql tarozisida tortib ko‘rilmagan har qanday fikr asossizdir”.

Ya’ni, bildirilgan fikrni aql qabul qilishi lozim. Ilmi g‘ayb esa, ko‘rinmas va ko‘p hollarda inson aqli qabul qilmas hisoblanadi. Barzax hayotida qabrning bog‘ yoki chuqurga aylanishi, sirot ko‘prigining soch tolasidan ingichka va o‘tkir qilichdan-da keskir, jannat hududining yeru osmonga barobar bo‘lishi kabilar shular jumlasidandir. Ahli sunna olimlari esa, Qur’on va hadisni birlamchi sanab, zarur o‘rinlardagina aqlga murojaat qilganlar. Shu bois ular qoldirgan benazir ilmiy meros har zamonu har makonda adashgan toifalar uchun raddiya sifatida dasturilamal hisoblanib kelmoqda.

Irgash DAMINOV
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi

 

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry