11.11.2022
397

MO‘TAZILIYLIK OQIMI AQIDAVIY QARASHLARINING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI (2-qism)

                                    

Ahli sunna e’tiqodi himoyachisi Abul Muin Nasafiy ushbu qarashga raddiya berib, har qanday rahbarga – hatto u zolim bo‘lsa ham – qarshi chiqish mumkin emasligi, aks holda, bu bog‘iylik hisoblanishi, bog‘iy esa, qattiq jazolanishi muqarrarligini ta’kidlagan. Mo‘taziliylar shafoat haqida ham turli fikrlarni bildirganlar. Bir guruh mo‘taziliylar shafoatni mutlaqo inkor qilgan bo‘lsalar, ayrimlari esa, uni payg‘ambarlar hamda farishtalarga xos deb bilganlar. Ular shafoat joiz bo‘lgan odamlarni uch toifaga ajratganlar:

1. Gunohi kabirasi bo‘lmagan, kichik gunohlarni sodir qilganlar.

2. Gunohi kabirani sodir qilgan, lekin undan tavba qilganlar.

3. Hech qanday gunoh sodir qilmagan mo‘minlar (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:283). Ahli sunna val jamoa hamda mo‘taziliylar, aslida, shafoat borasida emas, balki kimlar shafoatga loyiq ekani xususida ixtilof qilganlar.Ayni ushbu masalada Abu Hasan Ali ibn Ismoil Ash’ariy (873–935) mo‘taziliylardan ajralib chiqib, o‘z mazhabiga asos solgan. Ahli sunna nazdida gunohi kabirani sodir qiladigan odam, mo‘minligicha qoladi. Mo‘taziliylar fikricha, gunohi kabirani sodir qilgan inson, agar undan batamom qaytgan bo‘lsa ham, shafoat qilinmaydi. Shahvat ustun kelgan holatda sodir qilingan gunoh uchun Alloh taolodan mag‘firat so‘ralib, uning azobidan qo‘rqiladi. Shunday holatdagina u mo‘minligicha qoladi va o‘zining imonida davom etadi. U imonda qoladi va imoni noqis bo‘lmaydi (Abul Muin Nasafiy, 1993:237).

Mo‘taziliylarning fikricha, gunohi kabira sodir qilgan inson manzilatun baynal manzilatayn – imon va kufr o‘rtasida bo‘lib, imondan chiqadi, ammo kofir bo‘lmaydi. U o‘zi sodir qilgan gunohi kabirasidan tavba qilsagina, jannatga kirishi mumkin (Abul Muin Nasafiy, 1993:327). Shu asosga ko‘ra, ahli sunna val jamoa vakillari bunday inson shafoatga erishadi deb hisoblasalar, mo‘taziliylar esa, uning shafoatga haqli emasligini ta’kidlaydilar. Mo‘taziliylar o‘z so‘zlarining to‘g‘riligiga “Ular faqat (Alloh) rozi bo‘lgan kishilarnigina shafoat qilurlar” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:324), “Zolim (kofir) kimsalar uchun (u kunda) biror do‘st ham, ma’qullanadigan shafoatchi ham bo‘lmas” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:469) oyatlarini dalil qilib keltiradilar hamda bu kabi oyatlarga “ular jannatni unga sazovor, munosib bo‘lganlar uchun so‘raydi” deb sharh beradilar. Imomi Haramayn nomi bilan mashhur Abu Maoliy Abdulmalik ibn Abdulloh Juvayniy (1028–1085), fiqhda shofe’iylik, aqidada ash’ariylik e’tiqodida bo‘lsa-da, mo‘taziliylarning birinchi firqasi qarashlariga amal qilgan va shafoatni batamom inkor etgan. 

Qur’oni karimda qiyomat kunida musulmonlarni eng og‘ir gunohlardan himoya qilish xususida farishtalarning shafoati haqida bir necha bor zikr qilingan. Lekin ularda savobning ziyoda bo‘lishi haqida aytilmagan. Shu bilan birga, “Ularni yomon narsalardan saqla” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:468), – deb xabar berilgan. Bu bilan shafoatning haqligi isbot bo‘lgan. U gunohlar va yomonliklar xususidadir. Bu bilan Allohdan mag‘firat so‘raladi (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:469). Shu sababli Abul Muin Nasafiy ushbu oyatlarga mahkam yopishib olgan mo‘taziliylarga raddiya bergan. Ular Anbiyo surasida keltirilgan quyidagi oyatni dalil sifatida qabul qilganlar: “Faqat uning roziligini so‘raganlarga shafoat ko‘rsatadi” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:324). Bundan har bir mo‘min Alloh taoloning roziligiga erishgan degan xulosa kelib chiqadi. Itoatgo‘y, Alloh taoloning roziligiga sazovor yaxshiliklar qilgan kishilar, bu masalada gunohi kabira sodir qilgan mo‘min mo‘minligicha qoladimi yoki kofirga aylanadimi, degan ixtilof qolgan bo‘lsa-da, Alloh taoloning nazdida, uning rizoligiga erishganlardan bo‘ladilar. “Zolimlarga do‘stona munosabat yo‘q va itoat qilinadigan shafoat ham yo‘q” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:469) oyatidan ko‘rinib turganidek, zolim kofirga moyil shaxsdir (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:286). 

Bu oyatda “zolim”dan mutlaq zolim maqsad qilingan. U esa kofirdir. Bu borada Payg‘ambar alayhissalomning so‘zlari bor: “Mening shafoatim ummatimdan gunohi azim ahllariga tegishlidir” (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:282; Abu Iso Termiziy, 4/625). Shunga muvofiq, qiyomatda shirkdan boshqa har qanday katta gunoh sodir qilgan imonli shaxs Payg‘ambar shafoatiga sazovor bo‘lishi mumkin. Mo‘taziliylar rizq masalasida ham ahli sunna val jamoadan o‘zgacha fikrni ilgari surganlar. Ularning fikricha, faqat halol narsalar rizq hisoblanib, harom narsalar rizq hisoblanmaydi. “Bola ona ko‘kragidan emiziladigan sutdan rizq oladi. Hayvon bolalari ham onasi sutidan, shuningdek, dalalardagi har xil o‘t va o‘simliklarda o‘tlatish orqali rizqlanadi. Go‘daklar va hayvon bolalari va uchun u narsalar rizq bo‘lsa ham, ular uni o‘zlaricha egallay olmaydi. Mo‘taziliylar hayvonning suti uning bolasiniki emas, balki o‘ziniki, deb hisoblaydilar (ya’ni sut – qo‘zining emas, qo‘yning mulki). 

Rizq to‘liq egallanadigan (tamalluk) bo‘lsa, ularning nazdida, mulk qudrat ma’nosida bo‘ladi. Bunday holda yaratuvchi harom narsaga o‘sha haromni tanovul qilishga qudrati bo‘lgani nuqtai nazaridan mumallik – egalik qilgan bo‘lar edi. Chunki Alloh taolo unga rizq beruvchidir (Abu Bakr Boqilloniy, 1366/1947). Mo‘taziliylar va ash’ariylarga ko‘ra, harom narsa rizq bo‘la olmaydi. Chunki Alloh haromni rizq qilib bergani holda, uni qabul qilgan bandani jazolashi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ammo moturidiylar halol ham, harom ham – rizq degan fikrni ilgari surganlar (Abul Muin Nasafiy, 1417/1997:161). Chunki inson Alloh taolo yaratgan noz-nematlarni ixtiyoriy tanlashi, ulardan tanovul qilishi mumkin bo‘lib, bandada buning uchun ixtiyor mavjud. Ya’ni, inson tanloviga ko‘ra mukofotlanadi. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkin:

1. Ash’ariylikning bilan aqlga ustuvor tayanish borasida mu’taziliylik umumiy jihatlari ham mavjud bo‘lib, ular ayrim masalalarda hamfikr bo‘lganlar.

2. Moturidiylik qarashlari ash’ariylikka nisbatan naqlga yaqin.

Shu bilan birga, ta’limotining mo‘tadilligi bilan ulardan ajralib turadi. Alloh taolo xohlagan kishisiga o‘zi istagan aniq taqsimlangan rizqni beradi hamda uning yurish-turishini muhofaza qiladi. U narsalarning harom yoki halolligini biror kishi o‘zicha idrok eta olmaydi. Biror kishi o‘zidan boshqaning rizqini yeya olmaydi. O‘zining rizqi bo‘lmagan narsani ham yeya olmaydi. Undan boshqa odam ham uning rizqini yeya olmaydi. Bunga Alloh taoloning quyidagi so‘zlari dalil bo‘ladi:

1. “Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa!” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:222). Allohning zimmasida bo‘lgan rizq o‘zgarmasdir.

2. “Sizlarni yaratgan, so‘ngra sizlarni rizqlantirgan, so‘ngra vafot ettiradigan, so‘ngra (qiyomatda) tiriltiradigan zot Allohdir” (Abdulaziz Mansur tarjimasi, 2009:408).

Abul Muin Nasafiy nafaqat mo‘taziliylik, qadariylik, najjoriylik kabi adashgan toifalar, balki ahli sunnadan hisoblangan ash’ariylik vakillariga ham moturidiylik aqidasiga muvofiq raddiyalar bergan.

Bundan, bir tomondan, Nasafiyning Imom Moturidiy qarashlarining ko‘r-ko‘rona targ‘ibotchisi emas, aksincha, o‘z mustaqil qarashlariga ega alloma bo‘lgani ko‘rinadi. U keltirgan dalillar orqali moturidiylikning ash’ariylikka nisbatan mo‘tadilroq va ilmiyroq ekani namoyon bo‘ladi. Mo‘taziliylarning inson o‘limi borasidagi yondashuvi ham ixtilofli. Ularning fikricha, ajal tabiiy va notabiiy bo‘ladi. Bunda qarilik gashtini surib, tashqi ta’sirlarsiz o‘lgan insonning ajali tabiiy va aksincha, o‘ldirilgan inson o‘z ajalidan avval vafot etgan hisoblanadi. Mo‘taziliylar tavallud yoki mutavalladot haqida fikr yuritib, bandalarning fe’llarini ixtiyoriy va iztiroriy (majburiy), muboshir (ochiq-oydin) va g‘ayrimuboshir (maxfiy)- ga taqsimlaydilar. Ixtiyoriy fe’llar banda (namoz, ro‘za singari) o‘z xohishi bilan bajarishga intiladigan amallardir. Iztiroriy fe’llar o‘z-o‘zicha yuz berib, uning sodir bo‘lishida insonda hech qanday xohish va ishtirok yo‘q. Ular yong‘in uchun olovning ishtiroki momoqaldiroq paytida chaqmoq chaqishi kabi inson xohishidan tashqarida yuz beradi, deydi. Af’olul muboshira birlamchi, g‘ayrimuboshira esa, ikkinchi darajali amallar bo‘lib, af’olul mutavallida deb ataladi. 

Olim Iskofiy (vaf. 854) har bir fe’l hech bir maqsad va xohishirodasiz xatoga tushishi mumkin deb hisoblaydi. Ana shu natija mutavalliddir. Fe’llar faqat muayyan maqsad bilan amalga oshiriladi (Abu Hasan Ash’ariy, 1369/1950:2/409). Zarba vaqtida hosil bo‘ladigan og‘riq, insonning daydi o‘q zarbidan vafot etishi kabilar bunga misol bo‘la oladi. Mo‘taziliylar bu xatti-harakatlarning mas’uliyat chegarasidan tashqarida sodir bo‘lganini ta’kidlaydilar hamda banda o‘z amalining yaratuvchisi deb o‘ylagani uchun, mutavalladot – insonning ijodi, degan yo‘ldan yuradilar (Qozi Abdul Jabbor, 1965:4–5).

Bandaning fe’li irodasi va maqsadiga muvofiq holda vujudga keladi. Binobarin, u biror jismni sekin harakatga keltirishni xohlasa, yengilroq kuch bilan suradi yoki aksincha. Ayni shu holat og‘riq, kamonni tortib otishga ham taalluqli (Abul Muin Nasafiy, 1993:2/271).

Nasafiy nazdida mutavalladot Allohning maxluqidir (Abul Muin Nasafiy, 1993:2/271). Yaratish faqat Allohga xos. Qudratni namoyish qilish imkoniyati iktisob vaqtida ko‘rinadi. U yaratganning yagonaligiga dalolatdir. Ayni shu qudrat boshqa zotga ikki sabab bois bog‘liq bo‘lmaydi:

1. Har bir muhdis qudrat faqat bir maqdur bilan bog‘lanadi.

2. Og‘riq keltirgan zarbaga qaratilgan qudrat va kamonning uchib yurishi, mo‘ljalga tegishi, jarohat yetkazishi va o‘ldirishi uchun otish quvvati zarur. Jism harakat va harakatsizlikni mustaqil ravishda vujudga keltirishga qodir bo‘lsa, Buxorodagi kishi Bag‘doddagi jismni harakatga keltirishi mumkin bo‘ladi. Bu esa mumkin emas (Abul Muin Nasafiy, 1993:2/272–273).

Demak, Alloh mutavalladotni foil (bu o‘rinda yaratuvchi – I.D.) sifatida yo‘qdan bor qilgan. Ajal ham shu tarzda bo‘lib, undan o‘lim muqarrar qilingan vaqt tushuniladi (Taftazoniy Sa’diddin Ma’sud ibn Umar, 2000:126). Ushbu so‘zning “qarz muddatining tugashi” va “ko‘rsatilgan vaqtning yetib kelishi” ma’nolari ham bor. Har bir narsaning vaqti-soati bo‘lib, uning yetib kelishi ajaldir (Abu Bakr Boqilloniy, 1366/1947). Ajalga insonning daxli yo‘qligi sabab, u bandaning fe’li masalasidan uzoqdek tuyuladi. Ammo qatl va ajal o‘rtasidagi aloqa xususida ixtilof mavjud. Uning asosini “o‘ldirilgan mayyit qanday ajaldan o‘ldi?” masalasi tashkil etadi va u ayni shu jihati bilan af’olul ibodga daxldor bo‘ladi. 

Mo‘taziliylarda qatl qilingan shaxs o‘z ajali bilan emas, balki boshqa bandaning amalidan vujudga kelgan ajaldan o‘lgan hisoblanadi. Qatldan kelib chiqqan o‘lim qotilga taalluqli. Faqat tabiiy ajal Allohning fe’li hisoblanadi. Mo‘taziliylarning fikricha, inson, basharti, o‘z ajali bilan o‘lgan bo‘lsa, qotil jazo, xun va qasosga tortilmasligi lozim. Chunki insonning o‘z vaqtida sodir bo‘lgan ajali uchun boshqa bir odamni aybdor sanab, jazolash aqldan emas.

Irgash DAMINOV
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry