13.10.2022
398

SAYYID SHARIF JURJONIY VA UNING ILMIY MEROSI

Amir Temur hukmronlik yillarida yurtimizda faoliyat olib borgan Sayyid Sharif Jurjoniy 740/1340 yili Jurjon yaqinidagi Toku qishlog‘ida tavallud topgan. Olimning to‘liq ismi Abul Hasan Ali ibn Muhammad ibn Ali bo‘lib, sayyid nisbati payg‘ambar Muhammad (alayhissalom)ga nasab jihatidan bog‘liqligi sababidan berilgan (Gumush, 1985). U ajdodi Muhammad ibn Zayd (vaf.287/900) tarafidan Payg‘ambar shajarasiga o‘n uch avlod vositasida bog‘langan (Shavkoniy, 2011).

Olim tug‘ilgan va voyaga yetgan Jurjon shahrining bunday nom bilan nomlanishi borasida turli qarashlar mavjud bo‘lib, “Tarixu Jurjon” asarida zikr qilinishiga ko‘ra, Nuh payg‘ambarning avlodidan hisoblangan Jurjon ibn Lovuz ibn Som ushbu shaharni bunyod etgan (Sahmiy, 1981).

Shahar geografik jihatdan Kaspiy dengizining janubi-sharqida, Eronning shimolida joylashgan Jurjon – Fors diyorining mashhur va katta shaharlaridan biri bo‘lib, suvlari ko‘p, yerlari keng, dunyo shaharlari orasida eng go‘zal shaharlardan biri hisoblanadi, shoir bu shaharni quyidagicha vasflaydi: Mazmuni: “U (shahar) quyosh tafti kuydirgan inson ham, sovuqda qolgan kishi ham mamnun bo‘ladigan, ob-havosi mo‘‘tadil, kichik tog‘laru sug‘oriladigan yerlar, dengizu tog‘lik, tekisliklardan iborat dunyoning jannatidir” (Hamaviy, 1977).

Jurjon shahri xalifa Sulaymon ibn Abdulmalik (vaf. 98/717) davrida Yazid ibn Mahlab (vaf. 101/720) tomonidan fath etilgan (Sahmiy, 1981). X–XI asrlarda Jurjon shahri mahalliy ziyoriylar sulolasi poytaxti bo‘lgan.

Arab geograflarining ta’kidlashlaricha, bu paytga kelib Jurjonning siyosiy mavqei pasaygan bo‘lsa ham, Kaspiy bo‘yi viloyatlari ichida eng katta shahar hisoblangan. Jurjon hosildorligi, turli xildagi madaniy o‘simliklari, o‘zining ipagi bilan shuhrat qozongan. Jurjon shahridan o‘tgan daryo uni 2 qismga: Shahriston va Bakrobodga ajratgan, ular o‘zaro ko‘prik bilan bog‘langan.

Shahriston o‘ng qirg‘oqda, Bakrobod so‘l qirg‘oqda joylashgan. X asrdayoq shahar somoniylar va buvayhiylar o‘rtasidagi urushlar natijasida tanazzulga uchragan, ziyoriylar kim g‘olib bo‘lsa o‘sha tomonga o‘tib turishgan. Ziyoriylar davrida qurilgan Qobus ibn Vashmgir maqbarasi hozirgacha saqlanib qolgan. Amir Temur (vaf. 807/1405) va temuriylar davrida Astrobod shahri yuksalib, viloyat ham uning nomi bilan mashhur bo‘lgan (O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2005)

O‘rta asrlarda ilm-fan taraqqiy etgan Jurjon shahridan ko‘plab taniqli adiblar, tarixchi va faylasuflar, muhaddisu faqihlar yetishib chiqqan. Ularning eng mashhurlari qatorida “Tarixu Jurjon” asari muallifi Hamza ibn Yusuf Sahmiy Jurjoniy (vaf. 427/1036), mashhur muhaddis Ahmad ibn Ibrohim Ismoiliy Jurjoniy (vaf. 371/982), ulug‘ imom, faqih, nahv, kalom va balog‘at ilmlari peshvosi Abdulqohir Jurjoniy (vaf. 474/1082), muhaddis va adib Abu Omir Fazl ibn Ismoil Jurjoniy, mashhur tabib Abu Sahl Masihiy Jurjoniy (vaf. 401/1010), muhaddis Usmon ibn Said Jurjoniy (vaf. 346/957), Muhammad ibn Umayro Jurjoniy (vaf. 267/881), Abu Ahmad ibn Adiy Jurjoniy (vaf. 365/976) hamda hanafiy faqihi Kumayl ibn Ja’far Jurjoniy (vaf. 336/947) kabi olimlarni sanab o‘tish mumkin. Boshlang‘ich va o‘rta tahsilni o‘z yurtidagi olimlardan olgan Sayyid Sharif ilmini orttirish maqsadida Qutbiddin Roziy Tahtoniy (vaf. 766/1365)ning huzuriga Hirot shahriga yo‘l oldi (1362 yildan oldin) (Lakhnaviy, 2009). Qutbiddin Roziy bir muddat Jurjoniyni o‘qitganidan so‘ng keksalik sabab zaiflashib qolganini hamda ortiq ta’lim bera olmasligini aytib, unga shogirdi va ozod qilgan quli, ayni o‘sha vaqtda Misrda yashayotgan Muborakshohning huzuriga borib ta’lim olishni maslahat berdi. Muborakshohga bir maktub yozib uni Sayiid Sharifdan berib yubordi (Lakhnaviy, 2009). Jurjoniy 766/1365 yili Misr sari yo‘lga chiqdi. Sharqiy Anado‘luga kelganida Jamoliddin Oqsaroiy (vaf. 766/1365)ning shuhratini eshitib, undan ilm olishga qaror qildi. Ammo bu vaqtda Oqsaroiyning vafot etgani haqida xabar oldi. So‘ng Oqsaroiyning shogirdi Shamsiddin Fanoriy (vaf. 834/1430) bilan tanishdi va birgalikda Misrga keldilar (Lakhnaviy, 2009). Misrda aqliy ilmlarni Muborakshohdan, naqliy ilmlarni Akmaluddin Bobartiy (vaf. 786/1384)dan ta’lim olgan Jurjoniy so‘ng 776/1374 yilda Misrdan Anado‘lu shahriga yo‘l oldi (Islam ansiklopedisi, 1940). Alloma Sa’duddin Taftazoniy (vaf. 792/1385) bilan tanishdi va uning tavsiyasiga binoan o‘sha vaqtning hokimi Shoh Shujo’ tomonidan Sherozdagi Dor ash-Shifo madrasasiga muddaris etib tayinlandi (Isfahoniy, 1993).

789/1387 yilda Sherozni ishg‘ol etgan Amir Temur (vaf. 807/1405) Jurjoniyga hurmat ko‘rsatib, uning uyidan panoh topganlarga ham omonlik berdi (Toshko‘prizoda, 1975). Amir Temur Jurjoniy bilan ko‘rishgach uni Samarqandga taklif etdi. Jurjoniy taklifni qabul qilib, Samarqandga yo‘l oldi. Olim Samarqandda o‘n sakkiz yil bosh mudarris sifatida faoliyat olib bordi va ko‘plab asarlar bitdi. Samarqandda kechgan hayoti davomida Sayyid Sharif Jurjoniy bir qator olimlar, xususan, alloma Taftazoniy (vaf. 794/1392) bilan bir qancha ilmiy bahs va munozaralar olib bordi. Ushbu munozaralarning aks-sadosi butun olamga tarqaldi. Hatto mazkur ilmiy munozaralarga doir alohida risolalar ham bitildi. Munozaralarda ustun kelgan Jurjoniyning shuhrati olimlar orasida tanilishi bilan birga Amir Temur nazdida ham uning e’tibori yanada yuksaldi. Natijada Amir Temur uni Movarounnahrdagi birinchi darajali olim mavqeiga chiqardi (Gumush, 1985). Jurjoniy va Taftazoniy orasidagi fikriy munozaralar asrlar davomida ulamolar o‘rtasida ixtilofli mavzuga aylandi hamda Jurjoniy yoki Taftazoniy tarafdori bo‘lmoq buyuk olimlarning xususiyatiga aylandi (Shavkoniy, 2011).

Bir gal Sa’duddin Taftazoniy va Sayyid Sharif Jurjoniy o‘rtasidagi mashhur bahs-munozaralar paytida Sohibqiron Amir Temur Jurjoniyga bo‘lgan yuksak hurmatini izhor etib, bunday degan: “Bahslarda va ilmlarda Taftazoniy hazratlari ustun bo‘lishi mumkin, biroq Jurjoniy hazratlari sayyidligi uchun ham bugun g‘olibdir” (Lakhnaviy, 2009).

O‘z navbatida Jurjoniy ham Amir Temurning martabasini ulug‘lab, din yo‘lidagi xizmatlarini e’tirof etgan. Bu haqda Amir Temur “Temur tuzuklari” asarida Jurjoniydan kelgan maktub haqida batafsil to‘xtalib o‘tadi va quyidagilarni kelti-radi: “Zamon ulamosining ulug‘i bo‘lmish Mir Sayyid Sharif bu xususda menga maktub yo‘llab yozgan edilarki, ilgarigi va keyingi avlod islom olimlarining barchasi bir og‘izdan ittifoq bo‘lib deganlarki, Allohi taolo, hazrati risolatpanoh Payg‘ambarimiz, unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo‘lsin, uning dinini tarqatish uchun har yuz yilda bir kishini dinni yangilovchi sifatida ixtiyor etadi. Sakkizinchi yuz yillikning boshida Amir sohibqiron dini mubinni rivojlantirdi va har tomonga yoydi. Dini islom olamning turli o‘lkalari va shaharlarida ravnaq topdi. Haqli ravishda (bu asrda) dinning tarqatuvchisi Amir sohibqironligi tasdiqlandi” (Amir Temur, 2016). 807/1405 yilda Amir Temur vafot etgach, Sayyid Sharif Jurjoniy Sheroz shahriga qaytib keldi (Islam ansiklopedisi, 1940). Umrining oxirini asar yozish va ta’lim berishga bag‘ishlagan Jurjoniy hijriy 816 sanada Rabiul oxir oyining 6-kuni, milodiy 1413 yil 7 iyul chorshanba kuni Sherozda vafot etdi. Atiq jomesi yaqinidagi Voqib qabristoniga dafn etildi (Saxoviy, 1995).

Hozirgi kunda olimning maqbarasi ziyoratgohga aylantirilgan. Olimning ilmiy faoliyati. Mutaaxxir olimlarning dastlabki vakillaridan hisoblangan Jurjoniy o‘z davridagi Islom dunyosi ilm ahllarining ko‘zga ko‘ringan vakili edi. U arab tili tilshunosi va faylasuf o‘laroq tanilishi bilan birga o‘sha davrda madrasalarda o‘qitilgan ilmlardan kalom, islom falsafasi, mantiq, arab tili va adabiyoti, fiqh va usul, tafsir, hadis va munozara ilmi kabi ilm sohalarida ustoz edi. Manbalar uning o‘ta zakiy, mudaqqiq, muhaqqiq, chuqur mulohazali, o‘tkir fikrli, fasohat va balog‘at sohibi, bahs va dalil keltirish usullarini yaxshi biluvchi, mantiq va aql taqozosiga ko‘ra suhbatlashuvchi bo‘lgani haqida yakdil. Usmonli davlati, Eron, Turkiston va Hindiston ijoza silsilalarining bir qismi Taftazoniy, boshqa bir qismi Jurjoniy orqali Faxriddin Roziy (vaf. 606/1209)ga tutashar edi. Mashhur matematik Qozizoda Rumiy (1337–1430), Fathulloh Shirvoniy (vaf. 857/1453), Sayyid Ali Ajamiy (vaf. 860/1455), Faxriddin Ajamiy (vaf. 865/1460) va Alouddin Ali Samarqandiy kabi olimlar uning mashhur talabalari hisoblanadilar (Koshifiy, 1969). Asarlari. Sayyid Sharif Jurjoniy va uning asarlari haqida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, olim diniy va dunyoviy ilmlarga bag‘ishlangan yuzga yaqin asar yozgan. 

Asarlarining aksar qismini sharh va hoshiyalar tashkil etadi. Sayyid Sharif Jurjoniyning arab tili va adabiyotiga doir asarlari ilm ahllari doimiy murojaat qiluvchi kitoblar sifatida nasldan naslga o‘tib keldi va uning fikrlari madrasalarda til va adabiyot darsliklari uchun asos bo‘lib xizmat qildi (Islam ansiklopedisi, 1940). Bulardan tashqari Jurjoniy tafsir, hadis, usuli hadis, bahs va munozara, geometriya va astronomiya ilmlariga oid qimmatli asarlar yozganki, ularning barchasi mazkur ilm sohalari mutaxassislari tarafidan qabul qilingan va ushbu sohalarning muhim manbalaridan hisoblab kelinmoqda (Gumush, 1985).

Jurjoniy kalom va aqoid ilmiga oid “Sharh al-Mavoqif”, “Sharh al-aqoid al-adudiyya”, “Risola fi-l-firqa an-najiya fi-l-mazahib”, “Hoshiya at-tajrid”, “Hoshiya ala sharh al-Asfihoniy”, “Sharh al-asma al-husna”, “Hoshiya ala matole al-anzor”, “Hoshiya ala sharhi-l-Mavoqif”, “Risolatu-l-qadar”, “Risola fi tahqiq af’olil-ibod”, “Risola fi xolqi-l-a’mal”, “Risola dar usuliddin”, “Risolatu-t-tavhid” (“Risola fikalima Laa ilaaha illalloh”), “Sharhu-l-xutbatil-Vafiyya”, “Sharh tabsirati Ibn Sino” nomli asarlar yozgan. Uning “Sharh al-Mavoqif” nomli asari Adududdin Ijiyning “al-Mavoqif” nomli asari sharhi bo‘lib (O‘rta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi, 2016), Jurjoniy uni 1404 yili Samarqandda Taftazoniyning “Sharh al-Maqosid” asari yozilganidan so‘ng ta’lif etgan. Asar Samarqandda yozilishiga qaramay, uning muqaddima qismida temuriylar xonadoni vakili Sheroz sultoni Pirmuhammad Iskandar ismi zikr etilgan va uning nomiga sanolar keltirilgan.

Asarda barcha kalom va falsafaga oid bahslar tadqiq etilgan. “Sharh al-Mavoqif” olti asrga yaqin vaqt fan doirasida madrasalarning asosiy manbasi bo‘lib keldi va bugungi kunimizga qadar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Tabaqot asarlarida olimning tafsir ilmiga oid “Hoshiya ala tafsir al-Bayzoviy”, “Tafsir az-zahrovayn”, “Hoshiya ala-l-Kashshof”, “Tarjumon al-Qur’on”, “Risola fi qovlihi taala “Sanuriyhim ayatina fi-l-ofoqi va fi anfusihim”, “Risola fi ba’zi mushkilati-l-Kashshof” (“Sharh mushkilati-l-Kashshof”) nomli asarlari zikr etiladi. Ular orasida bugungi kunga qadar yetib kelgan va keng tarqalgani “Hoshiya ala-l-Kashshof” asaridir. Sayyid Sharif Jurjoniyning mazkur asari alloma Mahmud Zamaxshariy (vaf. 538/1143)ning “al-Kashshof an haqoiqi-t-tanzil” nomli mashhur tafsir asarining dastlabki qismi, ya’ni Fotiha surasi hamda Baqara surasining dastlabki yigirma besh oyati tafsiriga yozilgan hoshiya sanaladi.

Sayyid Sharif Jurjoniy XIV asrda Islom dunyosi yetishtirgan eng buyuk ilm darg‘alaridan biri hisoblangan. Taftazoniy va u kabi ba’zi olimlarni istisno qilganda, ushbu asrda Jurjoniydek salmoqli iz qoldirgan biror olimni aytish mushkul. Balki Taftazoniydan boshqa Jurjoniy bilan bahs-munozara qilishga loyiq raqib yo‘q desak, mubolag‘a bo‘lmas. Chunki olim o‘z davrida keng tarqalgan ilmlarning deyarli barchasida qalam tebratgan. Jumladan, tafsir, kalom, fiqh, hadis, falsafa, mantiq, tasavvuf, astronomiya, geometriya, arab tili va adabiyoti kabi ilm sohalarida shunday asarlar yozganki, bugungi kunimizga qadar olti yuz yildan ortiq muddat o‘tishiga qaramasdan u qoldirgan merosdan hali ham istifoda etilmoqda. Jurjoniy arab tili va adabiyoti sohasida o‘z zamonasi talab va ehtiyojlariga ko‘ra qilinishi kerak bo‘lgan ilmiy ishlarni qildi. Bu sohada katta-kichik yigirmaga yaqin asar yozdi.

Ta’kidlash lozimki, olim yozayotgan asarlariga yengil-elpi yondashmay, balki kuchli tadqiqot va tahqiqot natijalariga ko‘ra yozgan. Shu sababdan, uning eng kichik risolasi ham o‘zidan keyingilar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilgan. Hattoki, Kalamu-s-Sayyid sayyidu-l-kalam – “Sayyidning so‘zi so‘zlarning sayyididir” iborasi ilm ahllari orasida zarbulmasalga aylandi.

Doston Mustafayev, 
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot 
markazi yetakchi ilmiy xodimi

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry