29.09.2022
587

Movarounnahrda tafsir ilmi (ikkinchi maqola)

Imom Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy Hanafiy. U zot «Imamul‑huda» – «Hidoyat imomi» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Imom Abu Lays Samarqandiy hijriy 373 sanada vafot etgan. 

Imom Abu Lays Samarqandiy ko‘plab kitoblar ta’lif qilgan. Jumladan, fiqh bo‘yicha «An‑Navazil» kitobi va «Xizanatul-fiqh» nomli kitob, va’z-nasihat xususidagi «Tanbihul-g‘ofilin» kitobi shu kishining qalamiga mansubdir. 

Imom Abu Lays Samarqandiy tafsirga oid kitobini «Bahrul-ulum» deb nomlagan va bu tafsir «At‑tafsir bil-ma’sur» toifasidandir. 

Imom Abu Lays Samarqandiy o‘z tafsirida sahoba va tobe’inlardan ko‘plab rivoyatlarni keltirgan. Ammo sanadlarini zikr qilmagan. 

Imom Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiyning «Bahrul-ulum» tafsiri qo‘lyozmasi Aliy Muhammad, Odil Ahmad va Zakariyo Abdulmajid tomonidan tahqiq qilindi hamda 1413 hijriy yilda Bayrutdagi «Darul‑kutubil‑ilmiyya» nashriyoti tomonidan birinchi bor nashr etildi. 

Imom Jorulloh Abul‑Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar Zamaxshariy. 

Bu ulug‘ imom Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida 467 hijriy sanada tavallud topgan va hijriy 538 sanada vafot etgan. U zot o‘zi tug‘ilgan yurtda dafn qilingan. Imom Zamaxshariy turli ilmlarga doir ko‘plab kitoblar tasnif qilgan. Eng mashhur muallafotlaridan biri «Al‑Kashshaf an haqoiqi va uyunil-aqovil fi vujuhit-ta’vil» nomli tafsir kitobi bo‘lib, u ko‘pchilikka «Kashshof» nomi bilan mashhurdir.

Bu tafsir eng mashhur tafsirlardan biridir. U o‘zidan keyingi ko‘plab tafsirlarga manba bo‘lgan. 

«Kashshof» tafsiri haqida ulamolar juda ko‘plab yaxshi maqtovlarni aytganlar. Ba’zilar: «Agar «Kashshof» bo‘lmaganida, Qur’oni Karimning ma’nolari to‘liq kashf bo‘lmay qolar edi», degan.

Ulamolar «Kashshof»ning quyidagi xususiyatlarini alohida ta’kidlaydilar:

– Keraksiz va ortiqcha narsalardan xoli ekani.

– Qissa va isroiliyotdan salomatligi.

– Ma’nolarni bayon qilishda arab tili va uning uslublariga suyanishi.

– Ma’oniy va bayon ilmlariga hamda balog‘atga alohida e’tibor berganligi.

– Savol-javob uslubini ishlatgani. Imom Zamaxshariy ma’lum masalalarni bayon qilish borasida «agar sen unday desang, men bunday deyman» uslubini ishlatgan.

«Kashshof»ning maqtovida aytilgan gaplar juda ham ko‘p. Shu bilan birga, uni tanqid qilganlar ham oz emas. Tanqidlarning xulosasi ikki narsaga borib taqaladi. Birinchisi – muallifning mo‘taziliy fikrlari va tafsirda hadislarning zaif hamda to‘qimalarini ham keltirgani.

Keyingi ulamolardan ikkitasi «Kashshof»dagi ushbu ikki nuqsonni ham to‘ldirganlar. Imom Ahmad ibn Muhammad ibn Munir «Al-Insof» nomli kitob yozib, «Kashshof»dagi mo‘‘taziliy fikrlarni to‘g‘rilashni yo‘lga qo‘ydi. Imom Abdulloh ibn Yusuf Zayla’iy «Kashshof»dagi zaif va soxta rivoyatlarni aniqlab chiqdi. «Kashshof» tafsiri ushbu ikki ilova ila nashr qilindi. Bu juda katta foyda berdi. 

Imom Faxriddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn Roziy 534 hijriy sanada Ray shahrida tavallud topgan va umrining ko‘p qismini Xorazmda o‘tkazgan. 

U kishining «Mafatiyhul-g‘oyb» nomli tafsir kitobi ilm ahli o‘rtasida oyatlar orasidagi munosabatlarni va suralar o‘rtasidagi bog‘lanishlarni bayon qilish va boshqa bir qancha imtiyozlari bilan mashhur bo‘lgan. Imom Roziy hijriy 606 sanada vafot etgan. («Mafatiyhul-g‘oyb» to‘g‘risidagi ma’lumotlar oldin o‘tdi.)

5. Imom Abulbarakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy. Bu ulug‘ imom Nasaf (hozirgi Qarshi) shahrida tavallud topgan (bu shahar hozir Qarshi deb nomlanadi) Imom Nasafiy hijriy 701 sanada vafot etgan. 

Nasafiyning tafsir kitobi «Madarikut-tanzil va haqoiqut-ta’vil» deb nomlangan. Bu kitob ko‘pchilikning tahsiniga sazovor bo‘lgan va bo‘lib kelmoqda. U hajmi o‘rtacha bo‘lishiga qaramay, eng ulug‘ kitoblardandir. Iboralari oson. E’rob, qiroat, badi’ va bayon, balog‘at va fasohat ilmlarini o‘z ichiga olgan. Aqiydada Ahli sunna va jamoaning qavlini keltirgan. Bid’at va zalolatlardan xoli. Uzun ham, qisqa ham emas.

Imom Nasafiy o‘zining «Madarikut-tanzil» nomli tafsir kitobini ta’lif qilishda Imom Zamaxshariyning «Kashshof» nomli tafsiridan foydalangan. Imom Nasafiyning «Madarikut-tanzil» nomli bu kitobi hozirgi kunimizgacha ulamoyu tolibi ilmlar orasida zo‘r e’tibor bilan shuhrat topib kelmoqda va ko‘pgina Islom o‘quv yurtlarida qo‘llanma sifatida ishlatib kelinmoqda.

Bundan tashqari, Movarounnahrda «Itqon», «Tafsiri Nu’moniy», «Tafsiri Tibyon», «Tafsiri Mavlono Charxiy» kabi mahalliy tillarda ta’lif qilingan ko‘plab tafsirlar mavjud. Ular tojik, o‘zbek, tatar va boshqa tillarda yozilgan. Eslatib o‘tmoq lozimki, mazkur mashhur mufassirlarning kitoblari hozirgi vaqtda O‘zbekistonning kutubxona va muzeylarida mavjuddir, jumladan, Movarounnahr musulmonlari diniy idorasi qoshidagi kutubxonada ham bor.

Bu kitoblardan ulamolar va ilm toliblari Islom va musulmonlar xizmati uchun bo‘layotgan ilmiy bahslarida istifoda qilmoqdalar. Alloh taolo ularning barchalarini O‘zi xush ko‘rgan va rozi bo‘lgan xayrli ishlarga muvaffaq qilsin! Omin!

«Qur’on ilmlari» kitobi asosida tayyorlandi

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry