27.09.2022
646

Movarounnahrda tafsir ilmi (birinchi maqola)

Har zamon, makon, xalq, millat, elat, mazhab va yo‘nalishning o‘z tafsiri bor, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Butun dunyoning, ayniqsa musulmon olamining Qur’oni Karimga bo‘lgan cheksiz qiziqishi ulamolarni doimo uni o‘rganishga, uning tafsirini yozishga chorlab kelgan. Qadimdayoq tafsirlar va mufassirlar haqida alohida katta-katta kitoblar bitilgani fikrimizning dalilidir. 

Qadimgi Islom manbalarida hozirgi O‘rta Osiyo Movarounnahr va Xuroson nomlari ila zikr qilingan. Islomiy tarix kitoblarida Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Koson, Shosh, Farg‘ona, Marv, Nasaf, Urganch, O‘zgan va boshqa shaharlarning nomlari ham zikr qilingan. Mazkur shaharlarning barchasi diyorimizdadir, ulardan ko‘plari hozirgi vaqtgacha o‘zining qadimiy nomlari bilan ataladi.

Butun Islom olamiga ma’lum va mashhurki, bu o‘lka barcha ilmlarda, jumladan, Islom ilmlarida ham jahonga dong taratgan buyuk allomalarni yetishtirgan. Mazkur ilmlar ichida hadis, tavhid, nahv, fiqh va boshqa ko‘pgina ilmlar bor. Biz esa hozir faqat Movarounnahrdagi tafsir va mufassirlar haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Musulmonlar kelib, fath qilganlaridan so‘ng Alloh subhanahu va taolo bu diyorlarni ham Islom nuri bilan munavvar qildi. Yerlik aholi Islomni qabul qilganlaridan so‘ng avvalgi musulmonlar yangi musulmonlarga Islom ilmlarini o‘rgata boshladilar. Ushbu ilmlar ichida tafsir ilmi ham bor edi. Ma’lumki, bu diyorlarning tub aholisi Islomdan avval ham ba’zi bir ilm va madaniyat turlaridan xabardor edilar.

Ushbu sababga ko‘ra, alloma Ibn Xaldun ta’kidlaganidek, ularda Islom ilmlarini qabul qilish va rivojlantirishga loyiq malaka bor edi. Bir oz vaqt o‘tishi bilan muhaddislar madrasasi paydo bo‘ldi va ular Qur’on tafsiri to‘g‘risidagi asarlarni jamlagan birinchi kishilar deb e’tirof qilindilar. Ularning sardori imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy edi. «Kashfuz-zunnun» nomli kitobda zikr qilinishiga ko‘ra, u zot «At‑Tafsirul‑kabir» nomli alohida bir tafsir kitobini ta’lif qilgan ekan. Lekin afsuski, mazkur kitob bizgacha yetib kelmagan.

Shunga qaramasdan, imom Buxoriy tafsir ilmida ulkan asar qoldirib ketgan, u zotning «Al‑Jami’us-sahih» kitobida Qur’oni Karim tafsiriga oid mingdan ziyod hadis mavjud.

Ikkinchi hijriy asrda tafsir ilmi hadisdan ajrab, alohida ilm bo‘lgandan so‘ng, Movarounnahrdan ulkan mufassirlar yetishib chiqdilar va shuhratlari butun jahonga taraldi. Ulardan ba’zilarini zikr qilib o‘tamiz: 

1.Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy. Samarqand yaqinidagi Moturid qishlog‘ida tavallud topgan va hijriy 333 yilda vafot etgan. Ul zotning aksar asarlari tavhid ilmida, ya’ni ilmi kalomda bo‘lgan. 

U kishi Hanafiy mazhabida bo‘lib, imom A’zamning shogirdlari imom Muhammad ibn Hasan rahmatullohi alayhining ikki vosita ila shogirdi bo‘lgan. Ya’ni, u kishining ustozi imom Muhammadning shogirdi bo‘lgan.

Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi fuqaholar va muhaddislar chaqirgan narsaga chaqirgan. U kishi juda ham mashhur bo‘lib, Movarounnahrda barcha unga murojaat qilgan. Ular u kishidan fiqh, usuli fiqh va boshqa diniy ilmlarni o‘rganganlar. 

Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi usul bo‘yicha «Kitabul‑jadal»ni va fiqhda «Maaxizush-shari’a»ni ta’lif qilganidan keyin shuhrati yana ham oshib ketdi. Shundan keyin ilmi kalomda shuhrat qozonib, Xuroson ahli ushlagan mazhab sohibiga aylandi. Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhining aqiydadagi mazhabi Abulhasan Ash’ariyning mazhabiga teng bo‘ldi. 

Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi o‘zining «Ta’vilatu ahlis-sunna» nomli tafsirida mo‘tazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha, munajjim, folbin va boshqalarning fikrlarini munoqasha qilgan va hammalariga raddiya bergan. U kishi Ahli sunna va jamoaning mazhabini qo‘llab-quvvatlagan.

Sa’duddin Taftazoniy, imom Tahoviy, imom Umar Nasafiy, Faxrulislom Bazdaviy, Ibn Humom va boshqa ulamolar aqoid ilmining moturidiya yo‘nalishida ko‘zga ko‘ringan ulamolardan bo‘ldilar.

Imom Moturidiy o‘zining «Ta’vilatu ahlis-sunna» nomli tafsirida ilmi kalom ulamolari yo‘lidan borgan va Qur’oni Karim oyatlarini aqiydada Ahli sunna va jamoa mazhabini qo‘llab, tafsir qilgan. 

Imom Moturidiy o‘z tafsirida asarlarni naql qilish bilan birga, ra’yni ham ishlatgan, naql bilan birga, aqlni ham ishlatgan.

Imom Moturidiy muayyan mazhabga taassub qilmagan, haqiqatni izlagan. U kishi masalaga umumiy tarzda nazar solgan. 

Imom Moturidiy Qur’oni Karimni Qur’on bilan, Sunnat bilan, sahobalar va tobe’inlarning so‘zlari bilan tafsir qilishga alohida ahamiyat bergan. Shu bilan birga, Hanafiy bo‘lgani uchun tafsirda ra’y maktabi bo‘yicha aqlni ham o‘z o‘rnida ishlatgan. Bir oyatning ta’vilida bir necha qavl bo‘lsa, ularni ham keltirgan.

Imom Moturidiy o‘z tafsirida sababi nuzulni ham zikr qilgan. O‘zidan avval o‘tgan mufassirlarning qavllaridan ham foydalangan. U kishining tafsirida fiqh, lug‘at va kalom ilmi ham keragicha o‘rin olgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, imom Moturidiyning «Ta’vilatu ahlis-sunna» nomli tafsiri qomusiy asardir. Ammo ming afsuslar bo‘lsinkim, bu tafsir yaqingacha nashr etilmagan edi. Faqatgina milodiy 2005 yilga kelib, doktor Majdiy Boslum bu ulug‘ tafsirni uchta qo‘lyozmasi asosida nashrga tayyorladi va chop qildi. «Ta’vilatu ahlis-sunna» tafsirini Bayrutdagi «Darul‑kutubil‑ilmiyya» nashriyoti birinchi bor nashr etdi. Kitob o‘n jilddan iborat bo‘lib, 6230 betdan iboratdir. 

«Qur’on ilmlari» kitobidan

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry