23.09.2022
207

MADANIY MEROSNI ASRASHGA HAR BIRIMIZ MAS’ULMIZ

O‘zbekiston qadimiy qo‘lyozmalar bobida dunyodagi eng boy mamlakatlardan biri. Birgina Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida  26 ming jildga yaqin qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Toshkent, Samarqand, Xorazm va boshqa hududlardagi ilmiy maskanlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarni hisobga olsak, oltindan qimmat xazinamizning salmog‘i bir necha karraga oshadi. Ular orasida buyuk bobokalonlarimiz tomonidan yaratilgan va dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shgan yuzlab asarlar mavjud.

Ammo bu asarlarni saqlashda to‘g‘ri yo‘l tutyapmizmi, ularni asrab, foydalanish vaqtini uzaytira olyapmizmi? Asrlar o‘tsa-da, qadrini yo‘qotmay, aksincha, dolzarbligi oshib borayotgan xazinani yetarlicha tadqiq va tabdil etyapmizmi?

Raqamlarga e’tibor qarataylik. Mamlakatimizning 80 ta muassasasida saqlanayotgan 43 ming 466 ta qo‘lyozma, 70 ming 909 ta toshbosma, 438 ming 870 ta tarixiy hujjatning holati va saqlash sharoitlari o‘rganilganda, kamchiliklar aniqlandi. Xususan, kutubxonalar, muzeylar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning kataloglari, elektron bazalari va respublika miqyosidagi yagona reyestri shakllantirilmagan. Oqibatda bebaho qo‘lyozmalar holatining monitoring qilib bo‘lmaydigan ahvolga kelib qolishi, qolaversa, nodir xazina kimlarningdir ko‘zini o‘ynatishi mumkin. So‘nggi uch yilda 9 ta holatda chegara-postlarda 40 ta qadimiy yozma manba mamlakat hududidan olib chiqib ketilishining oldi olingani fikrimiz isbotidir.

Muammo faqat bunda emas, aksariyat hududlarda qadimiy qo‘lyozma va toshbosma manbalar zarur sharoitlarsiz saqlanmoqda. Noyob manbalarni saqlash va ta’mirlash uchun zamonaviy laboratoriyalar mavjud emas.

Prezidentimizning shu yil 10 fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bu borada uzoq yillar davomida to‘planib qolgan ko‘plab muammolarning yechimi ko‘rsatib o‘tilgan. Qarorga muvofiq, endilikda jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri tashkil etilib, davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilinadi. Davlat tasarrufidagi barcha muzey, kutubxona va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning ro‘yxati shakllantirilib, reyestrga kiritiladi. Reyestr orqali ularning holati doimiy nazorat qilinadi va hisobi yuritiladi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi davlat reyestrini shakllantirish va yuritish, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun mas’ul davlat muassasasi etib belgilandi.

Ochiq va achchiq haqiqat. Bugun mamlakatimizda saqlanayotgan yuzlab qo‘lyozmalar taqdiri ularni qanchalik asrab-avaylashga hamda tezkor kimyoviy va biologik ishlov berishga bog‘liq bo‘lib turibdi. Bu — kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa. Boisi nodir manbalarda nafaqat bizning, balki kelajak avlodlarimizning ham haqqi bor. Qarorda ayni shu xavotirlar ham hisobga olingan. Ya’ni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi ochilmoqda.

Shuni qayd etish lozimki, laboratoriyani ishga tushirish va fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilinadigan usta-mutaxassislarga gonorar to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi, xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Laboratoriya tashkil etildi ham deylik, lekin murakkab amaliyot talab qilinadigan qayta tiklash va ta’mirlash ishlarini kim bajaradi? Qarorda buning yechimi ham ko‘rsatilgan. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” ta’lim yo‘nalishida (bakalavriat) kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Qolaversa, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik hamda Filologiya va tillarni o‘qitish bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalarining o‘quv jarayoni, amaliyoti, diplom ishi va magistrlik dissertatsiyalari himoyalari Sharqshunoslik instituti, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi va boshqa qo‘lyozma fondlarida sohaning olimlari ishtirokida o‘tkazilish tartibi joriy qilinadi. Ushbu ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitish Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Buxoro davlat universitetida ham yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tartibning joriy etilishi birinchidan, talabalarning mutaxassisligi bo‘yicha chuqur amaliy bilim olishiga, ikkinchidan, ular tomonidan tadqiq etilgan ma’lumotlardan tadqiqotchilarning keng foydalanishiga sharoit yaratadi. Qo‘lyozmalarni saqlash va tadqiq qilish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy xodimlarning va restavratorlarning har yili nufuzli xorijiy muzey, laboratoriya va arxiv fondlarida malaka va tajriba oshirishi joriy etiladi.

Qarorning yana bir ahamiyatli jihati, endilikda internet tarmog‘ida yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining hayoti hamda ma’naviy merosi haqidagi ilmiy-ma’rifiy portal va uning mobil ilovasi tayyorlanib, ishga tushiriladi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan belgilangan muddatda, buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish va ommalashtirish bo‘yicha mahallalar kesimida “yo‘l xaritalari” tayyorlanadi. Shu bilan birga, xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali yurtimiz allomalari va mutafakkirlari ijodiga mansub bo‘lgan qadimiy yozma manbalarning kataloglarini va elektron nusxalarini aniqlab, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga olib kelish, tarjima qilish va ilmiy muomalaga kiritish bilan bog‘liq vazifalar belgilab berilgan.

Demak, qaror bilan qo‘lyozma va toshbosma asarlarni saqlash, muhofaza qilish, tadqiq etish, bebaho merosimizning dunyo miqyosidagi targ‘iboti bilan bog‘liq butun bir tizim yaratish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Boz ustiga, amalga oshiriladigan tadbirlar, saqlanayotgan qo‘lyozmalar miqdori va holati yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vazifasi ham kun tartibiga qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan, har birimiz O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga mas’ul ekanligimizni unutmasligimiz kerak.


Ahmadxon ALIMOV, 
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 
katta ilmiy xodimi

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry