19.09.2022
319

HAQIQATNING SERQIRRA JILOSI

Ko‘hna Sharq masallar va ishoralarga boy badiiy adabiyoti bilan mashhur. Xususan, tasavvufiy adabiyot va islom axloqiga oid asarlarda mavzuni masallar orqali yoritish uslubi keng tarqalgan. Ko‘rlar va fil haqidagi masal Hind subkontinetida vujudga kelib, u yerdan boshqa mintaqa va madaniyatlarga keng tarqalib ketgan mashhur badiiy timsollardan biridir. Ilk bor Rigvedada uchrashi qayd etilgan mazkur masalda bir guruh ko‘rlar filni paypaslash orqali anglab yetishga harakat qilganlari tasvirlangan. Ularning har biri filning muayyan a’zosinigina ushlab ko‘rgach, fil haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘ldim, deb hisoblaydi. Ammo filni o‘zaro tavsiflab berayotganlarida bir-biriga zid ta’riflar yuzaga chiqa boshlaydi va ba’zilari boshqalarini noto‘g‘ri ma’lumot berishda ayblaydilar. Holbuki, ularning birortasi filning qandayligi to‘g‘risida to‘laqonli haqqoniy ta’rif bera olmaydi. Qissadan hissa, ayrimlar shaxsiy kechinmalarini mutlaq haqiqat, deb qabul qilib, boshqalarning shaxsiy kechinmalarini inkor qilishga moyil bo‘ladilar. Shuning uchun, inson muayyan masalada faqat qisman haq bo‘lishi, mohiyatdan qisman xabardor bo‘lishi mumkinligi, bir kishining subyektiv fikri mutlaq haqiqat bo‘la olmasligini e’tiborga olish kerak [1:46-47].

Ushbu masal “Ko‘rlar va fil hikoyati” nomi bilan dunyo bo‘ylab tarqalar ekan, turli davrlarda va doiralarda turlicha talqin etib kelingan. Masal to‘g‘ri va noto‘g‘ri, haqiqat va yolg‘on, umumiy va xususiy, jipslik va tarqoqlik, bilim va nodonlik kabi bardavom mavzularga timsol vazifasini o‘tagan. Ayniqsa, tasavvuf adabiyotida bu kabi ramziy timsollardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgani bois, mutasavviflar “Ko‘rlar va fil hikoyati”dan unumli istifoda etganlar. Ushbu mavzu turfa mualliflar asarlarida turli maqsadlarni yoritishga xizmat qilgan va tabiiyki, ayricha xulosalarga kelingan. Imom G‘azzoliy, Hakim Sanoiy, Jaloluddin Rumiy, Alisher Navoiy kabi mutasavviflar asarlaridan o‘rin olgan mazkur hikoyatning talqinlari qiyosiy tahlil etilsa, bir mavzu doirasida tasavvuf g‘oyalarining tadrijiy rivojini kuzatish mumkin bo‘ladi. Ushbu hikoyat ilk bora Imom G‘azzoliyning “Kimiyoi saodat” asarida mo‘jaz tarzda zikr etilgan. 

G‘azzoliy talqini. Beshtari xilof dar miyoni xalq chunin ast-ki hama az vajhe rost gufta boshand-u lekin ba’ze nabinand, pindorand-ki, hama bididand. Va masali eshon chun guruheyi nobinoyonand-ki, shinida boshand-ki ba shahri eshon pil omadaast. Xohand-ki vayro bishinosand. Yakero dast bar go‘shi vay omad, va yakero bar poy, va yakero bar dandon. Chun bo digar nobinoyon rasidand-u sifati pil azeshon pursidand. Onki, dast bar poy nihoda bud guft: “Monandi sutunest”. V-onki, bar dandon nihoda bud, guft: “Monandi amudest”. Vonki, bar go‘sh nihoda bud, guft: “Monandi gilemest”. Hama rost guftand-u hama xato kardand. Ki pindoshtand-ki jumlai pilro daryoftaand-u nayofta budand. [2:50-51].

“Xalq o‘rtasidagi ko‘pgina kelishmovchiliklar sababi – barchalari bir jihatdangina to‘g‘ri gapiradilar-u lekin ayrim (boshqa jihatlar)ni ko‘rmay turib hammasini ko‘rganman, deb o‘ylaydilar. Ular misoli shaharlariga fil kelganini eshitib qolgan va uni o‘rganmoqchi bo‘lgan ko‘rlar jamoasi bo‘lib, biri qo‘li bilan uning qulog‘ini paypaslabdi, biri esa oyog‘ini, yana biri tishini. Boshqa ko‘rlar ham yetib kelib, ulardan filning vasfini so‘rashganda, oyog‘ini paypaslagani: “Ustunga o‘xsharkan”, – debdi. Tishini ushlab ko‘rgani: “Sopga o‘xsharkan”, – debdi. Qulog‘ini siypagani: “Gilamga o‘xsharkan”, – debdi. Barchalari to‘g‘ri aytdilar-u barilari xato qildilar. Filni to‘lig‘icha qamrab oldik, deb o‘ylaganlari holda, qamrab ololganlari yo‘q”.

Imom G‘azzoliy ushbu hikoyatni “Kimiyoi saodat”ning sababiyat qonunlari va moddiyunchilarning xatolariga bag‘ishlangan fasliga badiiy illyustratsiya sifatida ilova qilgan va o‘z xulosasini oldindan aytib, uni misol keltirish bilan tasdiqlagan. Mazkur hikoyat orqali yuzaki, shoshma-shosharlik bilan yuzaga kelgan dastlabki xulosalar, garchi haqiqatning bir qismini yoritgan taqdirda ham xatodan boshqa narsa emasligini obrazli yoritib berilgan. YA’ni qisman yoritilgan haqiqat mutlaqlikka da’vo qilmasligi kerak. Haqiqatni to‘liq qamrab ololmagan yuzaki va xato xulosalar esa yengib o‘tilishi shart bo‘lgan to‘siqlardan biridir. Zero, bu yuzakilik chegarasidan oshib o‘tilmas ekan, haqiqatni to‘liq anglab bo‘lmaydi. Shaxsning subyektiv tajribasi har doim ham obyektiv xulosa uchun yetarli asos bo‘la olmaydi. U barcha mavjud bilimlarni umumlashtirib, yakuniy xulosaga kelishga, ya’ni mohiyatni anglashga intilishi kerak. Dastlabki yuzaki xulosada depsinib turib qolish esa – jiddiy nuqson va insonlarning jaholatga berilib ketishlarining sababidir. Demak, Imom G‘azzoliy keltirgan misoldagi “ko‘rlar”ning holatini ijobiy baholab bo‘lmaydi. Ular haqiqatni topdim deb o‘ylasalar xato qilgan bo‘ladilar, izlanishdan to‘xtasalar jaholatda qolishlari muqarrar.

Sanoiy talqini. Imom G‘azzoliy bilan deyarli bir vaqtda yashagan Hakim Sanoiy mazkur hikoyadan biroz boshqacha xulosa chiqargan. Sanoiy o‘zining “Hadiqatu-l-haqiqat” (Haqiqat bog‘i) asarida voqeani badiiylashtirib, she’riy shaklda taqdim etadi. Uning talqinidagi hikoya voqealari “yerning bir chetidagi katta shahar”da yuz beradi. Ushbu shaharning barcha aholisi ko‘rlardan iborat bo‘lib, ittifoqo, shu yerdan lashkarlari bilan o‘tib ketayotgan bir podshoh shahar yaqinidagi dashtga chodir tikadi. Uning bahaybat fili bo‘lib, odamlar uni ko‘rgani oshiqadilar. Ko‘rlarning orasidan ham bir nechtasi shoshgancha filning shakl-u shamoilini bilish maqsadida yetib keladilar. Ko‘zlari ko‘rmagani tufayli filni qo‘llari bilan paypaslay ketadilar. Ammo har biri filning birgina a’zosini ushlab ko‘rgach, fil to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘lganiga qat’iy ishonadi. Shaharga qaytib borgach, fil to‘g‘risida so‘rab-surishtirgan boshqa ko‘rlarga o‘z bilganlarini birin-ketin ta’riflay ketadilar. Ko‘rlarning filga bergan vasflari Imom G‘azzoliy keltirgan hikoyadagi sifatlar bilan uyg‘un. Lekin Imom G‘azzoliyga ko‘ra, qissadan hissa – kishilarning mohiyatni anglamasdan xulosa chiqarishlari muolaja qilinishi lozim bo‘lgan nuqson sifatida talqin etilgan bo‘lsa, Sanoiy bu hikoya orqali Mutlaq Haqiqatining anglab bo‘lmas Mohiyati to‘g‘risidagi g‘oyani ilgari surayotgandek tuyuladi. Hikoyatga xulosa yasar ekan, quyidagi misralarda o‘z fikrini bayon qilib beradi: 

Har biri ko‘rdi bo‘laklardan bo‘lak,

Har yake dida juzve az ajzo,

Barchasi qildi xatokorlik demak.

Hamagonro nazar fitoda xato.

Hech bir dil baridan ogoh emas,

Hechro dil z-kulliy ogah ne,

Hech ko‘rga bilim ham hamroh emas.

Ilm bo hech ko‘r hamrah ne.

Barchasini anglamoq amri mahol,

Jumlagiro xayolhoi mahol,

Tek qotirgay, to‘nka yanglig‘ bemajol,

Karda monand g‘atfarai bejavol.

Xaloiq bil, Tangridan ogoh emas, 

Az Xudoi xaloiq ogah nest,

Oqillar bu gapga hech yo‘l bor demas.

Uqaloro darin suxan rah nest,

[3:9-10] (she’riy tarjima maqola muallifiniki)

YA’ni Sanoiyning fikricha, Haqiqatni har taraflama anglashning imkoni yo‘q. Har kim o‘zining ulushiga, iqtidoriga yarasha anglay oladi, lekin baribir Haqiqatni to‘la qamrab ololmaydi – chunki bu imkonsiz. Ong muayyan bosqichga yetganda to‘xtab qolishdan boshqa iloj topolmaydi. Sanoiy oxirgi misralarida ko‘rlar filning mohiyatini anglay olmaganlari kabi, yaratiqlar Yaratganni anglay olmasliklariga ishora qiladi. Shu bilan birga, Sanoiyning xulosasini G‘azzoliynikiga zid, deb bo‘lmaydi. Balki bu o‘rinda hikoyani keltirishdan boshqa-boshqa maqsadlar ko‘zlangan, deyish mumkin. G‘azzoliy sababiyat qonunlaridagi Oliy sabab – Tangri ekanini anglashga chaqiradi. Sanoiy esa, Tangrining mohiyatini anglab bo‘lmasligini aytadi. Ushbu fikrni G‘azzoliy ham o‘rni kelganda tasdiqlagan. Bu esa bir hadisda Allohga murojaat qilina turib, “Subhānaka, mā ‘arafnāka haqqa ma‘rifatika” – “Biz Sening ma’rifatingni batamom anglay olmadik”, deyilgani bilan hamohangdir. Shu sababli, Sanoiy misolidagi “ko‘rlar”ni bilimsizliklari uchun ayblab bo‘lmaydi. Chunki anglab bo‘lmas narsani anglashning imkoni yo‘q. Balki, shuning uchun Sanoiy “shahar ahlining barchasi ko‘r”, degan ta’rifni qo‘llagandir. YA’ni bu masalada birovning boshqasidan ustunligi yo‘q. Nimanidir bilishga intilgan va hosil bo‘lgan bilimni boshqalarga ulashganlar esa olimlar – ular umuman anglashga harakat qilmaganlardan ko‘ra afzalroq, lekin “ko‘r”likda ular o‘zaro teng.

Rumiy talqini. Fors tasavvufiy adabiyotida jo‘shqin she’riyati bilan ajralib turuvchi Mavlono Jaloluddin Rumiy talqinidagi hikoyatdan “ko‘rlar” obrazi butkul yo‘qoladi. Uning o‘rnida qorong‘u xonaga yashiringan filni paypaslab anglab yetmoqchi bo‘lgan bir guruh hindlar tasvirlangan. Fikriy bag‘rikenglikka bardavom rioya qiluvchi, ijtimoiy munosabatlardagi ziddiyatli jihatlarni yumshatishga alohida urg‘u beruvchi Mavlono Rumiy jismoniy kamchilikni misol tariqasida keltirishdan atay qochgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Rumiyga ko‘ra, qorong‘u xonada filni paypaslab, “anglashga” harakat qilayotgan zulmatdagi kimsalar, filning qaysi a’zosini ushlab biror narsaga o‘xshatsalar, filni to‘liq anglab yetdim, deb fikr qiladilar. Har kimning ta’rifi har xil chiqqach, o‘rtalarida ixtilof ko‘tariladi. Agar, har birining qo‘lida sham bo‘lganda edi, ixtiloflar o‘z-o‘zidan barham topardi. Rumiy masalaning mohiyatni anglamay turib ziddiyat chiqaruvchi kimsalarning bilimsizligini ko‘rsatadi. “Sham” bu yerda – jaholat zulmatini yorituvchi ma’rifat timsolini o‘taydi. Shu bilan birga ma’rifat shami zumatdagi kimsalardan har birining qo‘lida bo‘lishi shart. Aks holda, ma’rifatdan bebahra taraf, haqiqatni anglab yetgan tarafni inkor qilishda davom etaveradi. Keyingi misralarda Rumiy gap qalb bilan anglanadigan, ko‘ngil ko‘zi bilan mushohada qilinadigan ma’rifat haqida ketayotganiga ishora qiladi [4:114-115]. Bu o‘rinda Rumiyning xulosasi garchi, shaklan farq qilsa ham, mohiyatan Imom G‘azzoliynikiga yaqin ekanini ko‘rish mumkin. Chunki, Rumiy ham haqiqatni anglash mumkinligini inkor qilmaydi. U mas’uliyatni haqiqatni anglay olmayotgan kishilar zimmasida qoldiradi. Ular ma’rifat hosil qilmaganlari uchun ixtilof chiqishiga javobgar ekani anglashiladi. 

Navoiy talqini. Ko‘hna hikoyat Alisher Navoiyning “Lisonu-t-tayr”  asarida “Ma’rifat vodiysi” bayoniga ilova sifatida o‘rin olgan. Bir guruh ko‘rlar taqdir taqozosi bilan Hindistonga borib, qaytadilar. Bir kishi ulardan “Filni ko‘rdingizmi?” – deb so‘raydi. Ular ijobiy javob qaytarganlarida, dalil so‘raydi. Ular esa filni ko‘rmagan, so‘rab-surishtirib ham olmagan bo‘lib chiqadilar. Har biri filning bir a’zosiga qo‘l tegizib, shu haqda ma’lumotga ega bo‘lgan edilar. Ko‘rlarning ta’riflari avvalgi mualliflar keltirgan ta’riflar bilan hamohang, biroq, sanab o‘tilgan fil a’zolari soni ko‘proq. Ko‘rlar keltirayotgan ta’riflar filda mavjud bo‘lsa-da (Garchi ul so‘zlar bori voqe edi), bu ko‘rlik yuzasidan berilgan ta’riflar edi (Barchasi ‘umyo yuzidin so‘z dedi). Ularning bayonotida nuqson ko‘p, ziddiyatlar bisyor, tartib esa yo‘q edi (Lek nuqson erdi taqrir ichra ko‘p, Yo‘q edi tartib tag‘yir ichra ko‘p).  Shu yerga yetganda, Navoiy hikoyatga yangi siymo kiritadi: 

Chun hakimi komili hindu najod, 
Pilbonlig‘ shevasida ustod.
Bo‘ldi ul taqrirlarg‘a mustame‘, 
Naql qilg‘onlarg‘a bo‘lmay mumtane‘.

Dedi har bir ulcha voqif erdilar,
Pil holidin nishone berdilar [5:216-217].

Filbonlik sohasida ustoz maqomidagi komil donishmand hindi ko‘rlarning bayonotlarini e’tiroz bildirmay tinglab, garchi ular talashib-tortishib biri-biriga zid gaplarni aytishgan bo‘lsa-da har biri fil to‘g‘risida bilganlaricha xabar berdilar, degan xulosani beradi. Zero, ko‘rlar filni ko‘rmay turib tavsiflayotgan edilar. Ammo ushbu sifatlarni umumlashtirsa, fil to‘g‘risida tasavvur hosil bo‘ladi. Ularning ta’rifi ko‘z bilan ko‘rganga yaqin, so‘zlari esa chin edi.

Bu o‘rinda Navoiy ko‘rlarni Haqiqat izlovchi muridlarga qiyos qilayotgani anglashiladi. Ular o‘zlaricha Haqiqatga yetishdim deb turlicha ta’rifu tavsiflarga berilsalar ham asl maqsadni yuzaga chiqara olmaydilar. Tajribali filbon – murshidgina esa ularga ortiqcha e’tiroz bildirmay, yo‘sinlarini to‘g‘rilab, Haqiqatdan voqif qila olishi mumkin. Filbonning zimmasida ziddiyatni yumshatish vazifasi ham bor.

         Masalni ilk bor qo‘llagan Imom G‘azzoliyni mo‘ljal qilib oladigan bo‘lsak, qolgan mualliflar yondoshuvidagi qisqacha umumiy farqli jihatlar quyidagilarda ko‘rinadi:       

- G‘azzoliy va Sanoiyda: shahar aholisi ko‘rlardan iborat ekani, 

ularning bir guruhi boshqalariga filni ta’riflab berishi, ko‘rlar to‘g‘ri aytganlari holda xato qilganlari; farqli jihati – podshoh obrazi, ko‘rlarning anglay olmasligi;

- G‘azzoliy va Rumiyda: Johillar o‘z jaholatlari uchun aybdor ekanlari, Jaholatni yengish mumkin va zarurligi; farqli jihati – ko‘rlar emas, qorong‘u honadagi kishilar, Rumiy talqinida ularning aynan hindlar ekanini to‘g‘risida ilk bor aytib o‘tilgan. Bu rivoyatning ildizlariga ishora bo‘lishi ham mumkin;

- G‘azzoliy va Navoiyda: Hikoyat asosiy mavzuga illyustratsiya tarzida berilgani; farqli jihati – Navoiyda barcha narsani tushuntirib beruvchi filbon obrazi paydo bo‘lgan va muammo o‘z yechimini topgan.

         Ushbu hikoyatdan o‘rta asrlar tasavvufiy tafakkurning tadrijiy rivojini quyidagicha kuzatish mumkin:

Imom G‘azzoliy – Haqiqatni yuzaga chiqarish zarurati mavjudligi;

Hakim Sanoiy – aql haqiqatni to‘liq qamrab ololmasligi; 

Rumiy – Haqiqatga qalb bilan anglab yetish mumkinligi; 

Navoiy – Haqiqatga yetish uchun yo‘lboshchi-murshidga ehtiyoj borligi.

Mazkur zarbulmasalning turfa ko‘rinishlari davrlar osha tasavvufiy qarashlar va yondoshuvlar evolyutsiyasi va matn talqini borasidagi o‘zgarishlarni kuzatish hamda tadqiq etishda namuna bo‘lishi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Asosiysi hikoya talqinlaridagi umumiy va farqli jihatlarni yoritishda davriylikka alohida e’tibor qaratish muhim. Natijada birgina hikoya misolida insoniyat tafakkurining serqirra jilosi va Haqiqatga yetishish borasidagi urinishlarini yoritib berish imkoni yuzaga chiqadi. Bunda tasavvufiy qarashlar taraqqiyoti masaldagi aynan qaysi obrazning birlamchi ahamiyat kasb eta borishida ham namoyon bo‘ladi. Asardan asarga ko‘chib boruvchi masallar va ulardagi obrazlar talqini tasavvuf adabiyotini tushunish uchun xizmat qiladi va bugungi kun o‘quvchisi va tadqiqotchisi uchun ularni atroflicha o‘rganish ahamiyatini ochib beradi.

 

ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

  1. Paul J. Griffiths. An Apology for Apologetics: A Study in the Logic of Interreligious Dialogue. Eugene: Wipf & Stock, 2007.
  2. G‘azzoliy, Abu Homid Muhammad ibn Muhammad. Kitobi Kimyoi saodat. Tehron: Kutubxonav-u chopxona-i markaziy, h-sh. 1333/1955 m.
  3. Sanoiy, Hakim Majdud ibn Odam. Hadiqatu-l-haqiqat va shariatu-t-tariqat. Toshbosma nashr. Nashr yili va joyi ko‘rsatilmagan.
  4. Rumiy, Mavlono Jaloliddin. Masnaviyi masnaviy (tarj. Jamol Kamol). Toshkent: Fan, 2003.
  5. Navoiy, Nizomiddin Mir Alisher. Lisonu-t-tayr // Alisher Navoiy To‘la asarlar to‘plami. Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi NMIU, 2011.

 

Zafar Faxriddinov,
Imom Moturidiy xalqaro 
ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i

 

 

 

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry