06.09.2022
195

NEʼMATLARI TOʻKIS YURT

SHUKRONALIK

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Allohga shukrki, xalqimiz tinch va osuda yurtda yashab, davr-u davron surmoqda. Tantana-yu bayramlarimiz shukuhli oʻtmoqda. Yaqindagina muborak Qurbon hayiti ayyomini keng nishonlagan boʻlsak, hech qancha fursat oʻtmasdan, eng ulugʻ, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik shodiyonasini katta tantana bilan oʻtkazyapmiz.

Shunday fursatda Salama ibn Ubaydulloh ibn Mihson Ansoriy otasidan rivoyat qilgan hadis yodga tushadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki oʻz uyida tinchlikda, tani sogʻlom, bir kunga yetadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo neʼmatlari toʻligʻicha berilgandek boʻlibdi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Buni qarangki, har kuni millionlab yurtdoshlarimiz mana shunday osudalikda, shukronalikda tong ottiradi. Demak, Alloh taolo elimizga oʻzining neʼmatlarini barokotli qilib bermoqda. Bularning barchasi Allohning xalqimizga bergan rahmati-yu marhamatidandir. Bu kunlarga faqat va faqat shukronalar aytmoq joiz.

Taʼkidlash lozimki, har yili mustaqillik shodiyonalarini nishonlar ekanmiz, bir bor ortga nazar tashlab. erishilgan natijalarni sarhisob qilamiz. Bu borada agar diniy sohaga eʼtibor qaratilsa, Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi davrida Prezidentimizning tinimsiz saʼy-harakatlari, hayotbaxsh tashabbuslari bilan yurtimizda din va eʼtiqod erkinligini taʼminlash boʻyicha katta ishlar amalga oshirilganiga guvoh boʻlamiz.

Binobarin, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligiga qaratilgan islohotlar muqaddas islom dini ulugʻlagan fazilatlar – bagʻrikenglik, saxovat, silai rahm, muruvvat, yaxshilik kabi solih amallarga hamohangligi bilan ibratlidir.

Maʼlumki, Oʻzbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida Prezidentimiz tomonidan bir qator ilgʻor tashabbuslar ilgari surildi.

Ushbu tashabbuslar zamirida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori mujassam. Shu negizda mamlakatimizda muborak dinimizni, buyuk ajdodlarimizning boy merosini oʻrganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti. Bu zaminning har qarich tuprogʻida aziz-avliyolar, ulugʻlar yotibdi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Nasafiy kabi buyuk ajdodlarimizni butun dunyo biladi, eʼzozlaydi. Bugun olib borilayotgan islohotlar ana shu ulugʻ zotlarning ilmiy-maʼrifiy va madaniy merosiga hurmatni ifodalaydi.

Ushbu zaminda ulgʻayib, oʻz ilmiy faoliyatlari hamda asarlari bilan musulmon olami va umumbashariyat tamadduniga hissa qoʻshgan allomalar, mutafakkirlar merosini oʻrganish, uni kelajak avlodlarga yetkazish, ilmiy va maʼnaviy meros aks etgan qoʻlyozmalar, osori-atiqalar vositasida islom dinining tinchlikparvarlik, insoniylik va bunyodkorlik mohiyatini targʻib qilish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va bir qator ilmiy markazlar tashkil qilindi.

Shu bilan birga, diniy taʼlim yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratilib, taʼlim muassasalariga qabul kvotalari bir necha baravar oshirildi. Yangi uchta diniy taʼlim dargohi – Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasiga asos solindi. Yana bir muhim jihat. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Mazkur ilm-fan maskanlarida buyuk ajdodlarimizning boy merosi oʻrganilishi va tadqiq etilishi barobarida, ularning davomchilari boʻlgan yetuk olimlar yetishib chiqadi, insha Alloh. Shular qatorida turli hududlarda hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqh ilmiy maktablarining faoliyati yoʻlga qoʻyilgani diniy-maʼrifiy sohada yangi taraqqiyot bosqichi boshlanganidan darakdir.

Bundan tashqari, keyingi besh-olti yilda yurtimiz boʻylab qad rostlayotgan koʻrkam va shinam masjidlar haqida soʻz yuritmaslikning iloji yoʻq. Chunki bugun nafaqat shahar markazlari-yu tumanlarda, balki olis hududlardagi masjidlar ham zamonaviy qiyofaga kirib, namozxonlar uchun barcha shart-sharoitga ega boʻlib bormoqda. Birgina Qoraqalpogʻiston Respublikasining olis va chekka hududlarida 13 ta yangi masjid ish boshlaganining oʻzi ham fikrimiz tasdigʻidir. Soʻnggi 5-6 yilda bunday masjidlarning 70 tasi yangi ochildi, 400 dan ortigʻi qayta bunyod etildi, 500 tasi esa taʼmirlandi. Pirovardida, bunday obod masjidlarimiz soni 2 ming 100 dan oshdi. Yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar moʻmin-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda.

Bu oʻzgarishlar qatorida diniy idora qoshida Qurʼon va tajvidni oʻrgatish boʻlimi tashkil etilib, oʻlkamizda ilk bor 21 ta “Qurʼoni karim va tajvid” kursi faoliyat boshlaganini alohida tilga olmoq darkor. Shu kunga qadar bu oʻquv kurslarida 30 ming nafar yurtdoshimiz taʼlim olib, Qurʼoni karim qiroatidan dastlabki saboqlarini tamomladi. Yana minglab fuqarolar ayni kunlarda Qurʼon kurslarida taʼlimni davom ettirmoqda. Yana bir jihat, Qurʼoni karimning ayrim sura va juzlarini mukammal oʻzlashtirgan ahli ilmlarga mazkur boʻlim rahbari Shayx Alijon qori tomonidan ushbu qismlarga ijoza berish amaliyoti ham joriy qilindi. Shuningdek, masjidlarda muazzinlarning azon aytish mahoratlarini yaxshilash boʻyicha ham alohida kurslar ochilgani koʻplab yurtdoshlarimizning diniy taʼlimning boshlangʻich sabogʻini mukammal olishiga zamin boʻldi.

Moʻmin-musulmonlarning diniy ehtiyojlarini qondirish borasida soʻz ketar ekan, haj va umra ibodatlarini tashkil etish haqida alohida toʻxtalmoq joiz. Chunki keyingi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi va topshirigʻi asosida umra kvotasi olib tashlanib, birgina joriy yilning birinchi yarim yilida 25 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz ushbu ziyoratni ado qilib, yurtimizga qaytdi. Haj ibodatini bajarish kvotasi ham bu yil oldingi yillardagiga nisbatan bir necha barobar oshirilib, 7 mingdan 12 ming nafarga yetkazildi. Bu boradagi ijobiy oʻzgarishlar yana davom etmoqda.

Taʼkidlash kerakki, keyingi 5-6 yilda masjidlarimiz chin maʼnoda maʼrifat maskaniga aylanib bormoqda. Oldinlari haftada bir marta – juma kuni maʼlum mavzu asosida mavʼiza qilishga ruxsat berilar edi. Hozirda har kuni 5 mahal namozning istalgan vaqtida vaʼz-nasihat qilish imkoni bor. Bundan unumli foydalangan imom-xatiblarimiz vaqtli namozlarda jamoatga ilmiy suhbatlar qilib, aholining diniy-maʼrifiy bilimlarini mustahkamlashga va ularning barcha savollariga javob berishga harakat qilmoqda.

Shu bilan birga, aholining kundalik hayotdagi sharʼiy masalalar boʻyicha murojaatlari ham inobatga olinib, idora qoshida Fatvo markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Eʼtiborli jihati, bu markaz shu vaqtgacha bir boʻlim sifatida ish yuritar edi. Aholi murojaatlarining koʻpligini inobatga olib, boʻlim alohida markazga aylantirildi. Ayni damda zamonaviy Fatvo markazida aholining savollariga tezda javob beradigan “Call-markaz” va bir qator interfaol xizmatlar faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, yaqinda Prezidentimiz tomonidan “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisidagi muhim va tarixiy hujjat imzolangani xalqimizni cheksiz quvontirdi. Unga koʻra, “Imom Buxoriy” ordeni ikki darajadan iborat boʻlib, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni hamda “Imom Buxoriy” ordenidan iborat. Ushbu ordenning tarixiy ahamiyati shuki, shu vaqtga qadar diniy ulamolarning uzoq yillik samarali va mashaqqatli mehnatlarini taqdirlaydigan biror-bir xos orden yoki medal yoʻq edi. Mazkur ordenning taʼsis etilishi davlatimiz rahbari tomonidan soʻnggi yillarda din sohasida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Albatta, bu saʼy-harakatlarning barchasi dinimiz rivoji, xalqimizning diniy-maʼrifiy bilimi yuksalishiga, ularni rozi qilishga, moʻmin-musulmonlar talab-istaklarini qondirish va yoshlarimizni komil inson etib tarbiyalashga qaratilgandir.

Umuman, islom dinining asl mohiyatini, uning tinchlikparvarlik, insonparvarlik va ezgulikka asoslanganini har tomonlama mukammal namoyon etish maqsadida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning har biri muhim ahamiyatga ega.

Bunday oʻzgarish-u yangiliklardan quvonib, Allohga behad shukronalar aytishimiz darkor. Zero, Qurʼoni karimda: “Va Robbingiz (sizga): “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman”, deya marhamat qilgan.

Alloh taolo, barchamizni koʻp shukrona aytadiganlardan qilsin, mamlakatimizda din va eʼtiqod erkinligi borasidagi ezgu ishlarni yanada bardavom etib, butun dunyoda yurtimizning maqomi va nufuzini yanada ziyoda aylasin.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022-yil 6-sentabr, 193-son

Qo‘shimcha malumot

Ortga surmang
Keyinga qoldirish shayton qo‘llagan yo‘l hisoblanib, u bu bilan musulmonni yo‘ldan ozdirishni maqsad qiladi. Chunki shayton mo‘minni dindan voz kechtirolmasligini,...
Hastimom Abu Bakr Qaffol Shoshiy – mehr-saxovat sohibi
Ko‘hna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom (Hastimom) ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan biri sanaladi. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy...
Sof e’tiqod dushmanlari
Tinchlik, millatlar va dinlararo bag‘rikenglik, Vatanni ardoqlash, oilani muqaddas sanash kabi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi dinimiz nomiga dog‘ tushirgan, butun dunyo...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry