
Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari Turkiya Respublikasida malaka oshirmoqdalar
2022 yil 10 avgust kuni Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya Respublikasidagi Islom tafakkuri institutida tashkil qilingan malaka oshirish kurslari doirasida Anqara shahrida joylashgan Turkiya Respublikasi Diyonat ishlari boshqarmasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Diyonat ishlari boshqarmasi rahbariyati, jumladan, professor, doktor Xolis Aydemir, Uzayr Bozkurt, Yunus Akkaya, Haj va umra xizmatlari bo‘limi boshlig‘i Ramziy Birjan bilan qizg‘in va jonli muloqot tashkil qilindi. Muloqotda O‘zbekiston Respublikasida mamlakat Prezidenti boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar, xususan, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil qilinishiga yuqori baho berildi. O‘z navbatida, O‘zbekiston vakillari ham markazlar tomonidan islom sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan movarounnahrlik allomalarning hayoti va ilmiy merosini tadqiq qilish, mo‘‘tadil islom ta’limotini keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berib o‘tdilar. Shuningdek, Diyonat ishlari boshqarmasi kutubxonasi, Qo‘lyozmalar hamda Restavratsiya bo‘limlariga ham tashrif tashkil qilinib, u yerdagi mutaxassislar bilan fikr almashildi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi Anqara Hoji Bayram Valiy universiteti Islom ilmlari fakultetiga ham tashrif buyurib, fakultet dekani professor Hasan Ayik bilan uchrashdi. Ikki tomon o‘rtasida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ilmiy-tadqiqotlar yo‘nalishida o‘zaro yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlash, xususan, ilmiy xodimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, seminar-treninglar tashkil qilish kabi masalalar bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot yakunida fakultet professor-o‘qituvchilari O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirib o‘tdilar.
Aytish kerakki, malaka oshirish kursi doirasida ilmiy xodimlarga Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professori, doktor Bunyamin Erul hadis ilmi istilohlari, professor, doktor Hakki Unal esa Imom Abu Hanifa va hanafiylik mazhabi yuzasidan ma’ruza qildilar. Mazkur darslar qizg‘in bahs-munozaralarga boy, tinglovchilar uchun samarali kechdi. Ma’ruza yakunida professor, doktor Hakki Unal tinglovchilarga Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari nashrlaridan iborat kitoblarni taqdim qildi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Qo‘shimcha malumot



Izohlar