
Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari Turkiya Respublikasida malaka oshirmoqdalar

Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlari Turkiya Respublikasidagi Islom tafakkuri institutida tashkil qilingan malaka oshirish kursida ishtirok etmoqdalar. Mazkur malaka oshirish kurslariga Turkiyaning yetakchi universitet va ilmiy-tadqiqot institutlari professor-o‘qituvchilari jalb qilingan bo‘lib, unda aqida, fiqh, hadisshunoslik, tasavvuf kabi islomshunoslikka oid ilmlar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot olib borish metodologiyasi bo‘yicha darslar o‘tilishi rejalashtirilgan.

2022 yil 8 avgust kuni Islom tafakkuri institutida ushbu malaka oshirish kursining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda institut direktori doktor Mehmet Go‘rmez so‘zga chiqib, Movarounnahrdan yetishib chiqqan olimlar ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyati, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini yuqori baholab, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ilm-fan sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbir davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Ulug‘bek Jo‘rayev tomonidan yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, jumladan, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati, maqsad va vazifalari hamda erishilgan natijalar haqida taqdimot o‘tkazildi.

Tadbir yakunida ikki tomon o‘zaro bir-birlariga esdalik sovg‘alarini hadya etdilar.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Qo‘shimcha malumot



Izohlar