07.08.2022
291

ALOUDDIN SAMARQANDIY “SHARH AT-TA’VILOT” ASARI MOTURIDIYLIK TA’LIMOTINI O‘RGANISHDA MUHIM MANBA

Hozirgi davrda dinni to‘g‘ri anglashda, islom dinining asl insonparvarlik, bag‘rikenglik g‘oyalarini ochib berishda, ularni xalqimizga sof holda yetkazishda allomalarimizning asarlari muhim o‘rin tutadi. Mana shunday mo‘tabar manbalardan biri Alouddin Samarqandiy (vaf. 539/1144-45)ning[1] “Sharh at-Ta’vilot al-Qur’on”[2] asari bo‘lib, albatta allomaning asari Qur’oni karim tafsiri moturidiy ta’limotini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Allomaning ushbu sharhni yozishida Abul Muin Nasafiyning xizmati nihoyatda katta bo‘lgan. Chunki Alouddin Samarqandiyning o‘zi Nasafiy bilan Moturidiyning «Ta’vilot» asarini birga mutolaa qilganini va Nasafiy joiz, deb topgan joylarga sharh yozib ilova qilib borganligi va keyinchalik ushbu sharhlarni alohida kitob holiga keltirganligini ta’kidlaydi. U o‘z asarida Moturidiyning so‘zlarini sharhlash bilan bir qatorda o‘z fikrlarini ham bayon etgan. Olim o‘z tafsirida Muhammad (s.a.v.) hadislari, sahobiy va tobeinlar so‘zlarini jamlash bilan bir qatorda aqidaviy va fiqhiy masalalarni yechishda hanafiylik an’analariga asoslangan fikrlarni ham keltiradi. 

“Sharh at-Ta’vilot” asarini o‘qigan kishi muallifning kalom ilmi bo‘yicha ham yuksak maqomga yetganligini bilishi mumkin. Olim aqidaviy masalalar bo‘yicha qarashlarida Imom al-Moturidiy izidan borgan. Shuningdek, u Qur’onni sharhlash uslubida ham Imom al-Moturidiydan ta’sirlangan. Yuqorida aytilganidek, Moturidiy Qur’onni sharhlashda o‘ziga xos yo‘l yaratib, asosan, oyatlarni sharhlashda tahliliy fikr yuritishga asoslanadi. 

Alouddin Samarqandiy tafsirining kirish qismida Imom Moturidiyning asarini yuqori baholab, uning ba’zi tushunishga qiyin bo‘lgan joylarni yengillashtirishni maqsad qilib sharh yozganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga allomaning asarida boshqa mashhur tafsir asarlardagi kabi oyatma-oyat sharh berilganiga ko‘ra, uni faqat Moturidiy tafsirida tushunishi qiyin bo‘lgan joylarni sharhlash bilan chegaralanmay Qur’onning boshidan oyatma-oyat, aqidaviy masalalarga kelganda keng sharhlar berganini ko‘rish mumkin. 

Shuningdek, u hadislar, rivoyatlarni chuqur bilishiga qaramay, sharhlashda ularga ko‘p hollarda murojaat qilmaydi. Lug‘at olimlari so‘zlarini nomlarini zikr etmay keltiradi. Qiroat turlaridan misollarni deyarli keltirmaydi. Shunga ko‘ra, u Imom Moturidiy kabi Qur’on oyatlarini Qur’on, sunna, sahobiy va tobeinlar so‘zlaridan foydalanmaydi. Bu rivoyatlar Ta’vilot al-Qur’on zikr etilgani bois bo‘lsa kerak, ularni qayta zikr etmay, faqat alohida hollarda hadislardan sahobiy va tobeinlarni zikr etadi. 

U Qur’onni sharhlashda avval suraning Makkada yoki Madinada nozil bo‘lganini aytishi bilan bir qatorda agar oyatning ba’zi qismi Makkada boshqasi Madinada nozil bo‘lgan bo‘lsa ajratib ko‘rsatib o‘tadi. Masalan, Baqara surasi Madinada nozil bo‘lgan, faqat واتقوا يوما...  281- oyati arafa kuni Minoda (Makkada) nozil bo‘lgan[3]. Bundan keyin esa, oyatlarning sonini zikr etadi: “Baqara surasi oyatlari - 286 ta”[4]

Shuni aytish joizki, Alouddin Samarqandiy Imom Moturidiyning tafsiri matnini to‘liq sharhlamagan, balki uning tafsiridagi ba’zi lozim topgan joylariga izoh berib o‘tgan. 

Tafsirga diqqat bilan nazar solinsa, Alouddin Samarqandiy Imom Moturidiyning tafsirini sharhlashda asosan, uch xil yo‘nalishga asoslanadi: 

Birinchisi, Moturidiyning fikrlarini yanada quvvatlantirishga harakat qilishi, bunda Alouddin Samarqandiy Imom Moturidiyning chuqur tahlillarini yanada izohlaydi. 

Ikkinchisi, Imom Moturidiy tafsirida umumiy ma’no berilgan hamda qisqacha so‘z yuritish bilan cheklanilgan o‘rinlarga ahamiyat qaratib, ularni o‘z tahliliy fikrlari bilan boyitadi. 

Masalan: …فلا تجعلوا لله أندادا  

“Allohga birovni barobar, teng qilmanglar”[5] oyati sharhida Moturidiy أنــدادا (birligi ند (so‘zini sharhlab “ya’ni unga teng qilish, ibodatda shakllarni iloh qilib olish, bularning ma’nosi bir xildir”[6], deydi.

Alouddin Samarqandiy bu ma’noni bergach, yana shunday sharh beradi: “نــد] nadd] so‘zi ba’zan, unga biror shaklni barobar qilish ma’nosida kelsa, ba’zan, narsaning ziddi ma’nosida ham keladi.

Bu ikki xil ma’noni ifodalashi mumkin: Allohdan boshqani iloh, deb nomlamaslik va shakl qilib olmaslik hamda ibodat qilishda haqli deb, boshqa narsani uning shakli demaslik[7]

Uchinchisi, ba’zan oyat sharhi bo‘yicha Alouddin Samarqandiy, Imom al-Moturidiy fikrlarini aniqlashtirishi. 

Masalan, u: والذين يؤمنون بما أنزل إليك

(Ular) Sizga nozil qilingan narsalarga imon keltiradilar”[8] oyatida Imom al Moturidiyning “(Nozil qilingan narsalar) ikki xil ma’noni berishi mumkin: birinchisi, Qur’ondan nozil qilganlari, ikkinchisi, Qur’on karimda kelmagan shariat qoidalari va hukmlar”[9] deb aytgan sharhini keltiradi. 

So‘ng, bu fikrlarni yana ham aniqlashtirib, shunday deydi: “Oyatning ma’nosi, Allohning bu oyatdagi murodi Qur’on va hadisda nozil qilgan barcha vahiysidir, chunki bularning hammasi Alloh tomonidan nozil qilingan vahiydir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy ikki xil bo‘lgan: birinchisi, tilovat qilinadigan, ikkinchisi, tilovat qilinmaydigan (ya’ni tilovati bekor bo‘lib, hukmi qolgan). Bularning hammasi Jabroil alayhissalom, farishtalar olib kelgan yoki qalbiga ilhomlantirilgan vahiylardir. Chunki, Alloh taolo Qur’oni karimda “(Muhammad) havoyi nafsidan gapirmaydi, u (aytayotgan so‘zlar) vahiydir”[10], degan[11]

Shunday qilib, Alouddin Samarqandiy o‘z davridagi Qur’on sharhi va kalom ilmi bo‘yicha vujudga kelgan muammolarni Imom Moturidiy uslubi asosida hal etishga harakat qilib, Moturidiyning tafsirini yangi sharhlar bilan boyitgan va shu yo‘l bilan hanafiy mazhabini himoya etishga harakat qilgan. 

Ma’lumki, Moturidiy va uning maktabi namoyandalari aqidaviy masalalarni yechishda o‘z davrining yangicha uslubini kiritganlar hamda Movarounnahrdagi kalom ilmi rivojiga muhim hissa qo‘shganlar[12]

Imom Moturidiy va Alouddin Samarqandiy tafsirlarida o‘z davridagi mavjud oqimlarga ilmiy raddiyalar berilgan, aqidaviy masalalarga doir oyatlarga esa, sunniylik yo‘nalishiga mos tarzda yechimlar keltirilgan. Shu jihatdan olib qaraganda ham, Abu Mansur Moturidiyning “Ta’vilot ahli-sunna” asari va Alouddin Samarqandiy asarlari tafsirshunoslikning hanafiylik yo‘nalishi bo‘yicha nodir manbalardan hisoblanadi.

 

Ixtiyor Abdurahmonov, 
Imom Moturidiy xalqaro 
ilmiy-tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi


 

[1] Alouddin Samarqandiyning usulul fiqh va furu’ul fiqh bo‘yicha yetuk olim bo‘lib, “Tuhfat al-fuqaho”, “Mabsut”, “Ziyodot”, “Mizon al-usul fi natoij al-uqul”, “al-Lubob fi usul al-fiqh”, “Sharh at-Ta’vilot” asarlarini yaratgan (M. Komilov. Movarounnahr ilmining rivoji va faqih Alouddin as-Samarqandiy. – T.: Istiqlol, 2006. – 207 b).

[2] Ba’zi manbalarda “Sharh at-Ta’vilot” deb ham nomlanadi.

[3] Sharh at-Ta’vilot (Qo‘lyozma). Sharqshunoslik qo‘lyozmalari instituti. № 3249. – V. 15a

[4] Sharh at-Ta’vilot (Qo‘lyozma). Sharqshunoslik qo‘lyozmalari instituti. № 3249. – V. 15a

[5] Baqara surasi, 22-oyat.

[6] Al-Moturidiy. Ta’vilot ahlis-sunna. /Majdiy Boslum tahqiqi. – Bayrut, 2005. J. 1. B. 401

[7] Sharh at-Ta’vilot (Qo‘lyozma). Sharqshunoslik qo‘lyozmalari instituti. № 3249. – V. 40a

[8] Baqara surasi, 4-oyat.

[9] Al-Moturidiy. Ta’vilot ahlis-sunna. /Majdiy Boslum tahqiqi. – Bayrut, 2005. J. 1. B. 374.

[10] Najm surasi, 3-oyat.

[11] Sharh at-Ta’vilot (Qo‘lyozma). Sharqshunoslik qo‘lyozmalari instituti. № 3249. – V. 21 a

[12] Goldsiyer I. Leksii ob islame.–Leypsig. 1912. – B. 72-152. Rudolf U. Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti. – Toshkent, 2001; Rudolf U. al-Maturidi i sunnitskaya teologiya v Samarkande. – Almatы: 1999. Husnidinov Z. Islom: yo‘nalishlar, mazhablar, oqimlar. – Toshkent: Movarounnahr, 2000.

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry