04.08.2022
404

ABU SHAKUR SOLIMIY KESHIY – IMOM ABU MANSUR MOTURIDIYNING BUYUK DAVOMCHISI

Moturidiya ta’limoti rivojiga katta hissa qo‘shgan ulamolardan biri Abu Shakur Solimiy Keshiydir. Allomaning to‘liq ismi – Abu Shakur Muhammad ibn Abdulloh as-Sa’id ibn Shuayb al-Keshiy as-Solimiy al-Hanafiy al-Makshifiydir. 

Allomaning kunyasi Abu Shakur ekanidan kelib chiqib aytish mumkinki, sharqona an’anaga muvofiq uning “Shakur” ismli o‘g‘li bo‘lgani e’tiboridan mazkur kunya bilan atalgan bo‘lishi mumkin yoki hanafiy mazhabi asosichisi Imomi A’zam “Abu Hanifa (To‘g‘ri millat otasi)” degan ma’nodagi kunya berilgani kabi allomaga ham “Abu Shakur (shukr qiluvchilarning otasi)” ma’nosidagi kunya bilan atalgan bo‘lishi ham ehtimol qilinadi. 

Allomaga “Keshiy” nisbasi tug‘ilib o‘sgan joyi qadimgi Kesh shahriga nisbatan berilgan, ba’zi arab tiliga oid manbalarda “Kashshiy” yoki “Kassiy” nisbasi bilan zikr qilingan. Allomaning buyuk mutakallim olim bo‘lib yetishishiga o‘sha davr ilmiy muhiti ham ta’sir ko‘rsatgan. Chunki Kesh tarixi Markaziy Osiyoning eng ko‘hna shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva tarixi singari qadimiydir. Nasaf va Kesh shaharlaridan ilm-fan sohasidagi salmoqli ishlari bilan dunyoga tanilgan olimu fuzalolar yetishib chiqqan. Manbalarda birgina Kesh viloyatida VII asrdan XII asrgacha 60 dan ortiq muhaddis, mufassir, faqih va tarixchi olimlar yetishib chiqqani tilga olinadi. 

Abu Mansur Moturidiy “Imom ul-hudo (To‘g‘ri yo‘l imomi)” degan buyuk nomga sazovor bo‘lgani kabi Abu Shakur Solimiy Keshiy ham “al-Muhtadiy (to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi)” nomiga sazovor bo‘lgan. Allomaga mazkur “al-Muhtadiy” nomi kim tomonidan berilgani yoki o‘ziga nisbatan ishlatilgani to‘g‘rsida biror ma’lumot uchramaydi. Mazkur nom allomaning kalom ilmida ma’lum bir mavqega ega bo‘lganini bilib olish mumkin. Chunki fiqh fani bilan mashg‘ul allomalarga “faqih” yoki “mujtahid” yoki hadis fani bilan shug‘ullanganlarga “muhaddis” yoki “hofiz” kabi unvonlar bilan qo‘llanilgan. O‘sha davrda barcha islomiy ilmlar cho‘qqisiga chiqqan ilmiy muhitdan xulosa qilib aytish mumkinki, bunday ulug‘ nom har qanday olimga ham berilmagan. Odatda bunday ulug‘ nom va unvon o‘zining ilmiy asarlari yoki tarbiyalab yetishtirgan shogirdlari bilan ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan allomalarga berilishi e’tiboridan Abu Shakur Solimiy Keshiyga berilishi har jihatdan o‘rinli bo‘lgan. Masalan, Abu Shakur Solimiy bilan bir davrda yashab ijod qilgan Abul Muin Nasafiyga ham “al-Faqih al-hanafiy”, “Sayf ul-haq (hanafiy faqih va haqiqat qilichi), “Raisu ahli-s-sunna val-jamoa (Ahli sunna val-jamoa raisi)” kabi buyuk nomlar berilgan.

Allomaga “Hanafiy (hanafiy mazhabiga mansub kishi)” nisbasi esa e’tiqod va amal qilgan mazhabi hanafiy mazhabiga nisbatan berilgan. Umumiy ma’noda hanafiy mazhabiga mansub barcha ulamolar hanafiy hisoblansada, lekin barchasiga “Hanafiy” nisbasi qo‘llanmagan. Ko‘pincha biror mazhab yoki firqaga mansub ekanini bildirib turadigan, bunday nisbalar boshqa mazhab va firqalarga mansub ulamolardan ajralib turishi uchun berilgan. 

Alloma “Solimiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan. Turk tadqiqotchisi Umar Turkmen muarrix Sam’oniyning “al-Ansob” asariga suyanib, “Solimiy” nisbasi ilk islom davridagi Madinada yashovchi ikkita arab qabilalaridan biri Xazraj qabilasining tarkibiga kiradigan Solim ibn Avf ibn Amr ibn Avf ibn Xazrajning avlodlariga nisbatan qo‘llanganini keltirib, Abu Shakur Keshiyning nasl-nasabini ham ushbu qabilaga bog‘laydi.

Alloma qadimiy Kesh vohasida V/XI asrning birinchi yarmida tug‘ilgan. Chunki allomaning o‘zi “Tamhid” asarida hijriy 470/1077 yillarda Shayx ul-islom Imom Zohid Abu Bakr Muhammad ibn Hamza ibn Muhammad Xatib Samarqandiydan (vaf. 491/1098 y.) ta’lim olib, uning huzurida faqihlik darajasiga yetganini zikr qilgan. Mazkur asarning boshqa joyida u 460 h./1068 m. yillarda Samarqandda ushbu ustozi oldida “Kitob as-Sariqa” (O‘g‘rilik qitobi) va boshqa fiqhiy mavzularda saboq olganini ta’kidlagan. 

Mazkur ma’lumotlarga asoslanib, Abu Shakur Solimiyning tavalludi 441/1060 yillar atrofida bo‘lganini aytish mumkin. Chunki klassik islomiy ilmlarni o‘rganish talaba yirgirma yoshdan keyin o‘rganadi. Mazkur ma’lumotlar allomaning tavalludi hijriy V asrning birinchi yarmida bo‘lgan va Samarqand shahrida ta’lim olgan, deyishga asos beradi. Bundan tashqari, Samarqand shahri o‘sha davrda qoraxoniylar davlatining poytaxti bo‘lgan. Odatda ko‘plab ulamolar poytaxt shaharda ta’lim-tarbiya va ijod bilan shug‘ullanishgan. Shu e’tibordan Abu Shakur Solimiy ham Samarqand shahriga kelib ta’lim olgan va bunga uning qarindoshlari mazkur shaharda yashagani ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Islom dini kalom ilmida mutakallimlarga qo‘yilgan talablardan kelib chiqib aytish mumkinki, u tafsir, hadis, kalom, fiqh, usul ul-fiqh, balog‘at, mantiq va boshqa islomiy ilmlardan yetarli darajada xabardor bo‘lib, mahalliy urf-odatlarni ham yaxshi bilgan. Bunga allomaning “Tamhid” asarini mutoala qilgan kishi yana bir marta amin bo‘ladi. 

Abu Shakur Keshiyning ilmiy merosi, xususan, uning “Kitob al-me’roj” asari haqida eng birinchilardan bo‘lib ma’lumot bergan alloma Fazlulloh Muhammad ibn Ayyub Mojiviydir (vaf. 666/1268 y.). U “al-Fatovo as-sufiya fi tariq al-bahoiya” nomli asarida “Kitob al-me’roj”ning tarkibiy tuzilishi va fasllari haqida ma’lumot bergan. Mazkur alloma Abu Shakur Keshiydan taxminan bir asr keyin yashab ijod qilgan.

Hoji Xalifa “Kashf az-zunun” asarida Abu Shakur Keshiy aqoid ilmiga oid ikkita –“at-Tamhid fi bayon at-tavhid” va “Kitob al-me’roj” asar yozgaganini zikr qilgan. Ammo Hoji Xalifa “Kitob al-me’roj” asarining yozilish tarixini quyidagicha zikr qilgan: “(Mashhur tasavvuf namoyanlaridan Ibrohim ibn Adhamga abbosiy xalifa Horun ar-Rashid  ming dinor berganida, uni qabul qilmaydi va qo‘lini o‘zining gilami ostiga kirgizib, bir hovuch javharlar chiqaradi”. Hoji Halifaning zikr qilishicha, mana shu rivoyat Abu Shakur Keshiyning yuqoridagi “Kitob al-me’roj” asarini yozishga turtki bo‘lgan. 

Abu Shakur Solimiy “Tamhid” asari muqaddima va turli e’tiqodiy mavzular bilan nomlanuvchi o‘n ikkita bobdan iborat. Muallif hamdu sanodan keyin asarning yozilish  sababini quyidagicha bayon qilgan: “Mendan ba’zi do‘stlarim iborasi bilan tushunarli yoki ishorasi bilan idrok qilinadigan tarzda ma’rifat va tavhid asoslari to‘g‘risida tamhid (qo‘llanma) yozib berishimni so‘radilar. Men bu borada ularning taklifiga javoban ushbu asarni yozdim va uni “At-Tamhid fi bayon at-tavhid (Tavhid bayoni haqida qo‘llanma)” deb nomladim”.

Haqiqatda, Abu Shakur Solimiyning o‘zi aytganidek, mazkur asar yengil va sodda uslubda yozilgan bo‘lib, arab tilidan boshlang‘ich ma’lumotga ega kishi ham undan bemalol foydalana oladi. Bu o‘quvchilarga moturidiya ta’limotini yanada mukammal va chuqurroq o‘rganish imkoniyatini beradi. 

“Tamhid” asaridagi bayon qilingan o‘n ikkita bobning har biri mavzusi qanchalik keng qamrovli yoki mo‘jaz ekaniga qarab, uchtadan yigirmatagacha fasllardan tashkil topgan. Qolaversa, bob mavzulari orasida mantiqiy ketma-ketlik va bog‘liqlikka rioya qilinganini kuzatish mumkin. Abu Shakur Solimiy “Tamhid” asarini yozishda Qur’on oyatlari, Payg‘ambar (s.a.v.) hadislari, sahoba, tobein va tabaa tobeinlar so‘zlari, Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan, Molik ibn Anas, Muhammad ibn Idris Shofe’iy kabi mashhur ulamolardan e’tiqodiy mavzularda naql qilingan rivoyatlar hamda bir qancha asarlarga tayangan holda ish tutganini ko‘rish mumkin.

Muallif “Tamhid” asarini yozishda bevosita o‘z ustozlarining asarlaridan, boshqa taniqli hanafiy mazhab ulamolarining kalom va boshqa fanlarga oid muhim asarlardan foydalanganini ko‘rish mumkin. Ba’zi o‘rinlarda muayyan bir asardan iqtibos olganiga ochiqcha ishora qilgan bo‘lsa-da, ko‘p o‘rinlarda bu holat kuzatilmaydi. 

O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti asosiy fondida Abu Shakur Solimiyning “At-Tamhid fi bayon at-tavhid” asarining 2638, 8736, 4604, 8160 raqamlari ostida saqlanayotgan to‘rtta qo‘lyozma nusxalari va 11455, 6976, 15194, 18908, 14315 raqamlari ostida saqlanayotgan toshbosma nusxalari hamda O‘zFAShI Hamid Sulaymon fondida 2418-raqam ostida bitta qo‘lyozma nusxasi saqlanayotgani aniqlandi. 

K. Brokkelman bergan ma’lumotga ko‘ra, “Tamhid” asarining qo‘lyozma nusxalari Turkiyaning “Ashir” I. 524/V, 1222, “Selim Og‘a” 587, “Shehid” 1153 va “Sulaymoniya” kutubxonalarida uchta qo‘lyozma nusxalari 524, 525 va 2167 raqamlar ostida saqlanmoqda.

Ko‘plab kitoblarga yozilgan sharhlar muallifi Nuriddin Mulla Ali Qoriy (vaf.1014/1606 y.) “Sharh al-fiqh al-akbar” asarida Abu Shakur Keshiy ilmiy merosini o‘rgangan va undan foylagan. Mo‘min kishi katta gunohlar qilish bilan kofir bo‘lmaslik masalasini sharhlashda Abu Shakur Keshiyning “Tamhid” asarida keltirgan so‘zlari bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Mulla Ali Qoriy Xurosonning Hirot shahrida tug‘iladi va Hirot shahri rofiziylar hukmronligiga o‘tgandan so‘ng Makkaga ko‘chib ketadi. Bundan Abu Shakur Keshiyning ilmiy merosi qo‘shni Xuroson hududida va Makka shahrida keng tarqalgan, deb aytish mumkin bo‘ladi. 

Bayoziy Zoda (vaf. 1687 y.) “al-Usul al-munifatu lil-imam Abi Hanifata (Imom Abu Hanifaning e’tiqodiy qarashlari)” kitobida Abu Hanifaning e’tiqodiy qarashlarini izohlashda Abu Shakur Keshiyning “Tamhid” asaridan unumli foydalangan. Bundan tashqari Bayoziy Zoda “Ishoratu-l-marom (Xohish-istak ishorasi)” asarida Abu Shakur Keshiyning moturidiya ta’limoti ulamolarining biri sifatida zikr qilgan. 

Usmoniylar davlatining oxirgi davrida yashab ijod qilgan Ahmad Rifat Afandi (vaf. 1293/1876 y.) tasavvuf va tariqatlar tarixiga oid “Mir’atu-l-maqosid fi daf’ al-mafosid (Fasodlarni daf qilishda maqsadlar ko‘zgusi)” kitobida mo‘‘tabar manbalar qatorida Abu Shakur Keshiyning “Tamhid” asaridan foydalangan. Muallif ushbu asarini usmoniylar hukmdori Sulton Murod V ga (1840-1904) tuhfa qilgan. 

Yevropalik sharqshunoslardan moturidiya ta’limoti paydo bo‘lishi va shakllanish tarixi borasida ilmiy izlanishlar olib borgan tadqiqotchilar Abu Shakur Keshiyning “Tamhid” asarining kalom ilmi rivojida muhim o‘rin tutishida ijobiy fikr bildirishgan. Jumladan, Klaude Jillot “O‘rta Osiy ilohiyoti va Xuroson muallifi” nomli kalom ilmi tarixiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotida quyidagilarni keltiradi: “Yuqorida ko‘rib o‘tilganidek, Movarounnahrda V/XI asrning ikkinchi yarmiga qadar kalom ilmiga oid mukammal asarlar mavjud emas edi. Aynan shu davrga kelib, Abu Shakur Solimiy (hij. V asarning 2-yarmida yashagan) o‘zining kalom ilmiga bag‘ishlangan mukammal asari “at-Tamhid fi bayon at-tavhid”ni yozdi. Bu asar moturidiya ta’limotini yanada rivojlantirishga  katta hissa bo‘ldi”. Bu o‘rinda Klaude Jillotning ta’biri bilan aytganda, Keshiyning “Tamhid” asari moturidiya ta’limotining rivojida Moturidiyning “Kitob at-tavhid” asaridan keyin, ikkinchi o‘rinda turadi. 

Moturidiya ta’limoti tarixi va rivojlanish bosqichlari xususida samarali ilmiy tadqiqot olib borgan germaniyalik sharqshunos olim Ulrix Rudolf “Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyati” nomli ilmiy tadqiqotida Abu Shakur Solimiyning javharlar (atomlar) va arazlar (aksidensiyalar) haqidagi qarashlarini quyidagicha yuqori baholaydi: “...Shunday qilib, Abu Shakur Solimiy shunday ta’rifni taqdim etadiki, u Moturidiy antologiyasiga oid qaydlarda yetishmayotgan aniqlikni kiritadi. Ammo, shunga qaramay, uning asari bilan “Kitob at-tavhid” o‘rtasida yondoshlik ochiq-oydin ko‘rinib turadi. Uning bu o‘rinda aytayotgan gaplari Moturidiyning fikr yuritish yo‘nalishi sifatida ma’lumdir”. Germaniyalik tadqiqotchining yuqoridagi fikrlaridan Abu Shakur Keshiy “Tamhid” asarida moturidiya ta’limotida insonda ilm hosil qiluvchi  vositalarining biri bo‘lgan aqlning haqiqati va ta’rifi hamda funksiyalari borasida boshqa mutakallim olimlar taqdim qilmagan batafsil va ilmiy ma’lumotlarni keltirganini anglash mumkin.

Turk olimlaridan So‘nmez Kutlu “Temur davri va undan keyingi asrlarda kalom ilmiga oid adabiyotlarning Turkiston diyoridagi manbalari” nomli maqolasida Abu Mansur Moturidiydan boshlab, Amir Temur davrigacha yashab ijod qilgan mutakallimlar va ularning kalom ilmiga oid asarlari hamda mazkur kitoblarning ba’zi birlari bugungi kunda qaysi tadqiqotchi olimlar tomonidan qachon va qaysi nashriyotlarda nashr qilingani to‘g‘risida muhim ma’lumotlar berilgan.

Turk tadqiqotchilaridan Ja’far Qaradash “Islom tushunchasida oxirat hayoti” nomli  asarida oxirat hayotining abadiyligi mavzuida va bu borada turli firqalarning qarashlari haqida bahs yuritishda bevosita Abu Shakur Keshiyning “Tamhid” asaridan ununmli  foydalanganini zikr qilgan. Mazkur turk tadqiqotchisining kalom ilmiga oid ko‘plab manbalar bo‘lishiga qaramasdan aynan “Tamhid” asariga murojaat etgani bugungi kunda ham uning qanchalik ahamiyatga ega ekanidan xabar beradi. 

Turkiyadagi Shukurova universiteti tadqiqotchisi O‘mer Sadiker “Hanafiy-moturidiy an’anasida bid’at mazhablar va islomdan tashqari dinlar: Abu Shakur as-Solimiy misolida” nomli katta ilmiy maqolasida islom diniga mansub turli adashgan firqa va oqimlar va ularning tasnifi haqida muhim ma’lumotlar berib o‘tilgan. Haqiqatda maqola muallifi ta’kidlaganidek, islom diniga mansub adashgan firqa va oqimlarning noto‘g‘ri e’tiqodiy qarashlarini anglashda va ularga yetarlicha asosli ilmiy raddiyalar berishda Abu Shakur Keshiyning “Tamhid” asarining o‘rni beqiyosdir. Bundan tashqari mazkur maqolada bashariyat dinlari tarixi va ularning e’tiqodiy qarashlari kabi muhim mavzular haqida “Tamhid” asaridan foydalangan holda bahs yuritilgan. 

Marmara universiteti doktori Mehmet Umit “Abu Shakur Solimiyning xalifalik borasidagi qarashlari” nomli ilmiy maqolasining kirish qismida allomaning hayoti va shaxsiyati biroz to‘xtalib o‘tgach, “Tamhid” asarining “Xalifalik va amirlik” deb nomlanuvchi XI bobida keltirilgan qarashlar borasida bahs yuritadi. Mazkur mavzuda ahli sunna val jamoaning qarashini Abu Shakur Keshiy aniq-ravshan va qisqa tarzda ifodalab berganini e’tirof etadi.

Murat Kilavuz “Yangi bir nashr munosabati bilan Abu Shakur as-Solimiyning at-Tamhidiga oid mulohazalar” nomli maqolasida Abu Shakur Keshiyning Imom Abu Mansur Moturidiyning izdoshi va davomchisi bo‘lgani ta’kidlash bilan birga mutashobeh sifatlar borasida uning qarashlari Moturidiy fikrlariga to‘liq mos kelishini aytib o‘tgan. Ya’ni Qur’on va hadislarda kelgan mutashobeh sifatlar borasida hanafiy mazhabida ikki xil qarash mavjud bo‘lsada, Abu Shakur Keshiy Moturidiyning fikrlarini qo‘llab-quvvatlagani va himoya qilganini zikr qilib o‘tgan.

Soatmurod Primov,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

 

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry