29.07.2022
365

ALOUDDIN AL-USMANDIY AS-SAMARQANDIYNING MOTURIDIYLIK TA’LIMOTI RIVOJIDA TUTGAN O‘RNI

Movarounnahr xalqlarining ma’naviy merosi xazinasida muhim o‘rin tutgan faqih va mutakallimlarning merosini o‘rganish xalqimizning bugungi ma’naviy uyg‘onishida g‘oyat katta ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo faqihlarining har biri o‘z ilmiy uslubi va yashagan davri sharoitiga qarab islom huquqi, ayniqsa, hanafiy mazhabi rivoji yo‘lida salmoqli xizmatlar qilib, o‘zlaridan barhayot asarlar qoldirganlar. Shunday allomalardan biri, o‘z davrining yetakchi faqih va mutakallim olimi, mutafakkir Muhammad ibn Abd al-Hamid al-Usmandiy as-Samarqandiydir. Alloma hozirgi kungacha ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan ulkan ilmiy meros qoldirdi. Xususan, uning qalamiga mansub “Lubob al-kalom”, “Tariqat al-xilof bayn al-aslof”, “Bazl an-nazar fi al-usul”, “Hasr al-masoil va qasr ad-daloil” va “Muxtalaf ar-rivoya” asarlari alohida ahamiyatga ega.

Olimning to‘liq ismi – Abu-l-Fath Alouddin Muhammad ibn Abd al-Hamid ibn Umar ibn al-Hasan ibn al-Husayn al-Usmandiy as-Samarqandiy bo‘lib, tug‘ilgan va vafot etgan yili haqida manbalarda turli ma’lumotlar keltirilgan. Ba’zi manbalarda “Alloma 408/1017 yilda Samarqandda tug‘ilib, 502/1109 yilda shu yerda vafot etgan”, deb keltirilsa, ko‘pchilik manbalarda “U 488/1095 yili Samarqand qishloqlaridan biri “Usmand”da tavallud topib, 552/1157 yilda 64 yoshida vafot etgan”, deyiladi. 

Tabaqot asarlarida Abu-l-Fath Muhammad ibn Abd al-Hamid ibn al-Husayn ibn al-Hasan ibn Hamza al-Usmandiy, Samarqand ahlidan bo‘lib “Olamning ustuni” (“al-Alo al-olam”) sifati bilan mashhurdir, deb keltiriladi.

Yozma manbalarda alloma tug‘ilib o‘sgan joyning “Asmand” yoki “Usmand” deb nomlanishi bilan bog‘liq ko‘pgina ixtiloflar mavjudligi keltirilgan. Ba’zi olimlar bu joy “Asmand” deb nomlangan va allomaning nisbati Asmandiy bo‘lgan, deb keltirishsa, boshqalari qishloqning nomini “Usmand”, yana ba’zilari esa “Samand” shaklida bayon etganlar. 

Allomaning otasi – Abd al-Hamid ibn Umar al-Usmandiy Samarqandning yetuk olimlaridan sanalib, so‘zga chechanligi va mohir va’zxonligi bilan ham xalq orasida tanilgan. To‘liq ismi – Abu Muhammad Abd al-Hamid ibn Umar ibn al-Husayn ibn al-Hasan ibn Hamza ibn Tohir al-Usmandiy bo‘lib, manbalarda uning faqat ismi va u rivoyat qilgan hadisgina yozib qo‘yilgan. Uning biror mansab egasi yoki o‘z davrida mavqei qanday bo‘lgani, hatto tug‘ilgan yoki vafot etgan yillari haqida ham birorta ma’lumot keltirilmagan.  

Ko‘pchilik manbalarda alloma otasining ismi “Abd al-Hamid”, ba’zisida “Abd al-Majid” yoki “Abd ar-Rashid” shaklida qayd etilgan. Ba’zi tabaqot mualliflarining al-Usmandiy o‘rniga ar-Roziy nisbasini qo‘llaganliklari hamda Abu Homid, Abu Bakr kabi kunyalarni zikr etganliklari istinsox (nusxa ko‘chirish)dagi xato tufayli yuzaga kelganligini aytishimiz mumkin. Otasining ismi va kunyasidagi tartibsizlik sababidan Kahhola o‘zining “Mu’jam al-muallifiyn” asarida bu ism bilan ikkita alohida kishini zikr etib keltirgan. 

Alloma otasining kuchli muhaddis va hadis roviysi bo‘lganligi yosh Alouddinning o‘ziga xos ilmiy muhitda kamol topganligiga dalolat qiladi hamda kelajakda o‘z davrining yetuk faqihi va munozarachi olimi bo‘lib yetishishiga mustahkam zamin yaratib bergan edi. Yozma manbalarda Alouddinning hayoti haqida juda kam ma’lumotlar keltirilgan. Faqat uning 64 yil umr ko‘rib, 552/1157 yilda (ba’zi manbalarda Buxoroda) vafot etganligi qayd etiladi, xolos.

Aksar tarixchi olimlarning asarlarida allomaning ilm talabida ko‘plab mamlakatlarga safar qilganligi haqida ham qayd etiladi. Abu Sa’d Abd al-Karim as-Sam’oniyning ta’kidlashicha, Muhammad ibn Abd al-Karim ash-Shahristoniy alloma bilan Marvda bir necha bor uchrashgan. Bundan tashqari, Usmandiyning Abu Hafs Najmuddin Umar an-Nasafiy, Abu-l-Muiyn an-Nashvoniy, Alouddin as-Samarqandiy va Nuruddin Ahmad ibn Mahmud as-Sobuniy kabi moturidiya mazhabining yirik namoyandalari bilan ham asr bo‘lganligi qayd etiladi. 

Taniqli arab olimi Abu-l-Vafo al-Qurashiy o‘zining “al-Javohir al-muziya fi tabaqot al-hanafiya” (“Hanafiy ulamolar tarjimai hollaridagi yorqin javharlar”) asarida keltirishicha, alloma 552/1157 yilda Bag‘dodga Shams ibn Hisom ibn Burhon bilan birgalikda muborak haj ibodatini ado etib qaytgan. 

Alouddin al-Usmandiy o‘z ilmiy faoliyatini asosan, Samarqand va Buxoro shaharlarida olib borgan bo‘lib, shuningdek, o‘sha davrdagi ko‘pchilik zamondoshlari kabi ilm talabida ko‘pgina mamlakatlarga safar qilgan.

Manbalarda uning Hijoz mamlakatlariga, xususan, haj ibodatini ado etish maqsadida Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga safar qilganligi, qaytishda Bag‘dod, Marv va shu kabi o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan ilm o‘choqlariga borib ulamolar bilan turli masalalar bo‘yicha ilmiy bahs-munozaralarda ishtirok etganligi qayd etilgan. 

Manbalarda keltirilishicha, alloma fiqh ilmini ustozi Ashraf ibn Muhammad al-Alaviydan olgan. Imom Ashraf al-Alaviy esa fiqh bo‘yicha ta’limni otasi Abu-l-Vazzoh Muhammad al-Alaviydan, u esa otasi Abu Shujo’ al-Alaviydan olgan hamda undan hadis rivoyat qilgan.

As-Sam’oniy “az-Zayl” asarida zikr qilishicha, u haqda Marv qozisi Qozi Muhammad ibn Utba as-Soyig‘iy rivoyat qilgan. Imom Ashraf al-Alaviyning otasi Samarqanddagi Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu madrasasida tahsil olgan. Hijozga safar qilib, Bag‘dodga hoji bo‘lib kelgan va Samarqandga qaytib umrining oxirigacha dars berish va ilmni yoyish bilan shug‘ullangan. 491/1098 yilning shavvol oyida 54 yoshida vafot qilgan va Samarqanddagi mashhur “Chokardiza” qabristoniga dafn etilgan.

Shuningdek, manbalarda allomaning Ali ibn Umar al-Xarrotdan hadis tinglaganligi haqida keltiriladi. 

Alouddin Usmandiy hadis borasidagi ilmlarini “Sadr ash-shahid” laqabi bilan mashhur bo‘lgan Husomiddin Umar ibn Abd al-Aziz ibn Moza al-Buxoriydan o‘rgangan. Alloma ustozining “Shahid” deb nomlanishiga sabab, 536/1141 yil Sulton Sanjar bilan qoraxitoy Gurxon orasida ro‘y bergan “Qatavon” jangida qatnashib, unda Sulton Sanjar mag‘lubiyati tufayli dushman qoraxitoy Gurxon qo‘lidan vafot topadi. Shu sababli, u shahidlik martabasiga erishadi. Ushbu jangda ulamolardan bir jamoasi o‘ldirilgan bo‘lib, aksar olimlar tomonidan ularga “shahid” darajasi berilgan. Hisom ash-shahid, Sadr ash-shahid, Saffor ash-shahid kabilar shular jumlasidandir. 

Alouddin al-Usmandiy qator islomiy ilmlarda, ayniqsa, fiqh, hadis va kalom ilmi, shuningdek, turli mazhablar o‘rtasidagi ixtiloflarni o‘rganadigan maxsus soha hisoblangan ilmu-l-xilof bo‘yicha yetuk olim hisoblangan. U mazkur sohalardagi ilm ahllari orasida bo‘ladigan bahs va munozaralarda o‘zining chuqur bilimi, benazir iqtidori va favqulodda salohiyati bilan ajralib turgan. Shuning uchun ham u ilm ahli orasida “al-Alo al-olam” (“Olamning ustuni”), “al-Alo” (“Ustun”), “al-Alo as-Samarqandiy”, “Alouddin” (“Dinning ustuni”) kabi yuksak laqablar bilan mashhur bo‘lgan. Alouddin Muhammad al-Usmandiy biz avlodlarga ulkan ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan bo‘lib, ularning hammasi arab tilida yozilgan. Quyida allomadan bizgacha yetib kelgan boy ilmiy-ma’naviy meros namunalari haqida qisqacha to‘xtalamiz:

1. “Hasr al-masoil va qasr ad-daloil” (“Muayyan masalalar va qisqa dalillar”). Bu asar Najmuddin Umar Nasafiyning “al-Manzuma fi ilm al-xilof” nomli kitobiga yozilgan sharh bo‘lib, uning uchta qo‘lyozma nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi. Allomaning ushbu asariga ko‘plab sharhlar yozilgan. Imom as-Sug‘diy, Abu-l-Mafoxir Muhammad ibn Mahmud as-Sudaysiy tomonidan yozilgan sharhlar shular jumlasidandir.

2. “Tariqat al-xilof fi al-fiqh bayn al-a’immat al-aslof” (“O’tgan allomalar o‘rtasida fiqh ilmidagi ixtilof yo‘llari”) asarida fiqh ilmida faoliyat ko‘rsatgan ko‘plab olimlarning qarashlari va fikr-mulohazalaridagi ixtiloflarni bayon qilgan. Ushbu qimmatli asar misrlik tadqiqotchi olim Muhammad Zakiy Abdulbarr tomonidan tadqiq etilib, 1990 yilda Qohiradagi “Dor at-turos” matbaasida nashr etilgan. 1992 yilda esa Shayx Ali Muhammad Mu’avvaz va Shayx Odil Ahmad Abdulmavjud kabi olimlar tomonidan tahqiq qilinib, Livan (Bayrut)da “Dor al-kutub al-ilmiyya” matbaasida nashr etilgan.

3. “Bazl an-nazar fi al-usul” (“Fiqh asos-lariga chuqur nazar”). Bu asar ham misrlik tadqiqotchi olim Muhammad Zakiy Abdulbarr tomonidan ilmiy tadqiq etilib, 1992 yilda, avvalgi asar singari, Qohira shahridagi “Dor at-turos” matbaasida chop etilgan.

4. “Olamiy” nomi bilan mashhur “at-Ta’liqa fi al-fiqh” (“Fiqh ilmida izoh”) nomli asari fiqh ilmining furu’ (tarmoqlari) masala-lariga bag‘ishlangan bo‘lib, qator mualliflarning yozishicha, u bir necha jilddan iborat yirik asardir.

5. “al-Amoliy fi at-tafsir” (“Tafsir ilmida imlo qilingan masalalar”) yozma manbalarning dalolat qilishicha, allomaning bu asari Qur’oni karimga bag‘ishlangan tafsir hisoblanadi.

6. “Muxtalaf ar-rivoya” (“Rivoyatlarning turliligi”) bu asar fiqh ilmiga oid asardir. Misrning “Dor al-kutub al-Misriyya” kutubxonasidagi Hanafiy fiqhi bo‘limida 1815-raqamli qo‘lyozmaning 41789-raqam ostida saqlanayotgan mikrofilm nusxasida: “Muxtalaf ar-rivoya” Muhammad ibn Abd al-Hamid ibn Husayn ibn Hasanga tegishli” deb yozilgan. Asarning dastlabki betlari yo‘q. Yana bir boshqa nusxasi esa Misrning “Mustafo Fozil” kutubxonasidagi Hanafiy fiqhi bo‘limida 119-raqamli qo‘lyozmaning 8356-raqamli mikrofilmi saqlanmoqda.

7. Hanafiy mazhabiga oid “al-Mu’tariz va al-muxtalif” asari.

8. Abu-l-Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiyning hanafiy furu’ul fiqhi (fiqh ilmi tarmoqlari)ga doir “Uyun al-masoil” kitobiga sharh.

9. “Al-Favoid al-Aloiyya” asari.

10. Shayx Nuruddin Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad as-Sobuniy al-Hanafiyning “al-Hidoya min usul al-e’tiqod va ilm al-kalom” asariga sharh.

11. “Lubob al-kalom” (“Kalom ilmining javhari”) asari.

12. Nasafiyning “Manzuma”siga sharh. Ushbu asar ilmu-l-xilofga bag‘ishlangan;

13. “Al-Miyzon fi usul al-fiqh” (“Usulu-l-fiqhda mezon”) asari. Asar ummonlik tadqiqotchi olim Doktor Navzat Sodiq Sulaymon tomonidan o‘rganilib, 2009 yilda “Dor Dajla” nashriyoti tomonidan nashr etilgan.

Manbalarda allomaning turli sohalar bo‘yicha yigirmaga yaqin asarlar yozgani qayd etiladi. Hozirda ularning qo‘lyozma va mikrofilm nusxalari dunyoning qator kutubxonalari asosan, Turkiya, Misr va Saudiya Arabistoni qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda.

Allomaning “Lubob al-kalom”, “Tariqat al-xilof bayna al-aslaf”, “Miyzon al-usul fi al-fiqh” va “Bazl an-nazari fi al-fiqh” kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va asosan Turkiya, Misr va Ummon tadqiqotchi olimlari tomonidan o‘rganilib, nashr etilgan.

Alloma o‘zining “Lubob al-kalom” asarida kalom ilmiga oid muhim masalalarning tahlilida, ko‘rinib turganidek, moturidiya aqidaviy mazhabi amal qilgan tamoyillarga tayangan. Bu esa, hozirgi g‘oyalar kurashi avj olgan bir davrda ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy meros xalqimiz, xususan, yoshlarimizga muqaddas dinimizning asl mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda mafkuraviy immunitet hosil qilish, ayniqsa, aqidaviy masalalar haqida bahs yurituvchi kalom ilmining moturidiyya yo‘nalishi qarashlarini bayon qilish, botil da’volarni ilgari surayotgan ayrim oqim va firqalarga g‘oyaviy zarba berishda dasturilamal sifatida muhim omillardan hisoblanadi. 

Muxtasar qilib aytilsa, muallif o‘z g‘oyalari va fikrlarini asarlarida bayon qilishda Qur’oni karim va hadisi shariflarga alohida e’tibor qaratish bilan bir qatorda, mutaqaddim o‘tgan ulug‘ olimlar, xususan, buyuk vatandoshimiz Imom Abu Mansur al-Moturidiy kabi ajdodlarmiz asarlaridan keng va unumli foydalangan. 

Otabek Muhammadiyev,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi direktor o‘rinbosari

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry