28.07.2022
364

ABU MANSUR MOTURIDIY “IRSHOD AL-MUBTADIIYN” ASARINING TAJVID ILMI TARIXIDAGI O‘RNI

O‘rta asrlarda Samarqandda yashab ijod qilgan Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiy (taxm. 257/870–333/944) fanda Qur’oni karimni ilmiy asosda o‘rganib, bu haqda chuqur nazariy xulosalar qilgan va Qur’on ta’vili va tajvidi bobida ham maxsus asarlar yozgan mashhur alloma sanaladi. Uning “Kitob at-tavhid”, «Ta’vilot ahl as-sunna» (yoki “Ta’vilot al-Qur’on”), “Kitob al-maqomot”, “Ma’xaz ash-shar”, “Kitob radd al-usul al-xamsa” (yoki “Kitob al-usul”), “Favoyid” kabi asarlari ilm ahli nazdida katta e’tibor qozongan. Mazkur asarlardan ayrimlari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida ham mavjud. Shu jumladan, “Ta’vilot ahl as-sunna” asardan institut fondida ikki nusxa bor: birinchisi – asarning ikkinchi jildi, o‘n ikkinchi asrda ko‘chirilgan eng qadimgi nusxa; ikkinchisi –asarning unchalik to‘la bo‘lmagan nusxasi.

Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosi keyingi asrlarda qur’oniy ilmlar rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi; ularga bir qancha sharhlar ham yozilgan, tadqiqotlarda olimning ismi yoki asarlari nomi eslatiladi. Chunonchi, XII asrda yashab ijod etgan samarqandlik olim Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy tomonidan yozilgan sharhning o‘n uchinchi asrda ko‘chirilgan qadimiy qo‘lyozmalaridan ikki nusxasi O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi.

Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosida islom dinining qator dolzarb masalalari (Qur’oni karimga sharh, munozarali aqida va tushunchalar, islomdagi ba’zi oqimlar – mu’taziliya, qaromatiyaga munosabat) tahlil qilinganini ko‘ramiz. Movarounnahrda olim yozgan asarlarning qadimgi nusxalari va ularga yozilgan sharhlar ozmi-ko‘pmi borligi, uning ilmiy merosiga e’tibor saqlanganidan darak bersa, ba’zi nusxalarning XIX asrga tegishli ekanligi, uning o‘ziga xos davomiyligini anglatadi.

Hozirgi vaqtda Abu Mansur Moturidiy asarlaridan ba’zilari nashr etilganligi bilan bir qatorda, uning islom madaniyatiga qo‘shgan hissasi haqida qator tadqiqotlar ham yozib chop qilingan. Uning asarlari musulmon Sharqida ham, Yevropada ham o‘rganib kelinmoqda.

Olimning yubileyi o‘tkazilgan 2000 yili O‘zR FA Sharqshunoslik instituti xazinasida Abu Mansur Moturidiyning fors tilidagi Qur’oni karim tajvididan iborat asarining mukammal qo‘lyozmasini topishga muyassar bo‘ldik; bu haqda ilmiy maqolalar ham chop etilib, asar mazmuni haqida ilmiy jamoatchilik e’tiboriga yetkazildi. Mazkur kitob Institut xazinasida 4019/II raqamli majmua tarkibiga kiritilgan (75 b – 112 b varaqlar). Ko‘chirilgan yili qayd etilmagan, biroq qog‘oziga asoslanib XIX asrga tegishli deyish mumkin. Asarning nomi matn boshlanishidan oldin kelgan qisqa ma’lumotnomada «Irshod al-mubtadiiyn fiy tajvidi Kalomi rabb-ul-olamin» («Qur’on o‘qishga kirishganlar uchun qo‘llanma») shaklida qayd etilgan. Undan so‘ng asar muallifining ismi «Jamoliddin Samarqandiy, ya’ni Imom Abu Mansur Moturidiy» deb yozilgan va ma’lumot olingan manba – “Sharhi Qutbiya “ asari ko‘rsatilgan. 

«Sharhi Qutbiya» nomli asar Shotibiy asariga yozilgan sharhlardan biri sanaladi va uning to‘la ismi manbalarda Abu Muhammad Qosim Fira’ Shotibiy (vaf. 590/1194) shaklida berilgan. “Shotibiy” nisbasi uning Andalusiya (Ispaniya)ning Valensiya provinsiyasidagi Albaida (Albayza) daryosi bo‘yida joylashgan Xativa (Shativa) nomli shahardan kelib chiqqanini anglatadi. Shotibiy Qur’oni karim tajvidiga oid arab tilida «Hirz al-amani va vajh at-tahani» nomli nazmiy asar yozgan. Unda Qur’oni karim qiroati tarixida mashhur yettita qorining qiroatlari haqida so‘z boradi. Bu asar islom olamida keng tanilgan bo‘lib, fors tili va boshqa tillarga tarjima qilingan, unga ko‘plab sharhlar ham yozilgan. Shotibiy kitobining sharhlaridan biriga bag‘ishlab yozilgan asarlardan biri “Qutbiyyai sharhi Shotibiyya” deb ataladi. Uning yozilgan yili haqida ma’lumotga ega emasmiz, lekin bitta qo‘lyozmasi 1079 / 1668–1669 yili Peshavarda ko‘chirilgani ma’lum. 

O‘rta Sharqdagi forsiyzabon muhitda, Shotibiy asari bilan birga, Imom Moturidiyning yuqorida qayd etilgan tajvidi ham keng muomalada bo‘lgan. Boshqacha qilib aytganda, Movarounnahrda Qur’oni karimni tajvid qoidalari asosida o‘qish an’anasi ancha ilgari boshlangan, deyish mumkin. 

Abu Mansur Moturidiy o‘zi haqida kitobning boshlang‘ich satrlarida «kamina Samarqandiy» deb eslatib o‘tadi va uning ta’kidlashicha, bir guruh do‘stlari, sen arab tilida ko‘p narsa yozasan, biroq bizlar ul yozilganlardan hammasining ham mazmunini to‘la anglab yetavermaymiz; shu sababdan, bizga fors tilida biror narsa yozib bergil, deb iltimos qiladilar. Muallif mazkur asarni o‘z davrida mavjud adabiyotlardan keng foydalangan holda va ustozi Shamsiddin Muhammad ibn Xolid Junbadiydan eshitgan ba’zi ma’lumotlar asosida yozganini ta’kidlab o‘tadi. Shuni aytish kerakki, Abu Mansur Moturidiy fiqh va kalom sohalarida o‘z davrining taniqli olimlari Abubakr Ahmad Juzjoniy va Abu Nasr Ahmad Ibodiydan ilm o‘rgangani ham manbalarda qayd etilgan.

«Irshod al-mubtadiiyn» o‘n bobdan iborat va ular quyidagi tartibda sanab o‘tilgan:

1-Fotiha surasining tajvidi; 2-harflar ketma-ketligi tartibi; 3-harflar talaffuzida ravm va ishmom holatlari; 4-vuquf; 5-idg‘om va uning xillari; 6-maddlar, ya’ni Qur’onda harflarni cho‘zib o‘qiladigan joylar; 7-maxorij (harflarni to‘g‘ri talaffuz qilish); 8-nuni sokin va tanvin; 9-tahqiq va qiroat haqida; 10-hijoyi mus’haf. Kitobning oxirgi qismida turli suralardan tajvid bobida misollar ham berilgan.

O‘zRFA Sharqshunoslik instituti xazinasida Abu Mansur Moturidiyning tajvidga oid yana bitta forscha asarining qo‘lyozmasi bor. Bu asar 12149 raqamli qo‘lyozma-majmuaning 60a 63a varaqlarida berilgan, XIX asrda ko‘chirilgan; «Ushbu risola shayx Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhning «Fotiha surasi tajvidi kitobidir», degan jumla bilan boshlanadi. Ikkala qo‘lyozma matnini qiyosladik. Ular asosan o‘xshash, lekin bir muncha farqlari ham bor. 12149/IV raqamli qo‘lyozmaning matni 4019/II raqamli qo‘lyozma matniga nisbatan qisqartirilgan. Demak 12149/IV raqamli qo‘lyozmadagi «Fotiha surasi tajvidi» nomli risola Abu Mansur Moturidiy tomonidan yozilgan mustaqil asardir (yoki keyingi ko‘chiruvchi tomonidan qisqartirilgan).

Abu Mansur Moturidiy «Irshod al-mubtadiiyn» asarining yana bir qo‘lyozmasi Tehron universiteti kutubxonasida saqlanadi. Taxminimizcha, mazkur qo‘lyozmaning 1011 (1602) yildagi nusxasidan 1201 (1788) yili ko‘chirilgan. Ikkala qo‘lyozmani qiyoslaganda, Toshkent qo‘lyozmasi matni nisbatan to‘laroq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Tehron qo‘lyozmasida matn ayrim joylarda qisqartirilgan (o‘ninchi bobning Mushaf nusxalariga oid katta qismi berilmagan) va yana ayrim tahririy farqlar ham mavjud (Toshkent qo‘lyozmasi matnida hadislar to‘laroq berilgan). 

Yana bir muhim tomoni, Abu Mansur Moturidiyning ushbu tajvid asari, unda berilgan qoidalarning mukammalligi jihatdan, tajvidga oid boshqa risolalardan ajralib turadi. Bu asar keyingi davr ulamolari ijodiga ham ta’sir ko‘rsatgan va Movarounnahrda undan tajvid sohasida asosiy manbalardan biri sifatida foydalanganlar. Jumladan, Usmon ibn Hofiz Rahmonquli Toliqoniyning 1084 (1674) yili yozilgan va 1115 (1704) yili Hofiz Muhammad Sodiq Buxoriy tomonidan ko‘chirilgan tajvid qoidalariga oid «Xulosat ar-rusum» risolasida foydalanilgan manbalar zikr etilarkan, Mehron, Andaroniy, Saxoviy, Ibn Ammod, Shotibiy, Jazariy, Isfahoniy kabi mashhur tajvidshunoslar qatorida shayx Mansur Moturidiyning «Irshod al-mubtadiiyn» risolasi ham ko‘rsatilgan. Sayid Ali ibn Azizon xoja Mir Husayn Buxoriyning 1107 (1695) yilda yozilgan va 1282 (1865) yili Abdulvahob Abdulmutallib Oxund Shoshiy tomonidan ko‘chirilgan «Qiroat as-sab’atin» risolasida «Bizning mazhabimiz usulini egallagan, bizning Abu Mansur Moturidiy», deb qayd etilgan.

Abu Mansur Moturidiyning «Irshod al-mubtadiiyn» nomli tajvidga oid asarining ilmiy va amaliy ahamiyati hozirgi vaqtda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolgan. Avvalo fan tarixi, aniqrog‘i, yurtimizda Qur’oni karim tajvidi ilmining o‘tgan asrlar davomidagi rivojini o‘rganish bo‘yicha muhimdir. Zero, vatandoshimiz Abu Mansur Moturidiy Movarounnahrda birinchilardan bo‘lib Qur’oni karimni ilmiy asosda o‘rganishga kirishgan, bu haqda chuqur nazariy xulosalar qilgan, xususan Qur’on ta’vili va tajvidi bobida maxsus asarlar yozgan olim sanaladi. 

Umuman olganda, Abu Mansur Moturidiy yashagan davrda Movarounnahrda kalom ilmining rivojlanishi falsafiy-diniy tafakkurning o‘sganligini, nazariy xulosalar qilish imkoni kengayganini, boshqacha qilib aytganda, aholi o‘rtasida umumiy madaniy va ilmiy saviyaning ortganligini anglatadi. Omma orasida Qur’on suralarini tajvid qoidalari asosida o‘qishga ehtiyoj tug‘ilishi ham buning yorqin misolidir.

Abu Mansur Moturidiy ilmiy merosiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlarda, uning qalamiga mansub bo‘lmagan va keyingi asrlarda boshqalar tomonidan unga nisbat berib yozilgan asarlar borligi aytiladi. Chunonchi, Moturidiy ilmiy merosining taniqli tadqiqotchilaridan bo‘lmish Ulrix Rudolf bunday asarlarni Moturidiy nomidan yozilgan soxta asarlar deb nomlagan. O‘zbekistonda Moturidiy ilmiy merosi bo‘yicha bir qancha tadqiqotlar e’lon qilgan va olimning asrlar davomida shuhrati ortib borishi bilan uning nomini o‘zlashtirib olish hollari ko‘payib borganini ta’kidlagan.

Omonullo Bo‘riyev,

Tarix fanlari nomzodi, dotsent

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry