23.05.2022
1240

INDONEZIYAGA ISLOM DINI KIRIB KELISHIDA SAMARQANDLIK OLIMLARNING O’RNI

Janubi-Sharqiy Osiyoning eng ko‘p musulmon aholi yashovchi mamlakatlaridan bo‘lgan Indoneziya rasman respublika maqomidagi dunyoviy davlat sanaladi. Mamlakat aholisining 86.7% musulmonlar (shundan 99% sunniylar 1% shialar), 7.6% protestantlar, 3.12% katoliklar, 1.74% hinduiylar, 0.77% buddaviylar, 0.03 foizini konfutsiylik ta’limotiga amal qiluvchilar va qolgan qismini boshqa e’tiqod vakillari tashkil qiladi.

Hukumat qonunchiligida barcha din vakillarining e’tiqod erkinligi kafolatlanishi aytilsa-da mamlakatda asosan islom dini va beshta konfessiya rasman tan olinadi: protestantlik, rim katolik cherkovi, hinduiylik, buddaviylik va konfutsiylik.

Indoneziyada muntazam o‘tkaziluvchi “Dinlar va tinchlik” konferensiyasi doirasida to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 245 ga yaqin norasmiy diniy konfessiyalar faoliyat yuritadi. Shu munosabat bilan Indoneziya konstitutsion sudining 2017-yildagi qaroriga ko‘ra, har bir fuqaroning diniy mansubligi uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatida aks etishi lozim. Qonunchilikka ko‘ra fuqaro bu qismni bo‘sh qoldirishi ham mumkin. Hukumat agnostiklik yoki ateizimni tan olmaydi, shuningdek, dinlarga qarshi chiqish yoki shakkoklik noqonuniy faoliyat hisoblanadi.

Indoneziya tarixi va davlatchiligi shakllanishida islom dinining beqiyos o‘rni mavjud. Islomning Indoneziyaga kirib kelishi va tarqalishi borasida olimlar turli qarashlarni ilgari suradi. Ba’zilar mamlakatga islom to‘g‘ridan-to‘g‘ri Arabistondan IX asrda kirib kelgan desa, boshqalar sufiy savdogarlar va da’vatchilar tomonidan XII–XIII asrlarda Hindistonning Gujorat o‘lkasidan yoki bevosita Yaqin Sharqdan kirib kelgan degan g‘oyani ilgari suradilar. Islom kirib kelguniga qadar mintaqa aholisi asosan buddaviylik va hinduiylik dinlariga e’tiqod qilgan. Dastlabki davrlarda islomning ushbu mintaqalarda tarqalishi juda sekin kechgan, ko‘pchilik olimlar asosiy yoyilish davri sifatida XIV asr so‘nggi XV asr o‘rtalarigacha bo‘lgan davrni keltiradi.

Ko‘pchilik olimlarda bu holat bo‘yicha qanday qilib bir necha asr davomida tarqalishi qiyin kechgan islom dini 40 – 50 yillik qisqa bir tarixiy davr mobaynida bunday shiddat bilan keng yoyildi, degan o‘rinli savol paydo bo‘lgan. Bunga ta’sir ko‘rsatgan bir qancha omillarni keltirish mumkin. Xususan, Malaka Sultonligi va malay yarimorolidagi boshqa bugungi kundagi islomiy hukumatlarning kuchayishi, shuningdek, savdo-sotiqning rivojlanishi, dengizlar ustidan hukumronlik uchun olib borilgan shiddatli janglar, xorijdan kelgan da’vatchilarning faoliyati ham jarayonga turtki bergan. Mazkur jarayonlar qisqa vaqt ichida mintaqada islom dinining keng miqyosda tarqalishiga sabab bo‘lgan. Soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, XIV-XV asrlarda islom dinining Indoneziya orollarida tezlik bilan yoyilishida asli samarqandlik bo‘lgan olimlarning ham hissasi katta bo‘lgan. Jorj Koyedasning yozishicha Indoneziyada islom dini keng yoyilishiga katta ta’sir ko‘rsatgan Samarqandlik olimlardan biri Mavlono Malik Ibrohim as-Samarqandiydir.

Indoneziya xalqi orasida Shayx Jumadul Kubro yoki Jamoliddin Akbar al-Husayni nomlari bilan tanilgan Mavlono Husain Jumadul Kubroning o‘g‘li ekanligi manbalarda keltiriladi. Jumadul Kubroning shajarasi borasida uni Payg‘ambar Muhammad alayhissalomning nabirasi bo‘lgan Husayn ibn Ali (roziyalloh anhu)ning o‘ninchi avlodi bo‘lgani nisbasi beriladi. Bu ikki olim ham Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalarida islom dini keng tarqilashiga katta hissa qo‘shgan “Vali sanga” deb nomlanuvchi to‘qqiz shayxdan iborat olimlar halqasiga kiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ibrohim Samarqandiy birinchilardan bo‘lib Indoneziyada islom dini ta’limotlarini o‘rgatuvchi diniy madrasa-maktab tashkil qilgani to‘g‘risida manbalarda keltirilgan.

Bugungi kunda ham Indoneziya Respublikasida uning nomi bilan ataluvchi universitet va institutlar faoliyat yuritadi. Tadqiqotchilar asarlarida aytilishicha, dastlab Yava oroliga mavlono Jumadul Kubro o‘zining ikki o‘g‘li Mavlono Ibrohim Samarqandiy va Mavlono Is'hoqlar bilan keladi. So‘ngra ular ajralib turli tomonlarga tarqalib ketadilar. Manbalarga ko‘ra, Jumadul Kubro Yava orolida qoladi, Ibrohim Samarqandiy Champaga (Hozirgi Vetnam hududlari), Mavlono Is'hoq esa Sumatra orolining shimoliy hududi bo‘lgan Pasayga jo‘nab ketadi. Ularning keyingi hayotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar turlichadir. Ba’zilariga ko‘ra, Ibrohim Samarqandiy tabiblik bilan shug‘ullangani, mahalliy dehqonlarga dehqonchilik madaniyatini o‘rgatgani, mahalliy hukumdorlardan birining qizi bilan oila qurib, undan ikki farzand ko‘rib, so‘ngra o‘z oilasini tashlab, Yava oroliga qaytgani to‘g‘risida ma’lumotlar uchraydi. Uni keyinchalik Gresik degan joyda qo‘nim topib umrining so‘ngini shu joyda o‘tkazgani va 1419 yilda vafot etgani aytiladi.

 Hozirgi kunda uning maqbarasi mavjud bo‘lib mahalliy aholi uchun muhim ziyorat maskanlaridan biri sanaladi. Ibrohim Samarqandiy ko‘plab mahalliy aholining islom dinini qabul qilishiga sababchi bo‘lgani manbalarda keltiriladi. Buning asosiy sababi sifatida uning savdogarlik faoliyati natijasida ko‘plab zodagon kishilar bilan tanishgani ulardan islom dinini yoyishda katta yordam olgani keltiriladi. Ibrohim Samarqandiyning ko‘rsatgan karomatlari bugungi kungacha oddiy xalq orasida og‘izdan-og‘izga o‘tib yuradi. Uning karomati zohir avliyo bo‘lganiga ko‘pchilik ishonadi. Uning otasi ham xalq orasida e’zozli shaxs bo‘lib, uning maqbarasi aholi tomonidan muntazam tashrif buyuriladigan ziyorat maskaniga aylantirilgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Indoneziya Respublikasida islom dini, naqshbandiya va kubraviya kabi tasavvuf tariqatlari tarqalishida XIV-XV asrlarda samarqandlik olimlarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Ularning nomlari bugungi kunda ham ulug‘lanadi.

                                                                                                

 Feruz Xolmo‘minov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

 

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Ann R. Kinney; Marijke J. Klokke; Lydia Kieven. Worshiping Siva and Buddha: TheTemple Art of East Java. University of Hawaii Press. 2003. pp. 21–25.

2. Audrey Kahin. Historical Dictionary of Indonesia. Rowman & Littlefield Publishers. 2015.pp. 3–5.

3. George Coedes. The Indianized states of Southeast Asia. University of Hawaii Press. 1968. P. 424.

4. Jan Gonda. Handbook of Oriental Studies. Section 3 Southeast Asia, Religions. BRILL Academic. 1975.

5. Nina Nurmila. Jajat Burhanudin, Kees van Dijk (ed.). Islam in Indonesia: Contrasting Images and Interpretations. Amsterdam University Press. 2013 p. 109.

6. Ummu Akbar. The Interesting Stories of 9 Promoters of Islam in Indonesian. Bandung: Mizan. 2009.

7. Martin van Bruinessen. Traces of Kubrawiyyah influence in early Indonesian Islam. Bijdragen tot de Taal, Landen Volkenkunde. 1994. P.150.

Qo‘shimcha malumot

BUYUK HIDOYAT IMOMI ABU MANSUR MOTURUDIY
Keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy sohada ham katta oʻzgarishlar va islohotlar boʻlyapti. Buni biz soʻnggi besh yil ichida...
ADIB AHMAD YUGNAKIYNING “HIBATU-L-HAQOYIQ” ASARIDA MA’RIFIY QARASHLAR
Jamiyat a’zolarining maqsadlarini ularning intilishlari, ehtiyojlari, bajarayotgan vazifalari va ijti­moiy qadriyatlar belgilab beradi. Bu qadriyatlarning shakllanishi oiladan boshlab, ta’lim va...
IQLISHIYNING “AN-NAJM MIN KALAM SAYYIDI-L-ARAB VA-L-AJAM” ASARI TASNIFI
“Iqlishiy” nisbasi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abbos Ahmad ibn Ma’d ibn Iso ibn Vakilning “an-Najm min kalam sayyidi-l-arab va-l-ajam”nomli asari...

Izoh qoldirish

Izohlar

Мы в соц сетях

Aloqa

Telefon:
E-mail:
Manzil:
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry